Issiqda binolarni sovutadigan bo‘yoq yaratildi

Fan-texnika 16:25 / 10.10.2017 8421

Quyosh nurlari binolar, fazoviy kemalar va sun'iy yo‘ldoshlarni sovutishning arzon uslubiga aylanishi mumkin. Bu holat ularni yorug‘likni filtrdan o‘tkazuvchi bo‘yoq bilan bo‘yalsa yuz beradi. Yangilik Isroilning SolCold firmasi mutaxassislari tomonidan ixtiro qilindi.

Issiq ob-havoda konditsionerlardan foydalanish tufayli elektr energiyasini iste'mol qilish hajmi oshadi hamda bu energotarmoqlar va foydalanuvchilarning hamyoniga jiddiy yuk bo‘lib tushadi. Yaron Shenxav va SolCold firmasidan bo‘lgan uning hamkasblari sovutishning elektr energiyasi talab etilmaydigan muqobil usulini o‘ylab topishdi. «Bu xuddi muz qatlamini tomga qo‘yib qo‘yishdek gap, u qanchalik qalin bo‘lsa, quyosh ham shuncha qattiq qizdiradi», - dedi tadqiqotchi.

Texnologiyaga lazerli sovutish prinsipi asos qilib olindi: yorug‘lik nurining ma'lum bir materiallar bilan o‘zaro harakati haroratni Tselsiy bo‘yicha 150 darajaga tushirishi mumkin, sababi materiallar molekulalari o‘zlari bilan deyarli bir xil bo‘lgan yorug‘lik zarrachalarini singdiradi, hamda ko‘proq energiyaga aylanuvchi yuqori chastotali fotonlarni keltirib chiqaradi. Energiya yo‘qotilishi bilan material harorati ham pasayadi.

Shenxav bu texnologiyani quyosh nuri bilan sinab ko‘rishga qaror qildi. «Binoning issiqligini singdirish va uni nur ko‘rinishida qayta chiqarish mumkin, - deydi u. – Quyosh charaqlab turar ekan, bino sovutilishda davom etadi».

Muammo shundaki, quyosh spektri lazer nuridan ancha kengroq. Shuning uchun olimlar xuddi shu vazifani tarqalgan yorug‘likning bir necha chastotasida bajaruvchi materialni yaratishdi. Ular ikki qatlamdan iborat bo‘lgan bo‘yoqni ixtiro qilishdi. Uning ustki qatlami ba'zi quyosh nurlarini filtrdan o‘tkazsa, ichkisi issiqlikni nurga aylantirib, o‘zini atrofdagidan past haroratga qadar sovutadi.

Material laboratoriya sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tdi. Aniqlanishicha, sovutadigan effekt betondan ko‘ra, metall tomlar hamda shifti past uylarda sezilarliroq. Tajribaning ko‘rsatishicha, binoning so‘nggi qavatidagi xonalarda harorat bo‘yoqning qo‘llanilishi tufayli Tselsiy bo‘yicha 10 darajaga pasaygan. Kompaniya sinovlarni yaqin ikki yil ichida davom ettirish niyatida.

Yangi bo‘yoqning narxi ham ancha yuqori – 100 kv. metr uchun 300 dollar. Bu uni ommaviy ravishda foydalanishga biroz to‘sqinlik yaratadi, biroq yirik sanoat binolari, savdo markazlari yoki stadionlar uchun u qulay yechimga aylanishi hamda energiya iste'molini 60 foizga kamaytirish imkonini berishi mumkin, deb yozmoqda New Scientist. Shuningdek, bo‘yoqni fazoviy apparatlar ichki qismini sovutish uchun ham qo‘llaniladi. 

 

Ko‘proq yangiliklar: