Imomali Rahmon badavlat arab davlatlariga taklif bilan chiqdi

Jahon 13:10 / 16.10.2017 40762

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon rivojlangan arab davlatlarini islom dunyosidagi rivojlanayotgan mamlakatlarga moliyaviy va iqtisodiy yordam ko‘rsatishga chaqirdi, deb xabar bermoqda Aziya Plyus.

16 oktabr, dushanba kuni Dushanbeda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarboyjon bilan Arab iqtisodiy hamkorlik forumi ikkinchi yig‘ilishining ochilishida chiqish qilgan Imomali Rahmon rivojlangan arab davlatlari hissasi bilan to‘ldirilishi kerak bo‘lgan maxsus jamg‘arma tashkil etishni taklif qildi.

Tojikiston prezidenti g‘oyasiga ko‘ra, yig‘ilgan mablag‘lar, agar kerak bo‘lsa, rivojlanayotgan musulmon mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilishi kerak.

Tojikiston rahbarining eslatishicha, Yevropa va Amerika banklarida badavlat arab mamlakatlarning milliardlab dollari bor. U ushbu mablag‘larning kichik qismini rivojlanayotgan musulmon mamlakatlarga yordam berishga yo‘naltirishga chaqirdi. Ammo, Imomali Rahmonning ta'kidlashicha, «bu yordam beg‘araz bo‘lishi kerak».

Tojikiston rahbarining fikricha, Yaqin Sharq va Afg‘onistondagi qurolli to‘qnashuvlar ayrim mamlakatlar hamda guruhlarning xudbin maqsadlari natijasidir.

«Barchamiz Suriya, Iroq, Afg‘onistonda bugungi kunda sodir bo‘layotgan voqealarga guvohmiz. Tojikiston buni 1990-yillarning boshlarida o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, o‘shanda alohida guruhlar o‘zlarining chet ellik homiylari yordami bilan bu yerda islomiy davlatni yaratmoqchi bo‘lishdi. Natijada, mamlakat besh yil davom etgan fuqarolik urushi girdobida qoldi», - dedi Imomali Rahmon. 

Tojikiston rahbari forum ishtirokchilari e'tiborini Tojikistonning boy resurslariga qaratib, rivojlangan arab davlatlariga ushbu boyliklarni o‘zlashtirish uchun investitsiyalarni yo‘naltirish taklifi bilan chiqdi.

«Arab mamlakatlarining ishbilarmon va investitsiya doiralari rivojlanish bo‘yicha ishonchli sheriklar sifatida yuqorida ko‘rsatilgan imkoniyatlar va imtiyozlardan foydalangan holda, turli sohalarda Tojikistondagi davlat va xususiy kompaniyalari bilan konstruktiv hamkorlik o‘rnatishlari mumkin. Tojikistonning tabiiy boyliklari, noyob tabiati arab investorlari uchun yaxshi daromad manbai bo‘lishi mumkin», - deydi Imomali Rahmon. 

Dushanbeda bo‘lib o‘tayotgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarboyjon bilan Arab iqtisodiy hamkorlik forumi ishida 28 ta mamlakat vakillari tashqi ishlar va iqtisodiyot vazirlari darajasida ishtirok etmoqda.

Bugun tushdan keyin yakunlanadigan tadbir yakunlari bo‘yicha Dushanbe deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: