Ahmad Shahid: Din ishlarida cheklovlar mavjudligi bolalarga diniy qadriyatlarni ta'lim berishda to‘sqinlik qilmoqda

O‘zbekiston 00:03 / 14.10.2017 20831

12 oktabr kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Din va e'tiqod erkinligi bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi Ahmad Shahid O‘zbekiston Respublikasiga amalga oshirgan tashrifi yakunlanishi munosabati bilan matbuot anjumani o‘tkazdi. Uning safari yakuni bo‘yicha dastlabki xulosasi tashkilot saytiga joylashtirildi.

Hujjatda yozilishicha, O‘zbekistondagi dinlar va e'tiqod erkinliklari (dinlardan erkinlik ham shu jumladan) Respublika Konstitutsiyasining 31-moddasi bilan kafolatlanadi. Ammo, Asosiy qonunning 20-moddasida qayd etilishicha, fuqaro Konstitutsiyada kafolatlangan huquq va erkinliklarinidan foydalanishi davlat va jamiyat, boshqa fuqarolarning manfaatlari, huquq va erkinliklarini buzmasligi kerak. 

Asosiy hujjatning 61-moddasida mamlakat tuzumi dunyoviy davlat ekanini belgilaydi va davlatning din ishlariga aralashmasligini kafolatlash orqali davlat va dinni ajratadi. 57-moddaga muvofiq, diniy partiyalar tashkil etishni ham taqiqlash shu maqsadga xizmat qiladi. 

Jinoyat kodeksida "noqonuniy" (ro‘yxatdan o‘tmagan) va "taqiqlangan" guruhlar tushunchasi ajratilgan. Ikkinchisi bilan "ekstremistlar" nazarda tutilgan. JKning 216-moddasida o‘zgalarni noqonuniy diniy guruhlarga jalb qilish, o‘zgalarni o‘z diniga targ‘ib qilish 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangan. Ayni shu modda rasman e'tirof etilgan diniy idoralar xodimlaridan boshqalarga jamoat joylarida diniy liboslarda yurishni taqiqlaydi. 

Yuqorida qayd etilgan holatlar xalqaro huquq bilan muhofaza qilinadigan inson huquqlari, din yoki e'tiqod erkinligiga nisbatan jiddiy oqibatlarga olib keladi. Ayniqsa bu ibodatlarni xususiy yoki jamoat joylarda bajarish bilan bog‘liq holatlarda, u xoh yakka yoki ko‘pchilik bilan birga bo‘lsin, din ta'limotlariga rioya qilish, amal qilish va ta'lim berish borasida namoyon bo‘ladi. Din ishlarida ayrim cheklovlar mavjudligi bolalarga ota-onalarning diniy qadriyatlarini ta'lim berish huquqini ta'minlashda to‘sqinlik qilmoqda. Konstitutsiyada dunyoviylik qoidasi mustahkamlangan bo‘lsa-da, davlat ko‘p hollarda din va e'tiqod amallarini erkin bajarishga aralashadi. 

Garchi dinlar yoki e'tiqodlar erkinligi xalqaro huquqqa muvofiq, ajralmas huquq hisoblanib, jamoat xavfsizligi, jamoat tartibi, sog‘lig‘i, ma'naviyat va boshqa shaxslarning asosiy huquqlari nuqtai nazaridangina cheklovlarni ko‘zda tutib, zo‘rlik ishlatilmaydigan usullarni qo‘llab-quvvatlasa-da, hukumat tomonidan o‘rnatilgan cheklovlar tartibi, o‘rnatilgan huquqiy asosi, yuritilayotgan siyosati va amaliyoti xalqaro huquq bilan o‘rnatilgan chegaralardan tashqariga chiqadi. Shu bilan har bir insonga tegishli bo‘lgan din yoki e'tiqod erkinligi inson huquqi sifatida qonunchilikda va amaliyotda tan olinmaydi. 

Qonunlar bilan o‘rnatilayotgan haddan ortiq cheklovlar tartibi hukumat vakillari va boshqa davlat idoralari, diniy tashkilotlar va fuqarolik jamiyatlarining ayrim a'zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Ularning ishonch bildirishlaricha, bu siyosat bir necha sabab bilan o‘zini oqlagan. Ilgari surilayotgan dalillar yaqin o‘tmishda davlatchilik duch kelgan terrorizmni ham o‘z ichiga oluvchi diniy ekstremizm, mehnat muhojirlarining o‘zlari borgan joylarda radikal g‘oyalarga sho‘ng‘ishi hamda ushbu siyosat tufayli mamlakatda nisbiy tinchlik va barqarorlik bilan izohlanadi. 

Ahmad Shahidning qayd etishicha, u tashrifi davomida diniy faoliyat bilan bog‘liq qonunbuzarliklarni sodir etgan necha kishi jazo o‘tayotganiga oydinlik kirita olmagan. Biroq, Shahidning uqdirishicha, 17,000 dan ortiq fuqaro profilaktika choralari bo‘yicha nazorat ro‘yxatiga (qora ro‘yxat) kiritilgani jazoni o‘tayotganlar soni ham ko‘pligi ehtimolini ko‘rsatadi. 

Ko‘proq yangiliklar: