Moskva viloyatida o‘ldirilgan Doston Adexonov o‘z yurti Farg‘onada dafn etiladi

Jamiyat 10:26 / 17.10.2017 73934

Moskva viloyatida mijoz tomondan o‘ldirilgan 24 yoshli o‘zbekistonlik sartarosh yigit Doston Adexonovning jasadi 17 oktabrda ona yurti Farg‘onaga olib kelinadi. Ma'lumotlarga ko‘ra, yigitning jasadini yurtiga jo‘natish uchun ko‘ngilli tarzda pul yig‘ilgan. 

O‘zga yurtda Dani nomini olgan Doston Moskva viloyatidagi sartaroshxonalardan birida ishlagan. Ta'kidlanishicha, uning oilasi nochor holda yashaydi. U bir yil avval o‘zga yurtga ko‘proq pul topish ilinjida ketgan edi. Oilada yagona farzand bo‘lgan yigit topgan pulining deyarli hammasini ota-onasiga ular Farg‘ona chekkasidagi ikki xonali kvartiralarini ta'mirlay olishlari maqsadida jo‘natgan.

Doston 13 oktabrda bir kun avval unga soch oldirgani kelgan mijoz tomondan kuppa-kunduzi guvohlar ko‘z o‘ngida o‘ldirildi. Qotil Doston olgan soch turmagi unga yoqmagani vaji bilan marhumning yuragiga avvaldan tayyorlab qo‘ygan kabob sihi bilan uch marta zarba bergan. Doston olingan jarohatlardan vafot etgan.

Ta'kidlanishicha, yigitning onasi yakkayu-yagona farzandining o‘lganidan bexabar, unga o‘g‘li jonlantirish bo‘limida ekanligini aytishgan.

Dostonning tanishi Oybekning aytishicha, yigitning onasi yaqinda insultni boshdan kechirgan. Otasi ham kasalmand. "Men ular hayotlaridagi eng qadrli bo‘lgan insonlarini yo‘qotganlaridan keyin qanday yashay olishadi, bilmayman. Men uning otasi bilan o‘tirganimda u o‘g‘lining o‘ldirilishi videosini hali ko‘rmaganini aytdi. Bu so‘zlardan keyin men o‘zimni yomon his qila boshladim", deb aytmoqda Oybek.

Doston o‘zga yurtda o‘z kasbining ustasi ekanligi bilan mijozlar hurmatini qozongan edi. Dostondan minnatdor mijozlar uning jasadini yurtiga jo‘natish uchun pul yig‘ishni yo‘lga qo‘yishdi. Shuningdek, Facebook’da ham marhumning oilasi uchun pul yig‘ish tashkillashtirildi.

"Bu voqeaga befarq bo‘lmagan barchaga pul yig‘ishda ishtirok etishni taklif qilaman. Yigit Al-Xorazmiy ko‘chasidagi Oxunboboyev massivida yashagan. Dostonning otasi ismi Rustam aka. Birodarlar, Dostonning oilasi kam ta'minlangan, shuning uchun sizning har qanday ko‘magingiz kerak! Doston ertaga kechki reys bilan Moskvadan olib kelinadi. Hozircha shu... Mablag‘ yig‘ish bilan Natalya Valerevna shug‘ullanmoqda", deb yozgan foydalanuvchilardan biri ijtimoiy tarmoqda. 

Ma'lum qilinishicha, Dostonni 17 oktabrda kechki vaqt dafn qilish rejalashtirilmoqda.  

Dostonning o‘ldirilishi kuzatuv kameralari tomondan qayd qilingan. Qotil jinoyatni sodir etgan kunning o‘zida viloyatni tark etmoqchi bo‘lganda politsiya tomondan qo‘lga olingan. 

Ko‘proq yangiliklar: