«Vaziyatni o‘zgartirish vaqti keldi». FIFA prezidenti bayonoti

Sport 11:55 / 13.10.2017 12125

FIFA prezidenti Janni Infantino VAR (Video assistant referee - hakamning video yordamchisi) tizimini joriy qilish vaqti kelganini aytdi.

Dunyo futboli rahbari JCh-2018 saralashidan o‘rin olgan Panama - Kosta-Rika (2:1) o‘yinida yuz bergan voqeadan so‘ng, shunday xulosaga kelgan.

Ma'lumki, o‘yinning 52-daqiqasida bosh hakam to‘p darvoza chizig‘ini kesib o‘tmagan bo‘lsa-da, mezboonlar hujumchisi Gabriel Torres golini inobatga olgan edi. Natijada, bu g‘alabadan so‘ng, Panama jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. AQSh esa mundialdan chetda qoldi.

«Hakamning bir xatosi jahon chempionati saralash o‘yini natijasiga ta'sir ko‘rsatsa, bu vaziyatni o‘zgartirish vaqti kelganini anglatadi» - deb Marca nashri Infantino so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda. 

«Xato yuz berishi mumkin, chunki hakamlar ham - oddiy inson.

Bu xatoni dunyo ahli ko‘rdi, ammo faqat bosh hakam payqab qololmadi. Uni ko‘rishni istamagani uchunmas, balki ko‘rish taqiqlangani uchun. Agar bunday xatoni to‘g‘rilash imkoniyati bo‘lsa, u holda zamon bilan hamnafas bo‘lish va oldinga qadam tashlashimiz shart.

Biz VAR tizimini joriy qilishga tayyormiz, ammo yakuniy qaror hali qabul qilinmadi. 

Takroriy videolavha hakamning qarorini tasdiqlaydi yoki xatoga yo‘l qo‘yilsa, uni to‘g‘rilaydi. Ammo, tizimning asosiy maqsadi - yirik xatolarni to‘g‘rilash, o‘yin paytidagi har bir mayda xatoni emas».

Ko‘proq yangiliklar: