Hujjatda bolalar tagliklari, konteynerda esa 2,6 mlrd. so‘mlik televizorlar

Jamiyat 17:39 / 18.10.2017 19794

Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Chuqursoy texnik idora” temir yo‘l chegara bojxona postida Birlashgan Arab Amirliklaridan poytaxtda faoliyat yurituvchi tashkilotlaridan biri nomiga keltirilgan temir yo‘l konteynerida yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlariga ko‘ra qiymati 21 ming AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan, og‘irligi salkam 7,6 tonnani tashkil qiluvchi bolalar tagliklari olib kelingani ma'lum qilingan. Bu haqda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Hujjatlarni sinchiklab ko‘zdan kechirish davomida ularning ayrimlarida ushbu tovarlarning nomi aks ettirilmaganligi, tegishli sana va raqamlari ko‘rsatilmaganligi aniqlandi. Boz ustiga hujjatlarga sinadigan tovarlarga nisbatan qo‘llaniladigan muhrlar bosilgani bojxonachilarda shubha uyg‘otdi. Nahotki, bolalar tagliklari sinadigan tovarlar turkumiga kirsa?

Shundan so‘ng ushbu konteyner mazkur mas'uliyati cheklangan jamiyat vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar xodimlari hamda xolislar ishtirokida bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Avvaliga yuklarni ko‘zdan kechirish davomida mazkur korxona vakili G‘ulom Turdiyev (ism shariflar o‘zgartirilgan) turli bahonalarni ro‘kach qilgan holda, konteynerning ochilishiga to‘sqinlik qilishga urindi. Ammo uning bu urinishlari zoye ketdi.

Ko‘zdan kechirish davomida esa G‘ulom Turdiyevning nima sababdan konteynerni ochishga qarshilik qilgani oydinlashdi. Qarang-ki, konteynerda bolalar tagliklari umuman yo‘q ekan. Ularning o‘rniga esa Janubiya Koreya va Misrda ishlab chiqarilgan 5 xil o‘lchamdagi 661 dona zamonaviy televizorlar ortilganligi aniqlandi.

Baholash bo‘yicha ekspertlarning tegishli xulosasiga ko‘ra, mazkur televizorlarning umumiy bahosi salkam 2 mlrd. 600 mln. so‘mni tashkil qilar ekan.

Agar konteynerdagi yuklar haqiqatdan ham bolalar tagliklari bo‘lganida edi, u holda mazkur mahsulotlarga bojxona to‘lovlari 100 mln. so‘mni tashkil qilar edi. Soxta hujjatlar asosida olib kirishga urinilgan televizorlarga to‘lanishi lozim bo‘lgan bojxona to‘lovlari esa 2,1 mlrd. so‘mni tashkil etdi.

Bundan ko‘rinib turibdiki, qonunbuzar televizor mahsulotlarini hujjatlarda bolalar tagliklari sifatida ko‘rsatish yo‘li bilan 2 mlrd. so‘mga yaqin mablag‘ni davlat byudjyetiga to‘lashdan qochishga uringanligi fosh bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182 moddasi 2 qismi “a” bandiga muvofiq jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Unga ko‘ra, juda ko‘p miqdordagi tovarlarni boshqa nom bilan deklaratsiyalab, O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan o‘tkazish eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ko‘proq yangiliklar: