Venesuelada Maduroning taniqli kompaniyadan pul olganiga doir ma'lumotlar oshkor qilindi

Jahon 08:53 / 13.10.2017 4329

Venesuela bosh prokurori lavozimidan chetlashtirilgan Luisa Ortega Dias o‘z saytida  Odebrecht qurilish kompaniyasi rahbarining ko‘rsatmalarini e'lon qildi. U mamlakatning hozirgi prezidenti Nikolas Maduroning saylovoldi kampaniyasi avvalida 35 mln dollar olganini aytgan. 

Gap Ugo Chavesning o‘limidan so‘ng bo‘lib o‘tgan 2013 yilgi saylovlar haqida bormoqda. O‘shanda, Chaves izdoshi Maduro murakkab kurashda muxolifatdan siyosiy raqibi Enrike Kaprilesni bir foizdan ko‘proq farq bilan ortda qoldirgan edi. 

Kompaniya rahbari Euzenando Prazeresh di Asevedaning ko‘rsatmalari 2016 yil dekabr oyida, uning Braziliya prokuraturasida rasman so‘roq qilingan vaqtida yozib olingan. 

"Meni Maduroning vakili, o‘zim bir necha yil tanigan venesuelalik Ameriko Mata topib, Maduro kampaniyasiga biznesimidan ko‘mak berishni so‘radi. U 50 mln dollar so‘radi, ammo men 35 mln dollar to‘lashga rozi bo‘ldim", — degan Prazeresh ovozli yozuvda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, buning evaziga Maduro g‘alaba qozongudek bo‘lsa, kompaniyaning Venesueladagi loyihalarini eng ahamiyatli deb baholashda davom etishini so‘ragan. 

"Janob Ameriko menga kafolat berib aytdiki, agar Maduro g‘alaba qozonsa, u Odebrecht loyihalariga ustunlik beradi", — deb qayd etgan Prazeresh. Venesueladagi Odebrecht loyihalari avvalgi davlat rahbari vaqtida boshlangan edi. 

Ko‘proq yangiliklar: