Senga sabr, olisdagi yurtdoshim!

Jamiyat 12:00 / 18.10.2017 45733

Olislarda rizq tergilash, farzandining yumshoq yuzini o‘pib, kuldirib erkalashdan mosuvo bo‘lish havasdek, senga zimdan tosh otuvchilar ko‘paydi. Seni ishyoqmasdan olib vatangadoga soldilar. Aslida o‘sha sovuq o‘lkada eng og‘ir, eng qora ishlarni qilib ham sabrga oshno bo‘lgan sen eding. Yurti kabi sovuq qiyofalarga mo‘ltirab topgan milliardlaring banklar orqali oqib kelganida, buning ortidan iqtisodning bir kami bitayotganida ham seni maqtaganlar deyarli bo‘lmadi, ammo tanqidchi behad mo‘l bo‘ldi. Go‘yo sen, ha, aynan sen o‘z xohishing bilan sog‘inch va xo‘rlikni tanlagandek...

Sabr senga, musofirim!

Mahalla yo‘qki, Rossiyadan tobut kelmagan bo‘lsa. Buxorolik bir yigit so‘zlab bergandi: «Birinchi marta borganimda, sovuq shunchalar zabtiga olgandiki, o‘z jonini qadriga yetgan odam ishlashi mumkin emasdi. Lekin biznikilar bola-chaqa deb chiqishgan, mahalliy aholi chidamaydigan sovuqqa ular chidashga majburlar. Ana shunday kunlarda qurilishda bir yigit nobud bo‘ldi. Achingan ko‘p, lekin marhumning uyiga xabar berishni, o‘likni risoladagidek qilib jo‘natishni uddalaydigan mard yo‘q. Mayitni yuvib, o‘rab-chirmab jo‘natuvchilarni topa olmadik. Qonga belangan holida jo‘natib bo‘lmasdi. Shunda tavakkal qilib men uni yuvishni zimmamga oldim. Yotog‘imga olib bordik, bir o‘zim bilganimcha yuvdim va ustalar yasagan tobutga joyladim. Keyin negadir shunday ish faqat mening zimmamga tushaverdi. Asta-sekin ko‘nikib ketdim.

G‘alati... Lekin bu ham bir kasb ekanda. Kimdir nobud bo‘lsa, uzoqlardan kelib meni olib ketishar, bir o‘zim o‘likni ortib kelib, yuvib tarab, samolyotga ortishni tashkillashtirardim. Albatta, marhumlarning hamkasblari menga pul yig‘ib berishar, rozi-rizochilik bilan olardim. Necha marta shu ishni qilgan bo‘lsam, shuncha marta yig‘laganman. Birim ikki bo‘lsin deb uyini tark etgan yosh-yosh yigitlarning tobutda qaytishi qanday dahshat?!»

Foto: ribalch.ru

Asakalik bir opamiz hikoyasidan: «Rossiyada yaxshi ishim, yashash joyim bor. Lekin yilda bir marta, erta bahorda yurtimga albatta qaytaman. Sababi qiziq tuyilar – men bodomning gulini ko‘rish uchun kelaman. Albatta, yurt sog‘inchi, qarindoshlar diydori ham bor. Lekin aynan bodomning pushtirang gullarida vatanimni ko‘raman, hayotim davom etayotganini his qilaman, shu aziz tuproqning bir bo‘lagi ekanligimni yana bir bor anglayman. Agar imkonim bo‘lganda musofirchilikda bir kun ham turmasdim...».

Musofir yurtdoshim, sabr senga

Oxirgi yillarda o‘sha davlatlarda portlash bo‘lsa, terrorchi tamg‘asi shartta bosiladigan nishonga aylanib qolganing ham rost. Chunki eng ojizi, eng haqsizi sen eding, endi buni yashirishdan ne naf? Balki ichingda shunday yo‘lga kirganlar ham bordur. Lekin ro‘zg‘orini butlash uchun yo‘lga chiqqan, farzandining kelajagi deb shu yo‘lni tanlagan asl o‘zbekning bu qadar vahshiylik qilishiga aql bovar qilmaydi.

Ammo ana shu tamg‘a ostida behad xo‘rliklarni ichingga yutding. Xizmatdanman deganki bori, seni shilish, tutqunlikka olib ermak qilish payida bo‘ldi. Sen esa yurtingga kelganingda bu uqubatlardan so‘z ochmading. Chunki qaytishing bor, oilangni xavotirga qo‘yishni istamading.

Matonatingga balli, musofir ukam

Foto: Kavpolit

Sening otang, sening bobong bir og‘iz so‘z bilan maydonga chiqqan, vatan deya qon to‘kkan, buyuk g‘alabaga munosib hissa qo‘shgandi. Onang, momolaring urush hududidan keltirilgan millionlab go‘daklarga o‘zlarining g‘aribgina dasturxonidan rizq berishgan, hayotlarini saqlab qolishgandi. Ne ajabki, tinchlik va boylikka yetishgan buyuk og‘alar endi buni unutishdi. Sen ermak bo‘lding! Teringni rangi, tilni ravon bilmasliging, qilayotgan mehnating past nazar bilan qarashga sabab bo‘ldi. Ammo og‘alar bilmaydilarki, bizda tug‘ilib o‘sib, yoshini yashab bo‘layotgan aksariyat millatdoshlari o‘zbekchani gapirish tugul umuman tushunmay o‘tib ketishmoqda. Faqat u o‘lkadan farqli o‘laroq bizda millatchilik yo‘q, tilimizda so‘zlamaslikni ayb hisoblamaymiz. Lekin sen dam millatchilar, dam irqchilar, dam shunchaki bezorilar uchun himoyasiz nishonga aylanib qolding. Seni do‘pposlab xumordan chiqish, yana kamiga tasvirga olib tarqatishni urf qildilar. Nahot yurtingni tashlab ketayotganingda shularni orzulagan bo‘lsang, axir sen ham bu hayotga bir marta kelasanku?!

Senga sabr, musofir og‘am

Foto: ribalch.ru

Hamma jonining huzurini o‘ylab samolyotlarda uchayotganida, sen bir-ikki so‘mni tejash uchun shaloqqina avtobusda haftalab yurishga, har bir nazorat maskanidan yurak hovuchlab o‘tishga ham rozi bo‘lding. Mayliya, ammo bir ahmoq haydovchining kasriga yurtdoshlarimga to‘la avtobus poyezd tagida qolib majaqlanib ketsa, o‘nlab bo‘z yigitlar tirikliklarida o‘zlariga nasib qilmagan samolyotda maxsus reys bilan vatanga olib kelinsa qandoq chiday? Soch turmagini bahona qilib yolg‘iz o‘g‘il, yolg‘iz farzandning qoq yuragiga tig‘ urilganida dodimni kimga aytay?!

Sabr, faqat sabr deyman senga

Foto: Elyor Nematov

Qo‘limdan kelgani shu. Ammo sening tutgan yo‘lingni qoralab va'z o‘qiguvchilarga, alamlaring gazagi ustiga tuzlar sepguvchilarga, nasr qolib, hatto she'rlar bitguvchilarga ozgina javobim bu. Hammalari bilib qo‘ysinlar, bu xo‘rliklarni sen o‘z xohishing bilan izlab topayotganing, havas qilayotganing yo‘q!

Albatta, kunlar keladi, biz ishlagani bormaymiz, bizga ishlagani kelishadi. Vatan taraqqiy topadi, hamma bizga havas qiladi. Oz qoldi bunga. O‘sha kunlarda ham sen bo‘yningni qisib turma, chunki har bir farovon kunda, har to‘kis dasturxonda sening ham hissang bor.

Ungacha senga sabr, musofirim!
Abror Zohidov.

Ko‘proq yangiliklar: