Nihol ekishda xatolikka yo‘l qo‘yilsa oqibati nima bo‘ladi? Xalq ta'limi vazirligiga savollar

O‘zbekiston 20:30 / 11.10.2017 15157

Mustaqillik yillarida ta'lim sohasida yoshlarga zamonaviy bilimlarni berish, ularning intellektual salohiyatini oshirish va jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashiga qaratilgan tub o‘zgarishlar va islohotlar amalga oshirildi. Xususan, umumiy o‘rta ta'lim sifatini tubdan oshirish, intellektual, estetik va jismoniy barkamol avlodni shakllantirishni hamda yoshlarga ta'lim berishni yangi sifat darajasiga ko‘tarish, shu jumladan, chet tillari, informatika hamda matematika, fizika, kimyo, biologiya kabi muhim va talab yuqori bo‘lgan boshqa fanlarni chuqurlashtirib o‘rganish 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining asosiy maqsadlaridan biri sifatida belgilangan.

Biroq bugungi kunda Xalq ta'lim varzirligi va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar, maktablar va maktabgacha ta'lim muassasalarining ayrim xodimlarning olib borayotgan «xizmatlari», davlatimiz tomonidan qabul qilingan qarorlar ijrosini vijdonan va sidqidildan bajarayotganliklarini talab darajasida, deb bo‘lmaydi. Men bu o‘rinda yoshlarga ta'lim va tarbiya berayotgan o‘qituvchi va murabbiylarni emas, Xalq ta'lim vazirligi, uning viloyat va tuman bo‘limlarning ayrim ma'sul xodimlarini nazarda tutmoqdaman. Bunga misol sifatida Toshkent shahrida joylashgan 178-sonli davlat ixtisoslashtirilgan umumta'lim maktabida va uning atrofidagi voqealarni keltirmoqchiman.

Ushbu maktabda 2017 yilning 15–17 avgust kunlari Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 7 avgustdagi 173-sonli qarori asosida ixtisoslashtirilgan 2-sinflar uchun tanlov o‘tkazildi. O‘tkazilgan tanlov natijalari 23 avgust kuni e'lon qilindi. E'lon qilingan natijalardan norozi bo‘lib O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga murojaat qildim. Xalq ta'limi vazirligining Chilonzor tuman bo‘limining 2017 yilning 30 avgustida 02-5/1-749-sonli «o‘g‘lingiz ayrim fanlar chuqur o‘qitiladigan sinfga qabul qilingan», mazmunidagi javob xatini oldim.

2 sentabr kuni maktablarda o‘quv jarayoni boshlangandan so‘ng ushbu javob xati yolg‘on ekanini bildim. Kimga kerak yolg‘on ma'lumot berish?

Shundan so‘ng o‘tkazilgan test natijalarni shaxsan ko‘rish uchun Toshkent shahar xalq ta'lim boshqarmasiga murojaat qildim. Toshkent shahar xalq ta'lim boshqarmasi ma'sul xodimlari mening murojaatimga «siz test natijalari e'lon qilingandan so‘ng 1 kun muddatda murojaat qilishingiz kerak edi», mazmunida javob berishdi. Xalq ta'limi vazirligining aralashuvi yoki Toshkent shahar xalq ta'lim boshqarmasi ma'sul xodimning ta'biri bilan aytganda, «vazirlikning iltimosiga ko‘ra», test natijalari bilan tanishdim.

Jajji murg‘ak qalblar tomonidan test savollariga berilgan javoblar «saxovatli» xodimlar tomonidan noto‘g‘ri tekshirilganiga guvoh bo‘ldim. Lekin meni quvontirgan jihati — bir sinfdan 48 o‘quvchini o‘qitib, shunday natijaga erishgan o‘qituvchidir va unga rahmat aytgim keldi. Ushbu holat yuzasidan izoh so‘raganimda, Toshkent shahar xalq ta'lim boshqarmasining ma'sul xodimi odob-axloqning «eng yuksak» darajasida tushuntirish berganidan hayratga tushdim.

Yuqoridagi holat buyicha Xalq ta'lim vazirligiga qilgan murojaatim vazirlik tizimida murojaatlar bilan ishlash bo‘limi bo‘lmagani sababli rad etildi. Katta bir vazirlikda fuqarolar dardini eshitadigan bo‘linma bo‘lmasligi kishini yana bir bor taajjublantirdi.

Yuqoridagi hikoyani davom ettirsak, juda ko‘p haqiqatlar yuzaga chiqishi aniq. Bugungi kunda OAVda, ijtimoiy tarmoqlar ta'lim tizimning muammo va kamchiliklari keng jamoatchilik tamonidan muhokama qilinayotgani bejizga emas. Sababi — ta'lim tizimida yo‘l qo‘yilgan kichik bir xato keyinchalik jamiyatdagi boshqa bir illatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Bugungi kunda jamiyatimizda mavjud jinoyatchilik, huquqbuzarlik, giyohvandlik, terrorizm kabi illatlarga qarshi kurashish hamda oldini olish uchun birinchi navbatda ta'lim tizimini mukammal darajaga chiqarish lozim.

Dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan biri Yaponiya nima uchun jinoyatchilik, xuquqbuzarlik, giyohvandlik, terrorizm kabi illatlarni uchratish qiyin? Sababi — Yaponiyadagi maktab o‘quvchilari 4-sinfgacha imtihon topshirishmaydi, faqat kichik mustaqil ishlar yozishadi. Ilk uch yilda asosiysi — akademik bilim emas. Boshlang‘ich sinflarda asosiy e'tibor tarbiyaga qaratiladi: bolalar insonlar va jonivorlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, bag‘rikenglik, birovning dardiga sherik bo‘lish, haqiqatparvarlik, o‘z-o‘zini nazorat qilish va tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga o‘rgatiladi.

Yoki Ikkinchi jahon urushida mag‘lubiyatga uchragan, mamlakat iqtisodiyoti tanazzulga uchragan Germaniya qisqa vaqt ichida rivojlangan davlatga aylandi. Nemis pedagoglari iste'dodsiz o‘quvchining o‘zi yo‘q, deb hisoblashadi. Shunga ko‘ra, ular o‘quvchining ochilmagan qirralarini kashf etib, ularni yangilik va ixtirolar ruhida tarbiyalashga intiladi. Pedagoglar birinchi navbatda o‘quvchining, hatto xato bo‘lsa-da, mustaqil fikri bo‘lishiga erishishni maqsad qiladi. Ta'lim jarayoni esa ota-ona va o‘qituvchi o‘rtasidagi uzviy hamkorlikka tayanadi.

Biz kuchli davlat barpo etishimiz uchun, har bir sohani yuksak darajaga olib chiqishimiz uchun ta'limning har qanday ko‘rinishiga jiddiy e'tibor berishimiz, ta'lim olayotgan yosh avlodning va ta'lim berayotgan o‘qituvchilarning fikrlarini inobatga olgan holda o‘zgarishlar qilishimiz lozim. Shu o‘rinda kelajagimiz uchun ma'sul bo‘lgan Xalq ta'limi vazirligiga quyidagi savollar bilan murojaat qilmoqchiman:

1. Agar niholni boshidanoq noto‘g‘ri parvarishlasangiz yoki nihol ekishda xatolikka yo‘l qo‘ysangiz, oqibatda nima bo‘ladi?

2. Ta'lim berishdan maqsad nima?

3. Ta'limda tanish-bilishchilikning oqibati nimalarga olib keladi?

4. Nima uchun Al-Xorazmiy, Forobiy, Ibn Sino va Beruniy kabi buyuk allomalarimizga qay tarzida ta'lim berganliklari o‘rganilmaydi va ularga berilgani kabi ta'lim berilmaydi?

Xulosa o‘rnida shuni aytmoqchiman, ma'rifatparvar olim Abdulla Avloniy bundan yuz yillar avval aytgan «Tarbiya biz uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidir», degan iborasi ayni kunda ham o‘z qimmatini yo‘qotgan emas. Darhaqiqat, dunyoning rivojlangan davlatlar qatoriga kirish uchun yoshlarimizning ta'lim-tarbiyasi muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Obid Isroilov,

mustaqil jurnalist

E-mail: obid-ketmon@mail.ru

Ko‘proq yangiliklar: