Amazon elektromobilni harakat chog‘ida zaryadlaydigan dronni patentlab oldi

Fan-texnika 19:40 / 10.10.2017 4082

Amazon elektrokarni harakat asnosida zaryadlay oladigan dron uchun patent oldi. Bu qurilma elektromobillarning ommalashishiga to‘g‘anoq bo‘layotgan ikki muammoni hal qiladi — ularning yurish uzoqligi va infratuzilmalarning yo‘qligi, deb yozadi GreenTechMedia.

Patentda tasvirlangan jarayonga ko‘ra, Amazon uchuvchisiz dronlari maxsus serverlar orqali avtomobilning zaryadi darajasini kuzatadi, so‘ngra u tomon uchib borib, uning tomidagi «elektrobak»ka qo‘nib, elektrokarni zaryadlay boshlaydi. Boz ustiga, buning uchun to‘xtashning aslo keragi yo‘q, zaryadlash avtomobil harakati chog‘ida ham davom ettirilaveradi.

G‘oya harbiy aviatsiyadan o‘zlashtirilgan. Bu sohada ko‘p yillardan beri qiruvchi samolyotlarga parvoz chog‘ida osmonning o‘zidayoq havo tankerlari yordamida yoqilg‘i quyish texnologiyasidan foydalanib kelinmoqda.

Patentda texnologiyadan oddiy avtomobillarga ham yoqilg‘i quyishda foydalanish mumkinligi qayd etilgan. Biroq u AQShda allaqachon qurib bitkazilgan 45 mingga yaqin elektr bilan quvvatlantiruvchi stansiyalarni keraksizga aylantirib, aynan elektr transporti sohasida katta sakrashga erishishi mumkin.

Amazon ham sekin-asta avtomobil bozoriga kirib bormoqda. Bir yilcha muqaddam kompaniya Alexa virtual ko‘makchisidan Ford avtomobillarida foydalanish mumkinligini e'lon qilgan edi. Ehtimol, aynan Alexa yordamida Amazon haydovchilarga «quvvatlovchi» dronlar buyurtma qilish imkoniyatini taqdim etishni mo‘ljallayotgandir.

Bir necha oy avval Amazon elektromobillarni 15 daqiqada zaryadlovchi vodorodli yoqilg‘i yacheykalari ishlab chiqaruvchi Plug Power kompaniyasiga sarmoya yotqizgan edi.

AQSh patentlar va mahsulot belgilari boshqarmasiga topshirilgan patent buyurtmasiga ko‘ra, Amazon gapiradigan dronlar yaratishni imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda. Endi esa dron buzilsa yoki qo‘nishga majbur bo‘lsa, u insonlarga o‘zidagi nuqsonni e'lon qiladi va ulardan nariroqqa qochib turish haqida so‘raydi.

Ko‘proq yangiliklar: