Rossiya hukumati prezidentlik saylovlariga tayyorgarlik boshlanganini e'lon qildi

Jahon 09:53 / 17.10.2017 16280

Rossiya hukumati rejalashtirilayotgan prezidentlik sayloviga tayyorgarlik ko‘rish boshlangani rasmiy e'lon qilingan qaror loyihasini ishlab chiqdi va saylov kampaniyasi davomida vazirliklar va idoralarga ko‘rsatmalar berdi. RBK ma'lumotiga ko‘ra, tegishli hujjat «Saylov komissiyalariga prezidentlik saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishda o‘z vakolatlarini amalga oshirishda yordam berish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi nom bilan normativ-huquqiy hujjatlar portalida e'lon qilindi.

Loyiha jami 37 band bor. Tegishli tushuntirish ma'lumotnomasida saylovchilar ro‘yxatini tuzish va aniqlashtirish, saylov uchastkalarini shakllantirish, saylov hujjatlari va boshqa narsalarni taqdim etishda tegishli idoralar, jumladan Ichki ishlar vazirligi, Federal xavfsizlik xizmati, Rosgvardiya, Adliya vazirligi, Federal Soliq xizmati, Energetika vazirligi, Pensiya jamg‘armasi va boshqalarning ko‘mak ko‘rsatish choralari belgilab qo‘yilgan.

Ma'lumotnomada ta'kidlanishicha, hujjat Rossiya Federatsiyasida prezidentlik saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan. «Qaror loyihasi bilan federal ijro hokimiyati organlari, boshqa davlat idoralari va muassasalarning prezidentlik saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha turli darajadagi saylov komissiyalari bilan o‘zaro hamkorlikning yo‘nalishlarini belgilab beruvchi qoidalar o‘rnatildi», - deyiladi hujjatda.

Hujjat saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish jarayonida huquqni muhofaza qilish organlari va maxsus xizmatlar tomonidan jamoat tartibini hamda umumiy xavfsizlikni ta'minlashni belgilab qo‘ydi. Loyihada ko‘rsatilishicha, saylov uchastkalarini qo‘riqlash «beg‘araz asosda» bo‘lishi kerak. Qarorda alohida e'tibor imkoniyati cheklangan shaxslarga, harbiy xizmatchilarga, tergov izolyatorida saqlanayotganlar va boshqalarga ovoz berish huquqi bilan ta'minlash zarurligiga qaratilgan.

Qaror loyihasiga ko‘ra Roskomnadzor, Rosgvardiya, FXX, Adliya vazirligi va Ichki ishlar vazirligi «noqonuniy tashviqot, jumladan, ekstremistik faoliyatni to‘xtatish, yolg‘on hamda noqonuniy saylov kampaniyasi materiallarini tayyorlashga yo‘l qo‘ymaslik, ushbu materiallarning ishlab chiqaruvchilari va tarqatuvchilari, ularga to‘lov manbalarini aniqlash» bo‘yicha ishlar olib boradi.

Shuningdek, tashqi siyosat idorasiga ham ko‘rsatmalar berildi. U saylov komissiyasining iltimosiga binoan, Rossiya prezidenti lavozimiga nomzodlarda chet el fuqaroligining mavjudligi yoki xorijda yashash huquqi to‘g‘risida ma'lumot taqdim etishga majburdir.

Rossiyada prezidentlik saylovi 2018 yil 18 mart kuni bo‘lib o‘tadi. Davlat rahbari lavozimiga nomzodlar 7 dekabrdan 17 dekabrgacha qadar bo‘lgan muddatda o‘zlarining saylovoldi kampaniyalarini boshlaydilar. Fevralda RBK’ning ikki federal manbasi Kreml yaqinlashib kelayotgan saylovlarga Vladimir Putin yangi muddatga o‘z nomzodini qo‘yishini e'tiborga olgan holda tayyorgarlik ko‘rayotganini aytib o‘tishgandi. Yana bir manbaning qayd etishicha, agar 2018 yilda Putin o‘z nomzodini qo‘ysa, u g‘alaba qozonishi mumkin, ammo 70 foizdan ziyod ishtirokni ta'minlash muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: