Kataloniya yetakchisi mustaqillikka oid savolga javob bermadi

Jahon 15:01 / 16.10.2017 7422

Kataloniya hukumati rahbari Karles Puchdemon Ispaniya bosh vaziriga yo‘llagan maktubida keyingi ikki oy ichida vaziyatdan chiqish bo‘yicha muloqot boshlashni taklif qildi, biroq Kataloniya o‘tkazilgan referendum yakunlari bo‘yicha Ispaniyadan mustaqil bo‘lganini e'lon qilgani yoki qilmaganiga aniqlik kiritmadi, deb xabar bermoqda Bi-bi-si.

Puchdemon ovoz berish jarayonidan so‘ng muxtoriyatning «millionlab aholisi» Ispaniyadan ajralib chiqish istagida ekanini tan oldi, lekin mustaqillikni e'lon qilmadi.

U mustaqillik to‘g‘risidagi deklaratsiyani shaxsan imzoladi, garchi Kataloniya qonunlari bo‘yicha buni butun parlament qilishi kerak edi, hamda Madrid bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish uchun tantanali e'lon qilish marosimini kechiktirish taklifi bilan chiqdi.

Ispaniya hukumati muzokaralar imkoniyatini rad etdi va Puchdemonga o‘z pozitsiyasini aniqlash uchun besh kunlik muddat berdi. Bu muddat dushanba kuni tugaydi.

Qirollik bosh vaziri Mariano Raxoy Kataloniya hukumati rahbarini agarda u mustaqillikni e'lon qiladigan bo‘lsa, Madrid konstitutsiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqaruvni joriy etish va muxtoriyatni to‘xtatishni nazarda tutgan 155-moddasidan foydalanishi bilan ogohlantirdi.

Puchdemonning Kataloniya parlamentidagi nutqidan so‘ng, Raxoy uni atayin sarosima yaratishda aybladi va aniqlikni qayta tiklash haqida va'da berdi.

Kataloniya hukumatiga ko‘ra, referendumda saylovchilarning 43 foizi, yoki 2,3 millon kishi qatnashdi, ularning 90 foizdan ortig‘i mustaqillikni qo‘llab-quvvatladi. Madrid, shuningdek, Yevropa Ittifoqi bu referendumning noqonuniyligini e'lon qildi.

Ko‘proq yangiliklar: