Farg‘onalik tadbirkorga bedanachilik rivoji uchun ikki gektar yer kerak

Jamiyat 12:00 / 15.10.2017 24748

Farg‘onalik tadbirkor Alisher Hakimov o‘z tajribasiga tayanib, bedanachilikni yo‘lga qo‘ydi. Hozirgi kunda uning mo‘'jazgina xonadonida salkam ikki ming bosh bedana parvarishlanmoqda.

Bedana boqish va ko‘paytirish ham daromadli soha ekanini bilasizmi? Ancha mahsuldor bo‘lgan bedananing modasidan bir yilda 300-310tagacha tuxum olish mumkin. Ochib chiqqan polaponlarning qariyb 98 foizi yashab ketadi. Juda tez rivojlanadi va kasalliklarga bardoshli. Go‘shti va tuxumining shifobaxsh xususiyatlari sabab ularga talab doim yuqori. Tovuqdan farqli o‘laroq, bedana odatda kechqurun, sokin paytda tuxum qo‘yadi. Tuxum qo‘yishdan to‘xtagan qari modasi vaqtida so‘yilmasa, yosh narlar cho‘qib o‘ldirishi mumkin.

Bu qushlarni parvarishlash uchun alohida bilimga ega bo‘lish kerak. Masalan, xonalar doimo bir xil haroratda, ya'ni 22-28 daraja issiq bo‘lishi lozim. Sohaning o‘ziga xos jihatlarini andijonlik hamkorlaridan o‘rganib qaytgan Alisher aka bu tajribalar faoliyatida qo‘l kelayapti. Ayni paytda bedanalarni yanada ko‘paytirish uchun inkubatsiya tashkil qildi. Maqsad esa aholiga shifobaxsh bedana tuxumi va go‘shtini yetkazib berishdir. 

Hozirgi kunda tadbirkorlar eston va texas bedanasini ko‘paytirish, bedana tuxumi va go‘shtini do‘konlarga, shuningdek, parhez taomlar tayyorlanadigan oshxonalarga yetkazib berishni rejalashtirmoqda. Biroq, faoliyatini kengaytirish uchun unga 2 gektar yer kerak. Bu borada u bir necha marotaba hokimlik vakillariga murojat qilgan. 

Ishbilarmon foyda haqida gapirar ekan, kamtarlik qilgisi kelmadi. Alisher Hakimovning so‘zlariga ko‘ra, parrandani boqishga ketgan xarajat bir necha hissa daromad bilan o‘zini oqlaydi. Ayni paytda 2400ta bedanadan 180ga yaqini tuxumga kirgan, ular har kuni o‘rtacha 100 dona tuxum beradi. 

Bugun bedanachilikning serdaromad soha bo‘lishini ta'minlayotgan jihat ichki bozorda bedana parhez go‘shti hamda tuxumining xaridorgir. Bundan Alisher aka ham yaxshigina xabardor. U 3 yildirki, xonadonida bedana boqish va ko‘paytirish bilan doimiy shug‘ullanib kelmoqda. Izlagan imkon topar, deydi xalqimiz. Hafsala qilgan kishi har qanday yumushning uddasidan chiqishi aniq. Buni bedanachilikni yo‘lga qo‘yib, shu soha ortidan o‘z oilasi farovonligini ta'minlayotgan, qo‘shimcha daromad manbalariga ega bo‘lgan hamda bozorlarimizning to‘kin-sochinligiga hissa qo‘shayotgan yurtdoshimiz misolida yana bir bor ko‘rdik.

Ahror Ziyo, Farg‘ona

Ko‘proq yangiliklar: