Prezident: Hududida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘ygan profilaktika inspektoriga 30 foizlik jarima qo‘llaniladi

O‘zbekiston 12:30 / 16.10.2017 29971

Ichki ishlar vazirligi Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda, bir oy muddatda Xorazm viloyatida “Xavfsiz hudud konsepsiyasi”ni ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritishi zarur. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasidagi nutqida ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, tuman va shahar ichki ishlar bo‘limlari tuzilmasini tanqidiy qayta ko‘rib chiqib, xodimlarning asosiy qismi posyolka va qishloq aholi punktlariga yaqin joylarda faoliyat yuritishini ta'minlash kerak. Bu masala bo‘yicha Prezidentning davlat maslahatchisi O.Murodov Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov) va Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda, bir oy muddatda Urganch shahri va Qo‘shko‘pir tumani ichki ishlar bo‘limlari tuzilmasi hamda shaxsiy tarkibini tubdan qayta ko‘rib chiqib, tajriba tariqasida mavjud xizmatlarning faoliyatini bevosita joylarda tashkil etishga doir takliflar kiritadi.

Shuningdek, har oyda profilaktika inspektorlari va mahalla raislari ko‘chama-ko‘cha yurib, fuqarolar bilan uchrashib, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobot berib borishi kerak. Prezidentning davlat maslahatchisi O.Murodov, Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov), “Mahalla” fondi (Sh.Javlonov) Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda, bir oy muddatda profilaktika inspektorlari va mahalla raislarining hisobot berish tizimini joriy etadi.

Profilaktika inspektorlari bundan buyon ichki ishlar organlarining mahalladagi vakili emas, balki mahallaning ichki ishlar organlaridagi vakili sifatida o‘z ishini tashkil etishi kerak. Ular o‘z hisobotini ana shu tamoyildan kelib chiqqan holda taqdim etishi shart. Bu mutlaqo yangi tizim bo‘lib, uning zamirida chuqur ma'no bor. Profilaktika inspektori avvalambor mahallaning manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yishi lozim. 

“O‘ziga biriktirilgan hududda jinoyat bo‘lmasligini ta'minlayotgan profilaktika inspektori va aksincha – o‘z hududida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘ygan profilaktika inspektori bir xil miqdorda maosh olishi adolatdan emas, deb hisoblayman”, - degan prezident. 

Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov), “Mahalla” fondi (Sh.Javlonov) Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda, bir hafta muddatda o‘z hududida yashaydigan fuqarolar tomonidan jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘ymagan mahalla raisi va profilaktika inspektoriga oylik ish haqining 30 foizi miqdorida mukofot puli berish va, aksincha, jinoyat sodir etishga yo‘l qo‘yilgan taqdirda esa ularga nisbatan oylik maoshining 30 foizi miqdorida jarima qo‘llashni nazarda tutadigan tartibni ishlab chiqish va amalga tatbiq etish vazifasi topshirildi. 

Bundan tashqari, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari A.Ramatov Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov), Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.Shermatov) bilan birgalikda, bir oy muddatda ichki ishlar organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, jamoat joylarida kuzatuv kameralarini o‘rnatish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi topshirildi.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov) Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda 2017 yil 1 dekabrga qadar Xorazm viloyatida ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlariga uy-joylar va avtotransport vositalari topshirish ishlarini yakuniga yetkazadi.

Ko‘proq yangiliklar: