Ostona xorijiy tashuvchilar ustidan nazorat kuchaytirilganini ma'lum qildi

Jahon 11:40 / 18.10.2017 7565

Qozog‘iston investitsiyalar va taraqqiyot bo‘yicha vaziri Jyenis Qosimbekning 17 oktabr kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan brifingda ma'lum qilishicha, mamlakat hududida xorijiy tashuvchilarni nazorat qilish kuchaytirildi.

Vazirning xabar berishicha, «mahalliy tashuvchilarning raqobatbardoshligini ta'minlash uchun shart-sharoitlar yaratish»ga qaratilgan ushbu chora-tadbirlar doirasida bir hafta mobaynida 2,7 mingdan ortiq avtotransport vositasi tekshirildi va 193 ta qonunbuzarlik aniqlandi.

Vazir Qosimbekning xabar qilishicha, ushbu qonunbuzarlikning asosiy qismi Qirg‘iziston tashuvchilari hissasiga to‘g‘ri keladi - 60 foiz (117). Rossiyaliklarda - 20 foiz (38), hamda qolganlarda - 20 foiz (38). Qolganlar ichida boshqa davlatlar, shu jumladan Turkiya, Tojikiston va Turkmanistondan tashuvchilar bor.

Chegara viloyatlariga, shu jumladan, Jambil viloyatiga tekshiruvlar munosabati bilan qo‘shimcha ko‘chma transport nazorati postlari yuborildi. Mahalliy politsiya xizmati, iqtisodiy tergovlar bo‘yicha xizmat va davlat daromadlari organlari bilan transport vositalari ustidan 24 soatlik nazorat ta'minlangan.

Yil boshidan beri, vazirlik ma'lumotlariga ko‘ra, 58 mingdan ziyod xorijiy avtotransport vositasi tekshirildi, 2 538 ta qonunbuzarlik aniqlandi, ularning aksariyati, Qozog‘iston rasmiylariga ko‘ra, Qirg‘iziston tashuvchilariga tegishli.

10 oktabrdan boshlab Qozog‘iston va Qirg‘iziston chegarasida tekshiruvlar kuchaytirildi. Natijada, Qozog‘iston bilan chegarani kesib o‘tuvchi fuqarolar, yuklar va transportning katta navbatlari paydo bo‘ldi.

Ko‘proq yangiliklar: