Chimkent hokimi xizmat mashinalarini taqiqladi va amaldorlarga avtobusda yurish haqida topshiriq berdi

Jahon 18:00 / 16.10.2017 18685

Chimkent hokimi Habidulla Abdurahimov bir oy davomida o‘zi va qo‘li ostidagi xodimlarga xizmat avtomobillaridan foydalanishga taqiq qo‘ydi, deya xabar berdi Tengrinews.kz.

Buning o‘rniga, jamoat transportidan foydalanish haqida topshiriq berildi, tejab qolingan pullar esa o‘rta va oddiy pog‘onadagi xodimlarni mukofotlashga ishlatiladi. Yig‘ilishda shahar hokimining ta'kidlashicha, shaharda jamoat transporti muammolari bir necha bor ko‘tarilgan, ammo vaziyat o‘zgarmay kelmoqda.

«Demak, biz vaziyatni samarali nazorat qilmayapmiz, shuning uchun biz o‘z yondashuvlarimizni o‘zgartiramiz», - deya ta'kidlab o‘tdi shahar hokimi.

Xizmat transportiga qo‘yilgan taqiq shahar hokimi, uning o‘rinbosarlari, bo‘lim boshliqlari, tumanlar hokimlari, ularning o‘rinbosarlari, shuningdek, kommunal korxonalar va muassasalar rahbarlariga tegishli bo‘ladi. Barcha xizmat transportini shahar hokimligi avtoturargohiga qo‘yish vazifasi topshirildi.

Bundan tashqari, Chimkent hokimi shahar ma'muriyati rahbarlariga bir hafta mobaynida ishga jamoat transportida kelish va ketish vazifasini yukladi. Ular jamoat transporti ishidagi kamchiliklarni shaxsan qayd etishlari kerak. Shahar ma'muriyati rahbarlarining, shuningdek, yo‘lovchilarning shikoyatlari maxsus tashkil etiladigan komissiyaga beriladi. Uning faoliyatlari natijasi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmagan tashuvchi kompaniyalar bilan shartnomalarni bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.

Bundan tashqari, fuqarolarning jamoat transporti sohasidagi kamchiliklar bo‘yicha xabarlari asosida, tashuvchilarning reytingi paydo bo‘ladi: shikoyat qanchalik ko‘p bo‘lsa, reyting ham shuncha past bo‘ladi. Xabar qilinishicha, shaharning barcha avtobuslarida yo‘lovchilar tashish transporti bo‘limi boshlig‘i Kuatjon Jumatayevning fotosuratlari va shahar transporti muammolarini hal qilish bo‘yicha shaxsiy va'dalari osib qo‘yiladi.

Ko‘proq yangiliklar: