Anor tanlaymiz: meva po‘stlog‘i nega yorilib ketadi?

Light 14:40 / 19.10.2017 44747

Kuz mavsumi o‘zi bilan ajoyib kayfiyat, tabiatning rangorang jilvasi hamda mo‘l hosilni olib kelishi hech kimga sir emas. O‘zbek xalqi uchun sevimli bo‘lgan kuz mevalaridan biri - anor haqida nimalar bilasiz? Nega uning mevasi po‘stlog‘idan yorilib ketadi? Uni sotib olishda nimalarga e'tibor qaratish lozim?

Anor tanlashda oddiy qoidaga amal qiling

Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, do‘konda ushlab ko‘rgan anoringiz, po‘stlog‘i yupqa ekanligi holida vazni ko‘rinishidan ko‘ra og‘irroq bo‘lsa, uni hech ikkilanmay sotib olaverish mumkin. Shuningdek, sirti zaxa yemagan bo‘lishini ham nazardan qochirmang. Xalq tilida «Anorning ichida nechta donasi bo‘lsa, u shuncha dardga davodir» degan ibora yuradi. Bu bejiz aytilmagan. Anor mevasi tarkibida 80 foiz suv, 12-15 foiz qand, 19 foiz askorbin kislota, sof holda organik kislotalar – olma, limon, shovil kislotasi mavjud.

Yana shuni bilib olingki, qip-qizil anor ship-shirin anor degani emas. Bu mevaning rangi turlariga ko‘ra turlicha bo‘ladi. Ko‘pchilik anorni sotib olavermasligiga yoki umuman yoqtirmasligiga sabab, uni tozalab yeyish murakkab tuyulgani uchun bo‘lsa kerak. Chunki uni, olmani tishlagan kabi tishlab, yeb ketaverilmaydida. Lekin, asl narsaga erishish oson bo‘lmasligi ham o‘z-o‘zidan tushunarli. 

Mevaning daraxtida pishib yetilishi bilan yorilib ketishiga bog‘bonlar nima deydi?

Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi Bog‘dorchilik ilmi guruhi a'zolarining aytishicha, anor po‘sti yorilib ketishiga bir nechta sabablar mavjud: po‘stloqning yupqaligi, bir tup daraxtda hosilning me'yordan ko‘payib ketishi, ba'zi mikroelementlarning yetishmasligi, ob-havoning keskin o‘zgarishi shular sirasidan.

Eng asosiysi esa daraxt ildizidan suv bosimi kelib mevani yorib yuborishi, ya'ni pishib turgan anorni ko‘p sug‘orib yuborishdir. Buning uchun bog‘bonlar meva sirtini namlab turishni tavsiya etadi.

Anorni qanday iste'mol qilish qulay?

Anorni tozalaganda, pichoqni ehtiyotkorlik bilan ishlatish zarur, yo‘qsa, uning ichidagi donalarning aksari uvol bo‘lib ketishi mumkin. Pichoq bilan anorning uch qismidan, donalari yo‘q joyidan kesib olinadi va pichoqning uchi bilan tepadan pastga qarab bir necha chiziqlar tortiladi (aslo ko‘ndalangiga emas). Keyin esa, o‘sha kesik chiziqlar qo‘l bilan ochiladi.

Endi esa marhamat, undan mevali salatlar tayyorlaysizmi, osh ustidan donalarini sepasizmi yoki piyolada ezib, suvini simirasizmi, ixtiyoringiz, u har qanday shaklda ham faqat va faqat foydalidir!

Ko‘proq yangiliklar: