Toshkentda elektrichka o‘rniga estakada turidagi yer usti metrosi quriladi

O‘zbekiston 08:41 / 18.10.2017 24814

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 maydagi 2979-sonli qaroriga muvofiq, Toshkentda elektrlashtirilgan ikki izli halqa temir yo‘lini qurish loyihasi ishlab chiqilgandi.

"O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ ma'lumotlariga ko‘ra, loyiha doirasida yangi halqa liniyasida elektrichkalar qatnovini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgandi. Biroq elektrichkalar ishlashining texnik va texnologik tavsiflari va ular asosan uzoqroq masofalarga mo‘ljallanganini hisobga olib, estakada turidagi metro qurish maqsadga muvofiq deb topildi.

Dastlabki variantda temir yo‘lning bevosita yer ustidan o‘tishi ko‘zda tutilgandi. Bunday liniya rivojlangan infratuzilmaga ega gavjum hududlardan o‘tadi. Elektrichka qurilishida ko‘plab inshootlarning buzilishidan qochish maqsadida Prezident topshirig‘i hamda bunday qurilish sohasida tajribaga ega xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda, shahar rejasi, mavjud inshootlar, sanoat va ishlab chiqarish korxonalarini maksimal darajada saqlab qolgan holda estakada turidagi yer usti metrosi qurishga qaror qilindi.  

"Boshtransloyiha" AJ tomondan ishlab chiqilgan yangi loyihaga ko‘ra, yer usti metrosi yo‘llarining umumiy uzunligi 52,1 km ni tashkil qiladi. Ular yer osti metrosining mavjud va qurilayotgan liniyalari bilan kesishadi. Qurish muddatlari 4 yil qilib belgilandi va 2017 yildan 2021 yilgacha olib boriladi.

Taxminlarga ko‘ra, metroning yer usti bekatlari soni 35 tani tashkil qiladi. Metro qurilishining dastlabki qiymati 422,3 mln dollar qilib belgilangan.   

Loyihalanayotgan metro Yashnobod, Yakkasaroy, Uchtepa, Shayxontohur, Olmazor, Yunusobod, Chilonzor va Sergeli tumanlari hududlari bo‘ylab o‘tadi.

Shu bilan birga, metroning Yunusobod va Sergeli liniyalarining qurilishi jadal sur'atlar bilan davom etmoqda. 

Metroning Sergeli yo‘nalishi qurilishida 100 dan ko‘proq odam mehnat qilmoqda, ishlar 2 smenada olib borilmoqda, 25 dan ko‘proq zamonaviy texnika qo‘llanmoqda. Loyihaga ko‘ra, ushbu yo‘nalish uzunligi 7,1 km ni tashkil qiladi, unda 6 ta yer usti bekati bo‘ladi.

Yunusobol yo‘nalishining 2-bosqichi qurilishi ham jadal sur'atlar bilan olib borilmoqda. Xususan, metroning Yunusobod va Turkiston stansiyalari o‘rtasida qurilish-montaj ishlari bajarilmoqda, tunnelni qurish ishlari boshlangan. Qurilishda 90 ga yaqin kishi, 18 ta mashina va mexanizm ishtirok etmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: