Futbol alifbosi: «Raqamlar» nimani anglatadi?

Sport 17:58 / 11.10.2017 17317

Yoshi kattaroq murabbiylarning intervyulariga yoki tahliliy materiallarga e'tibor qaratsangiz, «to‘qqizlik», «oltilik» kabi tushunchalar ham uchrab turadi. Go‘yoki, hozirda shunchaki, futbolchining jamoadagi individualligini anglatadigan bu raqamlar avvallari, ancha keng ma'noni ifodalagan. Futbolchi libosidagi raqamiga qarab turib, uning ampluasi, xususiyatlari va hatto o‘ynash uslubini ham bilib olish mumkin bo‘lgan. 

Futboldagi raqamlar tarixi mana shu jihatdan bugun taktik termin sifatida namoyon bo‘lganki, e'tiboringizga ularning o‘ziga xosliklarini hikoya qilamiz.   

№1

Bu tushunarli. Azaldan bu nomer ostida darvozabonlar harakat qilishgan. Albatta, istisnolar ham uchrab turadi, masalan, 70-80 yillarda Argentina terma jamoasi futbolchilar ismlarining alfavitdagi joylashuviga qarab raqamlab chiqqan. Natijada, Alonso, Ardiles, Almiron kabi yarim himoyachi va hujumchilar jahon chempionatlarida «1» raqamda o‘ynashgan. Shuningdek, gollandiyalik to‘purar hujumchi Ruud Gelsni ham eslash mumkin. Keyinchalik, aniqrog‘i, JCh-2006 dan boshlab, FIFA bu raqamlar faqat darvozabonlarga berilishi lozimligini belgilab qo‘ydi.  

№2 va №3

Qanot himoyachilari.
№2 ostida himoyachilar, asosan o‘ng qanotda harakatlanadiganlar to‘p suradilar. Bu futbolchilar to‘purarlik mahoratlari bilan maqtanmasliklari mumkin, ammo tez-tez hujumga qo‘shilishlari bilan alohida ajralib turadilar.
№3 esa, xuddi shu kabi, faqat ko‘proq chap qanot vakillariga nasib etadi. 
Odatiy qanot himoyachilariga Garri Nevill, Eshli Koul, Patris Evra kabi futbolchilarni misol keltirish mumkin.     

№4 va №5

Bu raqam yurtdoshlarimiz uchun umuman boshqa ampluani anglatsada, dunyo futbolida asosan markaziy himoyachilar yoki ba'zida tayanch yarim himoyachilari tushuniladi.

Beshinchi raqam deganda asosan kurashuvchan, yakkakurashlarda va yuqori qavatlarda kuchli harakat qiladigan himoyachilar nazarda tutilsa, №4 deganda ko‘proq, hujumni boshlashga usta, uzun masofalarga to‘pni yaxshi yetkazib beradigan, himoyani boshqaradigan himoyachilarni esga olamiz. 

№4 lar toifasiga Ronald Kuman, Pep Gvardiola yoki Fernando Yyerroni kiritsak, №5 deganda xayolimizga Karles Puyol va Rio Ferdinand kelishi kerak. Albatta, Zayniddin Zidanning «Real»da 5-raqamda o‘ynaganini unutmaymiz, ammo bu istisno.   

№6

«Oltilik» deganda, asosan ko‘proq markaziy yarim himoyachilarni tushunish lozim. Ammo bugungi tayanch yarim himoyachilari bilan chalkashtirmaslik kerak – avvallari asosan uch himoyachi bilan o‘ynalgani bois, tayanch zonasida ko‘pincha «4» yoki «5»lar harakat qilishgan. «Oltilik»lar esa, bugungi til bilan «box to box» deb ataladi, ya'ni, ikki jarima maydoni o‘rtasida harakat qiladilar.

Hamyurtimiz Odil Ahmedovni garchi boshqa raqamda o‘ynasa-da, mana shu toifaga kiritish mumkin, shuningdek, Yahyo Ture, Luka Modrich, Pol Pogba, Andres Inesta kabi yulduzlarni ham «oltilik»lar sirasiga qo‘shsa bo‘ladi.

№7

Klassikada o‘ng qanot yarim himoyachilari shu raqam ostida to‘p surishgan, ammo 90-yillardan boshlab №7 urfga kirdi. Erik Kantona, Raul, Bekhem, Ronaldu kabi futbolchilar tufayli, jamoalardagi eng yulduz futbolchilar shu raqamga qiziqa boshlashdi. 

Shuning uchun, hozirda «yettilik»ni qandaydir taktik sxemalar ostiga solish mumkin emas, «№7» deganda o‘sha jamoaning eng yaxshi, eng urfga kirgan futbolchilaridan birini tushunish kerakligini bilsangiz bo‘ldi. Uning o‘yin uslubi yoki ampluasidan qat'i nazar... 

№8

«Sakkizlik»lar jamoaning «aql markazi» bo‘ladilar, deyarli har bir hujum ushbu futbolchilar orqali tashkil qilinadi. Hujum tashkil qilish, raqib himoyasini yengishda muhim yechimlarni o‘ylab topish, aksariyat standart vaziyatlarni ijro etish ham aynan «8»larning yelkasidadir. 

Bu raqam ostidagi futbolchining to‘pni nazorat qilish, aniq to‘p uzatishda ustun ekanlarini, bemalol, ko‘rmasdan turib aytavering. Shuningdek, uzoq masofadan ham yaxshi zarba bera oladilar. 

Xavi, Stiven Jyerard, Frenk Lempard, Pol Skoulz kabi futbolchilar eng mashhur «sakkizlik»lardir. 

№9

«To‘qqizlik» - eskirmagan, zamonaviy futbolda ham tez-tez ishlatilib turiladigan tushuncha. Barcha sxemalarda eng oldingi chiziqda harakat qiladigan, golni sezish, to‘psiz holatda himoyachilarni ortda qoldirib, to‘pga va qulay pozitsiyaga ega bo‘lish qobiliyati «to‘qqizliklar»da mujassam bo‘lishi shart. U ayniqsa, bosh bilan o‘ynashda ham kuchli bo‘dlsa, yanada yuqori baholanadi.

Gerd Myuller, Filippo Indzagi, Kristian Veri, Nikolya Anelka kabi futbolchilar bu ampluaga eng yorqin o‘rnak bo‘lishsa, bugungi kundan Levandovski, Lukaku, Moratani misol keltirish mumkin. 

№10

Pele, Maradona, Platini, Zidan, Rivaldo, Messi, Runi, Totti, Badjo... Qisqa qilib aytganda, futbol mana shu toifadagi futbolchilar uchun yaralgandek. Bu raqam ostidagi futbolchining qo‘lidan hamma narsa kelishi kerak – driblinglar, istalgan masofadan darvozaga zarba yo‘llash, kutilmaganda sheriklarini qulay vaziyatga chiqara olish, afsona bo‘lish, sheriklarini oldinga boshlash, jamoada ham, yechinish xonasida ham yetakchi bo‘lish. 

Bir paytlar «Arsenal»da shu raqam ostida o‘ynagan Uilliyam Gallasdan tashqari, barcha «o‘nlik»larda xuddi shu xususiyatlarni axtarib ko‘ring, topasiz.   

№11

Bu raqam ostida ham hujumchilar to‘p suradi. Dide Drogba yoki Zlatan Ibrahimovich kabi mashhur «11»lar bor – ularning yuqorida tilga olingan «to‘qqizliklar»dan farqi shundaki, bu futbolchilar hujumning istalgan nuqtalarida ham paydo bo‘lish, kombinatsiyalar tashkil qilishda qatnashishlari mumkin. Ya'ni, «11»liklar «9»lardan farqli ravishda, texnik tomondan komilroq bo‘lishlari lozim. Bu raqam shuningdek, qanotda to‘p suradigan hujumchilarga ham beriladi. Masalan, Rayan Giggzni esga olish mumkin.  
 
Q.Aslanov

Ko‘proq yangiliklar: