Porsche obuna asosida avtomobillar ijarasini yo‘lga qo‘yadi

Fan-texnika 21:44 / 11.10.2017 4709

Noyabr oyidan boshlab, Porsche kompaniyasining amerikalik mijozlari sportkarlarni yoki SUV (Sport Utility Vehicle — «sport-utilitar avtomobil») larni oyiga $2000 - $3000 obuna evaziga ijaraga olishi mumkin bo‘ladi.

Bunda, abonement egasi kun davomida bir emas, bir nechta avtomobillardan foydalanishi mumkin bo‘ladi - xoh 718 Boxster bo‘lsin, xoh Cayenne E-Hybrid.

Dastlab, obuna xizmati Jorjiya shtatining Atlanta shahrida ishga tushiriladi. Avtomobillardan foydalanish uchun Porsche Passport tizimiga a'zolikni rasmiylashtirish, uni faollashtirish uchun $500 to‘lash va kreditga qobillik tekshiruvidan o‘tish lozim bo‘ladi.

Obunaning oylik to‘lovi avtomobil modellaridan kelib chiqib, $2000 yoki $3000 qilib belgilanadi. Bu to‘lovning ichiga avtomobildan foydalanish narxi, shuningdek soliqlar, ro‘yxatdan o‘tish, sug‘urta, texnik xizmat ko‘rsatish va yuvish xarajatlari ham kiradi.

Mijoz $2000 narx evaziga sportkarlar va SUV'ning 8ta turi, shu jumladan 718 Boxster va 718 Cayman S avtombillaridan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. $3000 to‘lov esa 22ta avtomobildan, shu jumladan, Cayenne E-Hybrid'dan foydalanish imkonini beradi.

Avtomobillarni Android va iOS uchun mo‘ljallangan Porsche Passport ilovasi orqali tanlab olish imkoniyati mavjud bo‘ladi. The Verge xabariga ko‘ra, dastur yordamida, kun davomida avtomobillarning birini ikkinchisiga almashtirish ham mumkin.

Obuna tizimi noyabr oyidan boshlab ishga tushiriladi. Dastlab kompaniya undan sinov tariqasida foydalanadi, agar loyiha muvaffaqiyatli chiqsa, Porsche uni boshqa hududlarda ham yo‘lga qo‘yadi.

Porsche kompaniyasining AQSh bo‘limi rahbari Klaus Tsellmer gapiga ko‘ra, bu xizmat bir vaqtning o‘zida bir qancha sportkarlarni sinab ko‘rmoqchi bo‘lgan mijozlar uchun mo‘ljallangandir.

Sentyabr oyining oxirida Volvo konserni avtomobillar ijarasining obuna tizimini ishga tushirayotganini e'lon qilgan edi. Unda eng arzon tarif 3799 Shvetsiya kronasiga teng bo‘lib, uning ichiga sug‘urta, texnik xizmat, servis xizmati, yoqilg‘i uchun chegirma, shuningdek qo‘shimcha xizmatlar, ya'ni avtombilga tovarlarni yetkazib berish va karshering xarajatlari ham kiritilgandi.

Care by Volvo dasturi xuddi Porsche obuna tizimiga o‘xshab, bir avtomobilni boshqasiga almashtirish imkoniyatini beradi, ammo uning optsiyalari biroz kamroq.

Ko‘proq yangiliklar: