Muddatli harbiy xizmat o‘tayotganlar oliygohlarga kirishga tayyorlanadi

O‘zbekiston 18:20 / 17.10.2017 25419

Vazirlar Mahkamasining 12.10.2017 yildagi 812-son «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning ma'naviy-ma'rifiy, madaniy saviyasi va bilimlarini muntazam oshirib borish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori e'lon qilindi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.

Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning ma'naviy-ma'rifiy, madaniy saviyasi va bilimlarini oshirish maqsadida Hukumat qator maqsad va vazifalarni belgilab berdi:

•  fan, ta'lim, madaniyat, san'at, sport va boshqa sohalarning taniqli vakillari ishtirokida ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar dasturini ishlab chiqish va ushbu dastur asosini ularning muntazam  o‘tkazilishini ta'minlash;
•  harbiy xizmatchilar oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirishga tayyorgarlik ko‘rishlari uchun jami o‘quv yuklamasi 190 soatdan iborat bo‘lgan mashgulotlar o‘tkazish dasturini (har bir fandan 50 soatdan oshmagan tarzda) ishlab chiqish;
•  har bir harbiy qismda tashkil etiladigan mashg‘ulotlar bo‘yicha 5 ta fandan ko‘p bo‘lmagan fan yo‘nalishlarini aniqlash;
•  har bir harbiy qismga unga yaqin joylashgan ta'lim muassasalarini (barcha darajadagi) biriktirish hamda mazkur ta'lim muassasalaridan mashg‘ulot o‘tkazuvchi o‘qituvchilarni tayinlash;
•  harbiy qism kutubxonalarini ushbu ta'lim muassasalarining axborot-resurs markazlari tarmoqlariga ulanishi va axborot olish imkoniyatidan samarali foydalanishini ta'minlash;
•  aholi punktidan 50 kilometrdan uzoqda joylashgan harbiy qismlar kutubxonalarida elektron bazalar (elektron kutubxonalar)ni tashkil etish.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Xalq ta'limi vazirligiga 2 oy muddatda harbiy xizmatchilarning bilimlarini oshirish va mustahkamlash, mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun harbiy qism kutubxonalarini o‘quv adabiyotlari va elektron shakldagi qo‘llanmalar (audio va videoleksiyalar) bilan ta'minlash choralarini ko‘rish topshirildi.

Harbiy qismlarda mashg‘ulotlar olib borayotgan o‘qituvchilarga muayyan sharoitlar yaratilmoqda:

•  o‘quv yuklamasiga ko‘ra (tegishli ta'lim muassasasining rahbarlari tomonidan belgilanadi, o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan) lavozim maoshining 50% miqdorigacha shaxsiy ustamalar;
•  harbiy qismlar hududiga kelib-ketishi tegishli harbiy qism tomonidan ajratiladigan transport vositalari orqali amalga oshiriladi.

Ammo harbiy qismda hamda aholi punktidan 50 kilometrdan uzoqda joylashgan harbiy qismlarda masofaviy o‘qitish shaklida olib boriladigan mashg‘ulotlar tegishli fanlar bo‘yicha ishlab chiqilgan dasturlar asosida tayyorlangan audio va videoleksiyalar orqali tashkillapggiriladi.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning ma'naviy-ma'rifiy, madaniy saviyasi va bilimlarini muntazam oshirib borish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida joylashgan harbiy qismlarda harbiy xizmatchilarning ma'naviy-ma'rifiy, madaniy saviyasi va bilimlarini muntazam oshirib borish ishlarini tashkillashtirish bo‘yicha ishchi guruhining namunaviy tarkibi aniqlandi.

Hujjat 13.10.2017 yildan kuchga kirdi. 

Ko‘proq yangiliklar: