Respublika OTM Axborot-resurs markazlarining yagona bazasi shakllantiriladi

O‘zbekiston 20:02 / 18.10.2017 7729

18 oktabrda O‘zbekiston Milliy Matbuot markazida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. U “Oliy ta'lim muassasalarini yangi o‘quv adabiyotlari bilan ta'minlash: amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi ustuvor vazifalar” mavzusiga bag‘ishlandi. 

Ta'kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil aprel oyida qabul qilingan PQ-2909 sonli qarorida 5 yil muddatda eng yangi pedagogik texnologiyalar va o‘qitish usullaridan keng foydalangan holda ta'lim jarayonini, o‘quv reja va oliy ta'lim dasturlarini yanada takomillashtirish, yangi avlod o‘quv adabiyotlarini yaratish va keng joriy qilish, OTMlarni zamonaviy o‘quv, o‘quv-uslubiy va ilmiy adbiyotlar bilan ta'minlash, eng yangi xorijiy adabiyotlarni xarid qilish va tarjima qilish asosida Axborot-resurs markazlari fondlarini doimiy yangilab borish vazifalari yuklatilgan. 

Matbuot anjumanida ma'lum qilinishicha, yuqoridagi vazifalar ijrosi yuzasidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Rspublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta'lim muassasalarini yangi o‘quv adabiyotlari bilan ta'minlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi tayyorlandi. 

Shu bilan birga OTMlarni eng zamonaviy adabiyotlar bilan ta'minlash maqsadida markazlashgan tartibda 463 nomdagi xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlar keltirilgan. Vazirlik boshqarma boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, bu kitoblar dunyoning ilm-fan rivojlangan ilg‘or mamlakatlari, AQSh, YeI, Yaponiya va Janubiy Koreya hamda boshqa davlatlardan olib kelingan.

Bugungi kunda ushbu kitoblar A.Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga topshirilib, u yerda skan qilinib, raqamli foydalanish uchun kutubxona axborot-resurs markaziga elektron shaklda qo‘yilgan.  

Ma'lum qilinishicha, hozirda OTMlar tomonidan taqdim etilgan va Muvofiqlashtiruvchi kengashda ro‘yxatdan o‘tgan o‘quv adabiyotlari soni 2017 yil 1 oktabr holatiga ko‘ra, 1116 tani tashkil etmoqda. Shundan 698 tasi OTMlar ARMga (axborot-resurs markazi) elektron shaklda joylashtirilgan, 1 dekabrgacha qolgani ham joylashtiriladi. 

Zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda o‘quv jarayonini tashkil etish, o‘quv adabiyotlari, to‘plamlarni yaratish, elektron kutubxona xizmatlarini joriy etish, masofaviy ta'limni tashkil etish masalasini hal qilish ustida ishlar olib borilmoqda. 

Xususan, Muhammad al Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari vazirligi bilan hamkorlikda respublikadagi barcha oliy ta'lim muassasalari huzuridagi Axborot-resurs markazlarini yagona Markazga bog‘laydigan dastur ishlab chiqilmoqda. Buning natijasida OTMlarning ARM bir-biri bilan ulanadi va talabalar, qiziqqan fuqarolar istalgan ARMdan o‘zlariga kerak bo‘lgan ma'lumotni olishlari mumkin bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: