Zarafshon archalariga bolta urgan kim?

Jamiyat 12:30 / 18.10.2017 17942

Qashqadaryo viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish inspeksiyasi xodimlari Qamashi tumani Qo‘shko‘l qishlog‘i hududida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 20 oktabrdagi qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga rioya etilishi bo‘yicha monitoring-reyd o‘tkazishdi, deb yozmoqda “Huquq” gazetasi.

Tekshirish davomida shu qishloqda yashovchi Abdumurod Ibatov 54 dona noyob Zarafshon archasini o‘zboshimchalik bilan hech qanday ruxsatsiz kesib, qurilayotgan xususiy savdo do‘koni omborxonasi tomini yopishga ishlatayotganligi aniqlandi.

“Qashqadaryo tijorat-savdo” MChJ IUXBda mudir bo‘lib ishlovchi Abdumurod Ibatov bu bilan o‘simlik dunyosiga jami 68 mln. 746 ming so‘m zarar yetkazganligi ma'lum bo‘ldi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qamashi tuman sudida bo‘lib o‘tgan sud majlisida sudlanuvchi A.Ibatov aybiga iqrorlik bildirmasdan ustunlar eski edi, ularning 32 donasini bir necha yil ilgari qishloqdoshim E.Xushvaqtovning molxonasi buzilgan vaqtida chiqqan yog‘ochlar orasidan olganman, deb turib oldi.

Biroq hech qanday bahona-yu, vajlarga o‘rin qolmadi – ekspertlar noyob archa daraxti yangi kesilganini qayd etishdi. O‘zboshimcha do‘kondorning aybi to‘plangan boshqa bir qator dalillar orqali ham o‘z isbotini topdi.

Sud hukmi bilan A.Ibatovga 2 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Amnistiya sharofati bilan u tayinlangan jazodan ozod etildi. Biroq archalar kesilishi oqibatida yetkazilgan zarar undan viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish inspeksiyasi hisobiga undiriladigan bo‘ldi.

Ko‘proq yangiliklar: