Foto: Birinchi raqamli bortlar - kim qanday samolyotda uchadi?

Light 10:30 / 16.10.2017 114060

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh assambleyasida ishtirok etish uchun, shuningdek, MDH davlat rahbarlarining Sochidagi sammitida qatnashish uchun rossiyalik oligarx Alisher Usmonovning Airbus A-340-300 samolyotidan foydalandi.

Keyinroq Uzbekistan airways milliy aviakompaniyasi samolyot ijaraga olingani haqida e'lon qildi.

Ma'lumki, O‘zbekiston davlat va hukumat rahbarlariga xizmat ko‘rsatish uchun milliy aviakompaniyamiz aviaparkaida Boeing-767-300, Boeing-757-200, Airbus A-320, Avro RJ-85 kabi samolyotlar xizmat ko‘rsatib kelardi. Ularning ichida eng yirigi UK67000 raqamli Boeing-767-300 samolyoti eng uzog‘i bilan 9700 km masofaga ucha oladi. Toshkentdan Nyu-Yorkkacha havo orqali masofa esa 10 ming 200 kilometrdan ziyod. Ya'ni, Boeing-767-300 samolyotida bunday masofaga parvozni o‘rtada yoqilg‘i quyish uchun qo‘nishsiz amalga oshirib bo‘lmaydi. Alisher Usmonovga tegishli Airbus A-340-300’ning uchish masofasi 13 ming 700 kilometrni tashkil etadi.

Toshkentdan Nyu-Yorkkacha «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasining Boeing-767-300 samolyotlari reyslari Latviya poytaxti Riga shahrida qo‘nib o‘tish orqali amalga oshirib kelinardi. Milliy aviakompaniya 13 ming 600 km masofaga to‘xtovsiz ucha oladigan Boeing-787-8 Dreamliner samolyotlarini xarid qilgach, Nyu-Yorkka to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Boing 767 ham, 787 ham ikki motorli turboreaktiv samolyot hisoblanadi. Umuman, jahondagi yetakchi davlat rahbarlari foydalanadigan samolyotlarga e'tibor bersangiz, ularning aksariyati 4 motorli yoki kamida uzoq masofaga ucha oladigan samolyotlardir. Samolyotning aynan 4 motorli bo‘lishi uzoq parvozlar chog‘ida xavfsizlikni ta'minlash uchun tanlangan. Chunki 2 motorli samolyotda motorlardan biri ishdan chiqsa, samolyotni zudlik bilan qo‘ndirishga to‘g‘ri keladi. 4 motorli samolyotlar esa 3ta motor bilan ham parvozni bemalol davom ettira oladi.

Keling, bahonada jahondagi yetakchi davlatlar rahbarlari qanday rusumdagi samolyotlardan foydalanishini ko‘rib chiqamiz.

 

Rossiya Federatsiyasi

Vladimir Putin uzoq masofalarga uchishda «Rossiya» maxsus parvoz otryadiga tegishli 12 ming kilometrga ucha oladigan 4 motorli Il-96-300PU samolyotidan foydalanadi. Bunday samolyotlardan naq uchtasi prezident xizmatiga shay. Bundan tashqari, otryadda yana Rossiyada ishlab chiqarilgan 8ta turli rusumdagi samolyotlar va 9ta vertolyot bor. Federal byudjyetdan aviaotryadga yiliga 2 milliard rubl ajratiladi.

 

AQSh

Donald Trampning Boing-747 samolyoti (harbiy belgisi VC-25) «Qiyomat kuni samolyoti» deb ataladi va uning ichidan turib parvoz chog‘ida bemalol davlatni boshqarish mumkin. Garchi VC-25 tashqi tomonidan oddiy Boeing 747’dek ko‘rinsada, u uchta qavatdan iborat va umumiy maydoni 370 m², ichki bo‘lmalari prezident ehtiyojlari uchun bo‘lingan. Eng ostki qavat bagaj va oziq-ovqat uchun mo‘ljallangan. Samolyotda 2000ta standart ratsionga mo‘ljallangan muzlatkich kamerali oziq-ovqat ombori bor. Taomlar ikkita oshxonada tayyorlanadi, ular bir vaqtning o‘zida birvarakayiga 100 kishini to‘ydirishi mumkin.

 

Xitoy

Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Jinping xorijiy davlatlarga parvozlar chog‘ida Air China aviakompaniyasining maxsus Boing-747 samolyotidan foydalanadi.

 

Buyuk Britaniya

Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey xonim qirollik harbiy havo kuchlarining Airbus A-330 samolyotidan foydalanadi. Ushbu samolyot Devid Kameron bosh vazirlik vaqtida hukumat ehtiyojlari uchun ajratilgan.

 

Germaniya

Angela Merkelga xizmat ko‘rsatadigan samolyot Airbus A-340 samolyoti 2011 yilning 30 martida Lufthansa aviakompaniyasidan olingan. Ushbu samolyot bungacha 10 yil yo‘lovchilarni tashigan. Bu samolyot avvalgi A-310 dan keyin kanslerning asosiy samolyotiga aylandi va GFRning ilk kansleri Konrad Adenauer nomi bilan atalib, hukumat ehtiyojlariga binoan qayta jihozlangan. Germaniyaning bosh samolyotida 143 yo‘lovchi joyi bor. Garchi o‘lchamlari deyarli teng bo‘lsa-da, bu Donald Tramp foydalanadigan Boeing 747 nikidan ikki barobar ko‘p degani.

 

Fransiya

Fransiya prezidenti Emmanuel Makronga xizmat ko‘rsatuvchi samolyot ham Merkelniki kabi, Airbus A-340 rusumlidir. Samolyot Fransiya harbiy havo kuchlariga tegishli. Bu samolyotdan uzoq masofalarga uchishda foydalaniladi. Yevropa davlatlariga va qisqa masofalarga uchishda Makron  Falcon 7X samolyotidan foydalanadi.

 

Yaponiya

Yaponiyaning an'anaviy madaniyati tabiiylik va oddiylikka asoslangan. Lekin buni hukumat rahbariga xizmat qiluvchi, narxi 300 mln. dollar turuvchi 747-400 ga nisbatan aslo qo‘llab bo‘lmaydi. U barcha jihati bilan qoyil qiladi. Birinchidan, tezligi soatiga 916 km, samolyot qo‘nishlarsiz 12300 km masofaga ucha oladi. Ikkinchidan, samolyot oliy darajali aerodinamik xarakteristikalarga ega. Samolyot birdaniga ikkita ekipaj yordamida boshqariladi.

 

Janubiy Koreya

Ayni paytda hibsdagi Pak Kin-He xonim o‘rniga yangi saylangan Janubiy Koreya prezidenti Mun Je-inga Boeing 747-4B5 samolyoti xizmat ko‘rsatmoqda.

 

Hindiston

Yuqoridagi suratda o‘tgan yili Avstraliyaning Brisben shahrida bo‘lib o‘tgan G20 sammitida qatnashish uchun kelayotgan Hindiston bosh vaziri Narendra Modi mingan samolyot tasvirlangan. Hindiston hukumatiga Air India milliy aviatashuvchisining Boeing 747  India Air Force Once samolyoti xizmat ko‘rsatadi.

 

Turkiya

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni olib yuradigan Airbus A-330-200 Prestige samolyoti VIP-klassdagi samolyotlar sirasiga kiradi. Uni yasash uchun 2,5 yil vaqt ketgan. 2014 yilda AQShdan keltirilgan samolyotning yoqilg‘i quyishsiz maksimal uchish masofasi 15,4 ming kilometrni tashkil etadi. U shuningdek, qo‘shimcha yoqilg‘i baklari bilan ta'minlangan va parvozi yanada uzoqroq bo‘lishi mumkin. Samolyot dizayni shaxsan Erdo‘g‘anning o‘zi (hali bosh vazirlik paytidayoq) tomonidan tasdiqlangan. Samolyot ishchi zona, yotoqxona, konferens-zalga bo‘lingan. Samolyot o‘z aksilraketa mudofaa tizimiga ega. Loyihaning byudjyeti 300 mln. dollar bo‘lgan, biroq u bilan shug‘ullangan Amerika kompaniyasi katta chegirma bergan va samolyotning yakuniy narxi 120 mln. dollarga tushgan.

 

Saudiya Arabistoni

Saudiya Arabistoni qiroli Boeing-747SP samolyotidan foydalaniladi. Odatdagi 747’larga nisbatan biroz kaltaroq bo‘lgan bu samolyot o‘ta uzoq masofalarga tezroq va to‘xtovsiz uchishga mo‘ljallangan. Uning tezligi soatiga 990 km bo‘lib, 12.325 km masofaga uchib bora oladi. Bunday samolyotlar juda kam ishlab chiqarilgan va asosan Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari rahbarlari uchun xarid qilingan. Jumladan, Yaman, Qatar, Bahrayn, Ummon, Suriya davlatlari hukumatiga ham shu tipdagi samolyotlar xizmat ko‘rsatadi.

 

Markaziy Osiyoda-chi?

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevga uzoq masofalarga uchish uchun Airbus A-330 samolyoti xizmat ko‘rsatadi.

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov Boeing-777-200 samolyotidan foydalanadi

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atamboyev xorijiy davlatlarga parvoz qilishda Tu-154 samolyotidan foydalanadi.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonga Somon Air aviakompaniyasining Boeing 737-800 samolyoti xorijiy parvozlarda xizmat ko‘rsatadi.

 

Shuhrat Shokirjonov tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: