Maroqli suhbatning 10 asosiy qoidasi

Light 21:38 / 10.10.2017 27507

Halollik, fikrni qisqa va lo‘nda ifodalash, shuningdek suhbatdoshni tinglay olish yaxshi muloqot garovidir. "Gaplashib olishimiz kerak" kitobi muallifi, radioboshlovchi, jurnalist Selesta Xudli boshqalar bilan muloqot davomida yordam beruvchi qoidalari bilan bo‘lishdi.

 

1. Chalg‘imang

Bu shunchaki telefon yoki planshetni olib qo‘yish kerakligini bildirmaydi. Hozirgi lahzalardan zavq olishni o‘rganing. Rahbaringiz bilan urushib qolganingiz yoki kechki ovqatga nima tayyorlash borasida bosh qotirmang. Suhbatni tugatmoqchi bo‘lsangiz, shunday qiling, biroq o‘z xayollaringizga berilib, suhbatni davom ettirmang.

Foto: Layfxaker

2. Shaxsiy fikringizni boshqalarga singdirishga urinmang

Agar javob yoki tanqidsiz o‘z nuqtai nazaringizni bayon qilmoqchi bo‘lsangiz, shaxsiy blogingizni yuriting. Muloqotni suhbatdoshdan nimadir o‘rganishga umid qilib boshlash kerak. Teleboshlovchi Bill Nayning aytganidek: "Tanishgan har bir odamingiz siz bilmaydigan biror narsani biladigan bo‘ladi". Suhbatdoshni haqiqatda tinglash uchun shaxsiy qarashlaringizni vaqtinchalik bir chetga surib turishga harakat qiling.

 

3. Batafsil javob talab qiluvchi savollar bering

Savolni "Kim?", "Nima?", "Qayerda?", "Qanday qilib?" va "Nima uchun?" so‘zlaridan boshlang. Aks holda suhbatdoshingiz faqat "ha" yoki "yo‘q" deb javob beradi. Biror voqea yoki hissiyot haqida batafsil ma'lumot so‘rang. Suhbatdoshingiz o‘ylanib qoladi, javob esa qiziqarli bo‘ladi.

 

4. Muloqotning borishini kuzating

Ko‘pincha miyamizga qandaydir fikr keladi va biz bir muddat suhbatdoshni tinglamay qo‘yamiz, o‘zimiz so‘raydigan savol borasida o‘ylanib qolamiz. Ba'zan shunday bo‘ladiki, savolimiz bundan oldin suhbatdoshimiz gapirgan gaplarini takrorlaydi. Shunday bo‘lmasligi uchun turli fikrlarni qo‘yib yuborishni o‘rganing. Ular keladi va ketadi, bunday fikrlarga yopishib olmang.

 

5. Bilmaydigan narsangizni "bilmayman" deng

Radioboshlovchilar o‘zlari yaxshi tushunmaydigan sohada ekspertdek ko‘rinmaslik uchun nutqlarini diqqat bilan nazorat qilishlari kerak bo‘ladi. Shu qoidaga rioya qilishga harakat qiling. Ortiqcha so‘zlardan saqlaning. Yaxshisi oldindan "sug‘urtalangan" ma'qul.

Foto: Layfxaker

6. O‘z tajribangizni suhbatdoshingiz tajribasi bilan taqqoslamang

Agar suhbatdoshingiz yaqin insonini yo‘qotgani haqida so‘zlayotgan bo‘lsa, siz ham buni boshdan kechirganingizni aytmang. Ishdagi muammolari haqida gapirsa, o‘z rahbaringizni yomonlab ketmang.

O‘z tajribangizni boshqa bir inson tajribasiga taqqoslamang, hech qachon bir xil holat bo‘lmaydi. Asosiysi - hozir gap siz haqingizda borayotgani yo‘q. Naqadar ajoyib insonligingizni isbotlashga urinib, e'tiborni o‘zingizga qaratmang.

 

7. Takrorlanmang

Bu juda g‘alati va zerikarli, biroq ko‘pchilik shunday qiladi. Ayniqsa, ishxonadagi suhbatlar chog‘ida yoki bolalar bilan muloqot qilinganda. Biz qandaydir tasavvurni yetkazishga harakat qilamiz, shuning uchun uni qayta-qayta takrorlaymiz. Bunday odatdan xalos bo‘lishga harakat qiling.

 

8. Tafsilotlar borasida chuqurlashmang

Aniq sanalar, ism yo familiyalar va shu kabi boshqa mayda detallar odamlarni u qadar qiziqtirmaydi. Ularga sizning qanday insonligingiz qiziq. Shunday ekan, ortiqcha tafsilotlarga berilmang.

Foto: Layfxaker

9. Tinglang

Bu muloqot uchun eng muhim ko‘nikma. Albatta, gapirish oson va yoqimli. Tinglash uchun esa sa'y-harakat talab qilinadi, energiya sarf qilinadi. Biroq busiz haqiqiy maroqli suhbat qurib bo‘lmaydi.

 

10. Qisqa va lo‘nda gapirishga odatlaning

Bunga izoh berishga hojat ham yo‘q.

Bu qoidalarning barchasi bir narsaga borib qadaladi: odamlarga qiziqish bildiring. Suhbatlashing, tinglang va doim ajablanishga tayyor turing.

Ko‘proq yangiliklar: