Yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi va «texpasport» uchun to‘lov stavkalari belgilandi

O‘zbekiston 23:53 / 18.10.2017 155483

Adliya vazirligi tomonidan Ichki ishlar vazirligining avtomototransport vositalari guvohnomalari hamda haydovchilik guvohnomalari uchun to‘lovlar stavkalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, deb yozadi vazirlik rasmiy sayti.

Joriy yilning 1 oktabridan boshlab xalqaro standartlar asosida plastikdan tayyorlangan yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma berilmoqda.

Mazkur guvohnomalarni xalqaro standartlar asosida tayyorlash xarajatlarini inobatga olib, avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnomani berish uchun eng kam ish haqining 70 foizi miqdorida (104 842 so‘m 50 tiyin), shuningdek haydovchilik guvohnomasini berish uchun eng kam ish haqining 70 foizi miqdorida (104 842 so‘m 50 tiyin) to‘lov undirilishi belgilandi.

Yangi namunadagi guvohnomalar maxsus himoya vositalariga hamda ma'lumotlarni bevosita aloqasiz amalga oshirish imkonini beruvchi maxsus elektron belgilariga (NFC Smart-kart) ega bo‘lib, ularda jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSh ShIR), yuridik shaxslar uchun esa soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR) saqlanadi.

Yangi namunadagi haydovchilik guvohnomasi 10 yil muddatga beriladi. Amaldagi haydovchilik guvohnomalarini yangi namunadagi haydovchilik guvohnomalariga almashtirish 2017 yil 1 oktabr — 2018 yil 31 dekabr davrida ixtiyoriy ravishda, 2019 yil 1 yanvar — 2020 yil 31 dekabr davrida — majburiy tartibda amalga oshiriladi. Avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani yangi namunadagi guvohnomaga almashtirish 2017–2020 yillar mobaynida bosqichma-bosqich — avtomototransport vositasini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazishda amalga oshiriladi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasida (www.lex.uz) tanishishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: