«Barselona»da yo‘qotish, Sevilyadagi «otishma» va Ronalduning qaytishi. La Ligada tur voqealari

Sport 12:18 / 17.10.2017 23619

«Las-Palmas» va «Selta» uchrashuvi bilan Ispaniya chempionatida 8-tur uchrashuvlari yopib berildi. «Tribuna» turning voqealarini eslatib o‘tadi. 

Ispaniya-Kataloniya sulhga erishdi

Kataloniyalik fanatlarning aksar qismi Madridda «Atletiko»ga qarshi kechgan o‘yinni televizor orqali tomosha qilishiga to‘g‘ri keldi. Madrid jamoasi «Barselona»ning faqat 250 nafar muxlisiga chipta sotdi.

Kataloniyadagi referendumdan keyin o‘tkazilgan «Barselona»ning birinchi o‘yini siyosatdan xoli bo‘lmadi - «Vanda Metropolitano» stadionining janubiy tribunasini «Atletiko» muxlislari Ispaniya bayroqlari bilan to‘ldirishdi.

O‘yindan oldin chigalyozdi mashg‘ulotlari vaqtida Kataloniya referendumining otashin tashabbuskori Jyerar Pike to‘pga teginishi bilan stadion uvullay boshladi. Pike esa stadionni tark etishda namoyishkorona tarzda quloqlarini bekitdi. Bu bilan u «Real» futbolkasida «Kamp Nou»da haqoratlarga ko‘milgan Luish Figuni esladi.

Ammo maydonda jang bo‘lmadi - tomonlar durangga kelishishdi. O‘yin boshidayoq Saul uzoqdan bergan zarbasi bilan hisobni ochdi, ikkinchi bo‘lim oxirida unga Luis Suares javob qaytardi - 1:1. Bu o‘rinda Ernesto Valverdening taktik o‘zgartirishlari foyda berganini ko‘rish mumkin, u maydonga tashlagan Serji Roberto qulay tarzda oshirib bergan to‘pni Suares darvoza to‘riga joyladi.

O‘yindagi quyidagi holat ijtimoiy tarmoqlarda kulgiga sabab bo‘ldi. Ushbu suratda «matraschilar» jamoasi futbolchilari jarima zarbasi ijro etayotgan Messi qarshisida.

«Atletiko» yangi stadionida ilk marta g‘alabaga erisha olmadi, «Barselona» ilk marta ochko yo‘qotdi.

Ernesto Valverde o‘z an'analarini davom ettirdi, kataloniyaliklarning yangi murabbiyi ham Simeoneni yenga olmayapti (4 durang, 6 mag‘lubiyat), Simeone esa Ispaniya chempionati doirasidagi o‘yinlarda «Barselona»ni mag‘lub etmagan (4 durang, 8 mag‘lubiyat).

Sevilyadagi muhabbat va nafrat

«Atletiko» va «Barselona» o‘yini tur o‘yini bo‘lishi kutilgandi, ammo bir kun keyin o‘tkazilgan «Betis» va «Valensiya» uchrashuvi bu maqomni o‘ziniki qildi. Bu o‘yinni «Benito Vilyamarin»dagi aqlsizlik» yoki «Sevilyadagi otishma» yoki «Muhabbat va nafrat janggi» deb atash ham mumkin edi. «Ming marta eshitgandan bir marta ko‘rgan yaxshi». Aynan shu naql bu o‘yinga to‘g‘ri keladi.

8-turning eng tomoshabop o‘yinida muxlislar 9ta golga guvoh bo‘lishdi, mezbonlar 5 daqiqada 3 gol urishsada yirik hisobda mag‘lub bo‘lishdi - 3:6.

O‘yinning 79-daqiqasida «Betis» muxlisi televizorni o‘chirish mumkin edi, hisob bu vaqtda 0:4 ko‘rinishiga kelgandi, «Valensiya» ikki bo‘limda ikkitadan gol urib, o‘yinni shu tarzda yakunlab qo‘yishga tayyorlanayotgandi. Ammo shu daqiqada «Betis» uyg‘ondi va gol ketidan gol urishni boshladi. 5 daqiqa o‘tib hisob 3:4 ko‘rinishiga keldi. «Ko‘rshapalaklar» jamoasi murabbiyi Marselino infarkt yoqasida qolgandi, mezbonlar to‘rtinchi golni ham urish uchun keng ko‘lamli hujumga o‘tgandi. Ammo «Valensiya» qarshi hujum uyushtirib qoldi va Simone Dzadza ishonchli harakat qilib, o‘yinni qutqardi - 5:3. Qo‘shimcha daqiqalar o‘tayotgan vaqtda yana bir gol urildi va «Betis» to‘xtatildi.

E'tiborli jihati ushbu o‘yinda urilgan 9 golga 9 futbolchi mualliflik qildi. Bunday hodisa Ispaniya chempionatida ilk bor 1949-50 yilgi mavsumda kuzatilgan. O‘shanda «Espanol» - «Valensiya» (6:4) uchrashuvida 9 futbolchi gol urgandi. O‘tgan mavsumda «Sevilya» - «Espanol» (6:4) uchrashuvida ham xuddi shu holat bo‘lgan. Qayd etish kerakki, «Valensiya» darvozaboni Netu Serxio Leonning penaltidan bergan zarbasini qaytardi va o‘yinda 10 futbolchi nomi tabloga yozilishiga yo‘l qo‘ymadi. La Liga tarixida bir o‘yinda 10 futbolchi tomonidan gol urilishi hodisasi ro‘y bermagan.

Oxirgi marta «Valensiya» safar o‘yinida 6 gol urishi 2003-04 yilgi mavsumda kuzatilgan. O‘shanda Ektor Kuper boshchiligidagi jamoa «Malaga»ni mag‘lub etgan (6:1).

Bu g‘alabadan keyin Marselino shogirdlari chempionatda mag‘lubiyatsiz seriyani davom ettirdi va turnir jadvalida ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi (18 ochko). Kike Setena jamoasi uy uchrashuvlaridagi mag‘lubiyatsiz seriyani to‘xtatdi (3 g‘alaba, 1 durang) va 13 ochkosi bilan to‘qqizinchi o‘ringa tushib ketdi. 

Madrid qiroli qaytdi

Zaynidin Zidanning «Real» boshqaruvidagi yuzinchi o‘yini - Zentario (ispanchada centario - yuz) rekordga aylandi. «Qaymoqranglilar»ning «Xetafe»ga qarshi g‘alabali o‘yini safar o‘yinlaridagi qatorasiga 13-g‘alaba bo‘ldi. Bu orqali Gvardiola davrida, 2009-10 va 2010-11 yilgi mavsumlarda o‘rnatilgan rekordlar yo‘qqa chiqarildi.

133 kun o‘tib, Kardiff finalidan buyon ilk marta Madrid jamoasida Ronaldu va Benzema juftligi harakat qildi. Portugaliyalik futbolchi mavsum boshida 5 o‘yinga diskvalifikatsiya qilingandi, fransiyalik futbolchi esa mavsumning ilk o‘yinlarini va oxirgi turlarni jarohat tufayli o‘tkazib yuborgandi. Benzema «Real» safida «Xetafe»ga qarshi o‘yinlarda omadli o‘ynagan, 12 o‘yinda 7 gol urgan. Madriddan janubdagi hudud jamoasi Ronaldu uchun ham qulay raqib. U ushbu jamoa darvozasini shu vaqtgacha 20 marta ishg‘ol qilgan. Faqat «Sevilya»ga bundan ko‘p gol urgan (23).

Aynan shu ikki futbolchi o‘yin taqdirini hal qildi. Avvaliga Benzema hisobni ochdi. Ronaldu o‘yin oxirida g‘alaba goliga mualliflik qildi. Qayd etish kerakki, bu Ronalduning Ispaniya chempionatining joriy mavsumidagi ilk goli bo‘ldi. U shu vaqtgacha 4 uchrashuvda qatnashgan, 28 marta zarba bergan va bitta ham gol ura olmagandi. Madrid qiroli o‘z jimligini to‘xtatdi va «Barselona» bilan oradagi farq 7tadan 5taga kamaydi.

«Xetafe» mavsumni juda omadsiz o‘tkazmoqda. Jamoa o‘yinlarning oxirgi daqiqalarida gol o‘tkazib yubormoqda. Masalan, o‘yin 90 daqiqa emas, 80 daqiqada tugaganida, Pepe Bordalas jamoasi 4 o‘yinda mag‘lubiyatga uchramas va kamida 4 ochkoga ega bo‘lardi. «Sevilya» bu jamoaga 83-daqiqada g‘alaba golini urgandi, «Barselona» 84-daqiqada, «Deportivo» 87-daqiqada, «Real» esa 85-daqiqada.

«Sevilya» Bilbaoda mag‘lub bo‘lib, ikkinchi o‘rindan tushib ketdi

«Atletik» va «Sevilya» liboslarida qizil rang ko‘p, sariq rang yo‘q. Lekin bu jamoalarning navbatdagi uchrashuvida juda ko‘p sariq kartochka ko‘rsatildi - 11ta (mezbonlarga 6ta, mehmonlarga 5ta). Asosiy ogohlantirishlar o‘yinning oxirgi qismida kuzatildi. «Atletik» jarima maydonchasida tortishuv boshlandi, futbolchilar o‘rtasida ommaviy janjal yuzaga kelishiga bir baxya qoldi. Andalusiyaliklar bu vaqtda mezbonlarni to‘la qamalga olgandi. Buni to‘g‘ri tushunish mumkin, «Sevilya» Bilbaoda qatorasiga sakkizinchi marta 0:1 hisobida yutqazdi. Mezbonlar darvozaboni Kepi Arrisabalagi shu kuni juda ishonchli o‘ynadi va jamoasining 6 uchrashuvdan iborat g‘alabasiz seriyasini to‘xtatdi.

8-turning barcha natijalari
«Espanol» - «Levante» - 0:0
«Atletik» - «Sevilya» - 1:0 (1:0). Gol: Vesga, 43.
«Xetafe» - «Real» - 1:2 (0:1). Gollar: Benzema, 39 (0:1). Xorxe Molina, 56 (1:1). Krishtianu Ronaldu, 85 (1:2).
«Alaves» - «Real Sosedad» - 0:2 (0:0). Gollar: Oyyarsabal, 77 (0:1). Elustondo, 81 (0:2).
«Atletiko» - «Barselona» - 1:1 (1:0). Gollar: Saul, 21 (1:0). L.Suares, 82 (1:1).
«Eybar» - «Deportivo» - 0:0
«Jirona» - «Vilyarreal» - 1:2 (1:2). Gollar: Bakambu, 9 (0:1). Bakambu, 20 (0:2). Stuani, 40 (1:2).
«Malaga» - «Leganes» - 0:2 (0:0). Gollar: Gabriel, 56 (0:1). Shimanovski, 78 (0:2).
«Betis» - «Valensiya» - 3:6 (0:2). Goly: Kondogbya, 35 (0:1). Gonsalu Gedesh, 45 (0:2). Rodrigo, 64 (0:3). Mina, 74 (0:4). Kempbell, 79 (1:4). Sanabriya, 80 (2:4). Telo, 84 (3:4). Dzadza, 88 (3:5). Pereyra, 90+3 (3:6).

Turnir jadvali

Ko‘proq yangiliklar: