Prezident asalarichilikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qarorni imzoladi 

O‘zbekiston 16:28 / 17.10.2017 14730

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti 2017 yil 16 oktabr kuni “Respublikamizda asalarichilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Hujjat asalarichilik tarmog‘ini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish, tarmoqda naslchilik ishlarini ilmiy asosda tashkil etish, asalarichilik xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini oshirish, asal mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi va turlarini yanada ko‘paytirish, asalni qayta ishlash bo‘yicha zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, sohaning eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, asalarichilik sohasidagi ilg‘or tajribalarni respublikaning barcha hududlarida tatbiq etish maqsadida imzolandi.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda Aktsiyadorlik-tijorat “Aloqabank”ning “O‘zbekiston asalarichilari” uyushmasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi. 

Quyidagilar Uyushmaning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi: 

asalarichilik tarmog‘ini rivojlantirishga qaratilgan normativ-xuquqiy bazani ishlab chiqishda ishtirok etish; 

asalarichilik tarmog‘ini rivojlantirish dasturlarini amalga oshirishni muvofiqlashtirish, yagona ilmiy-texnika, texnologik, investitsiya va eksport siyosatini amalga oshirishni muvofiqlashtirish; 

mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda asalarichilik xo‘jaliklarini o‘rmon fondi yerlariga, tog‘ va tog‘oldi hududlariga, tabiiy pichanzor va yaylovlarga hamda qishloq xo‘jaligi yerlariga joylashtirishni amalga oshirish; 

asalarilar uchun sun'iy ozuqalar ishlab chiqarishni markazlashgan holda tashkil etishga ko‘maklashish va ushbu tajribani keng qo‘llash hisobiga asalarichilik xo‘jaliklarining ozuqa bazasini mustahkamlash; 

asalari kasalliklarining oldini olish, davolash va tashxis qo‘yish bo‘yicha zamonaviy va ilg‘or usullarni joriy etish ishlariga ko‘maklashish; 

oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi, shu jumladan, xorijiy muassasalarda asalarichilik tarmog‘iga kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlarini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirishda ishtirok etish. 

“O‘zbekiston asalarichilari” uyushmasining tashkiliy tuzilmasi va uning ijro etuvchi apparati boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 27 nafar bo‘lgan tuzilmasi 1 va 2-ilovalarga muvofiq ma'qullandi.

Uyushmani tashkil etish bilan bog‘liq tashkiliy chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish va uning kelgusi faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh tarkibi 3-ilovaga muvofiq tashkil etiladi. 

Ishchi guruh (Z.T.Mirzayev) ikki oy muddatda: 

Uyushmani tashkil qilish bo‘yicha tashkiliy masalalar hal etilishini, uning ustavi tasdiqlanishini va belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini; 

Uyushmaning markaziy apparati yuqori malakali mutaxassislar bilan to‘ldirilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi va AT “Aloqabank” Uyushmaning “Apimondiya” xalqaro asalarichilik uyushmalari federatsiyasiga a'zo bo‘lib kirishi bilan bog‘liq barcha zarur tashkiliy-amaliy tadbirlarni ta'minlaydi.

Belgilab qo‘yilishicha: 

Uyushma raisi va uning o‘rinbosari muassislarning umumiy yig‘ilishi qarori bilan saylanadi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tasdiqlanadi; 

Uyushmaning ijro etuvchi apparati faoliyatini moliyalashtirish Uyushmaga a'zo bo‘lgan tashkilotlarning a'zolik badallari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi; 

Uyushmani tashkil etish hamda uning faoliyati bilan bog‘liq barcha xarajatlar, Uyushmaning “Apimondiya” xalqaro asalarichilik uyushmalari federatsiyasiga a'zo bo‘lib kirish va a'zolik badali to‘lovlari dastlabki uch yil davomida AT “Aloqabank” mablag‘lari hisobidan ta'minlanadi. 

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va AT “Aloqabank” tomonidan ishlab chiqilgan 2017-2021 yillarda asalarichilik tarmog‘ini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlar dasturi 4-ilovaga muvofiq ma'qullandi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq Uyushmaning buyurtmanomasiga asosan asalarichilik xo‘jaliklariga – Uyushma a'zolariga asalari oilalarini asal yig‘ish mavsumi davomida o‘rmon fondi yerlari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar (davlat qo‘riqxonalari, biosfera rezervatining qo‘riqlanadigan zonasidan tashqari), tog‘ va tog‘oldi hududlari, tabiiy pichanzor va yaylovlar hamda qishloq xo‘jaligi yerlari foydalanishga bepul beriladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi Farg‘ona viloyati hokimligi bilan birgalikda ikki oy muddatda 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab asalarichilik tarmog‘i uchun oliy malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha Farg‘ona davlat universitetida zootexnika fakultetini tashkil etish va uning faoliyatini yo‘lga qo‘yish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi. 

AT “Aloqabank”ning mas'uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi lizing kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilandi: 

tijorat banklari krediti va lizing kompaniyasining o‘z mablag‘lari hisobiga asalari uyalari, zarur jihozlar va uskunalar yetkazib berishni tashkil etish va ta'minlash; 

asalarichilik sohasida qo‘llaniladigan inventarlar, uskunalar, maxsus transport vositalari va tirkamalar, shuningdek, asalni qadoqlash bo‘yicha zamonaviy texnologik liniyalarni lizing asosida yetkazib berish. 

2023 yilning 1 yanvarigacha belgilangan tartibda tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha “O‘zbekiston asalarichilari” uyushmasiga a'zo tashkilotlar tomonidan olib kelinadigan naslli materiallar (mahsulot), asalarichilik sohasida qo‘llaniladigan inventarlar va uskunalar, asalari uyalarini tashish uchun maxsus transport vositalari va tirkamalar, asalari kasalliklari va zararkunandalariga qarshi qo‘llaniladigan veterinariya dori vositalari va preparatlar, asalari uyalari ishlab chiqarish uchun yog‘och va zarur materiallar, penopoliuretan, ularga yordamchi uskunalar, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlari, mumparda va mum mahsulotlari bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlaridan tashqari) ozod etiladi.

Toshkent shahar hokimligi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda “O‘zbekiston asalarichilari” uyushmasini joylashtirish uchun ijara haqini “nol” stavkada belgilagan holda zarur bino ajratilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “O‘zbekiston asalarichilari” uyushmasining buyurtmanomalariga binoan asalarichilik tarmog‘ida ishlashga jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirilmasdan ko‘p martalik kirish vizalari berilishini va ularning muddati uzaytirilishini, shuningdek, ularning yashash joyida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazilishini va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazish muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “O‘zbekiston asalarichilari” uyushmasining viza talabnomalariga binoan asalarichilik tarmog‘ida ishlashga jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga kirish vizalarini konsullik va boshqa yig‘imlar undirilmasdan rasmiylashtirishni ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “O‘zbekiston asalarichilari” uyushmasining buyurtmanomalariga binoan belgilangan tartibda asalarichilik tarmog‘ida ishlash uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni (O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari orasida bunday mutaxassislar bo‘lmagan taqdirda) O‘zbekiston Respublikasiga jalb etishga ruxsatnomalar berishni (muddatini uzaytirishni), shuningdek, ko‘rsatib o‘tilgan xorijiy fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi “O‘zbekiston asalarichilari” uyushmasi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi.

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.T.Mirzayev zimmasiga yuklandi.

Ko‘proq yangiliklar: