Daryo o‘zanlaridan o‘zboshimchalik bilan qum va tosh qazib olishga chek qo‘yiladi

Jamiyat 22:06 / 13.10.2017 26436

Keyingi vaqtlarda daryolar o‘zanlari, ko‘llar, suvni muhofaza qilish zonalari, kanallar, kollektorlar va boshqa suv obektlarini tozalash, shuningdek, ularning qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlarini o‘tkazish ko‘rinishida amalga oshiriladigan qum-shag‘al materiallarini nazoratsiz qazib olish holatlari ko‘paydi, deb yozadi Namangan viloyat hokimligi rasmiy veb-sayti.

Namangan viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining bildirishicha, ushbu faoliyat daryo tublarining yuvilib ketishiga, qirg‘oqlarning o‘pirilishiga sabab bo‘ladi, bu, o‘z navbatida, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishi hamda fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va mulkiga, shuningdek, atrof tabiiy muhitga zarar yetishi uchun shart-sharoit yaratmoqda.

2017 yilning o‘tgan davrida viloyatdagi daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarini noqonuniy amalga oshirish bo‘yicha 58 ta holat aniqlanib, xuquqbuzarlarga nisbatan 9.885.150 (to‘qqiz million sakkiz yuz sakson besh ming bir yuz ellik) so‘m miqdorida ma'muriy jarimalar solinib undirib olindi.

Yuzaga kelgan vaziyatning salbiy oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni ko‘rish, shuningdek, mazkur sohada huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 25 sentabr kuni «Suv obektlarini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3286-sonli qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlarini noqonuniy amalga oshirishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarish nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, transport va gidrotexnika infratuzilmasi obektlarining xavfsiz ishlashini ta'minlash sohasida aniq vazifalar belgilandi.

Xususan, daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlari faqatgina toshqin suvlari va sel oqimlarini o‘tkazib yuborishning imkoniyatsizligi bilan bog‘liq salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi viloyatdagi xo‘jalik yurituvchi va tadbirkorlik sub'yektlari  rahbarlarini yuqoridagi qaror talablariga ko‘ra endilikda daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlashni alohida litsenziya asosida amalga oshirilishini hamda qazilmalarni qazib olish tartibini buzganlik uchun ma'muriy jarima va ma'muriy xuquqbuzarlikni sodir etish quroli bo‘lgan ashyolarni musodara qilishgacha bo‘lgan javobgarlikni kuchaytirilganligi to‘g‘risida ogohlantiradi.

Ko‘proq yangiliklar: