Turkmanistonda korrupsiyaga aralashib qolgan amaldorlar ommaviy hibsga olindi

Jahon 12:43 / 07.10.2017 24264

Turkmanistonda payshanba, 5 oktabr kungi hukumatning kengaytirilgan majlisida mamlakat iqtisodiy jinoyatlar bilan kurash Davlat xizmati rahbari Mammetxon Chaqiyev korrupsiyada ayblangan qator amaldorlar hibsga olingani haqida ma'lum qildi. Bu haqda “Xronika Turkmenistana” nashri mamlakat davlat televideniyesiga tayangan holda xabar berdi.

Sanoat vazirligining “Türkmen Demir Önümleri” davlat korxonasi rahbari Mardon Boboyev o‘z qo‘lida ishlaganlardan, xususan, 2012 yilning avgustidan 2017 yilning avgustiga qadar davlat korxonalarini davlat narxi bo‘yicha sotib olib, tijoriy tuzulmalar orqali oshirilgan narxlarda sotib, noqonuniy daromad olib kelgan Davron Allaquliyevdan pora olgan. Tergov natijalariga ko‘ra, Boboyev va Allaquliyev jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ularga tegishli avtoulovlar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Foto: Xronika Turkmenistana

Tekshiruvlar To‘qimachilik sanoati vazirligining qator korxonalarida ham o‘tkazildi. Xususan, Axol viloyati birlashma raisi o‘rinbosari Allanazar Yozberdiyev davlatga katta miqdorda zarar yetkazgani aniqlandi.

Toshhovuz shahar hokimligi huzuridagi “Toshhovuzxizmat” korxonasi rahbari Karimboy Matnazarov o‘z lavozimidan foydalangan holda to‘qimachilik sanoatiga tegishli tayyor mahsulotlarni yetkazib berish uchun shartnomalarni imzolagan hamda firibgarlik yo‘li orqali davlatga juda katta miqdorda zarar yetkazgan, deyiladi xabarda.

Foto: Xronika Turkmenistana

Hozirgi kunda davlatga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. 

Tekshiruvlar, shuningdek, Temir yo‘l vazirligida ham amalga oshirilmoqda. Temir yo‘lining Ashxobod bo‘limi stansiyasi rahbari Tachmurat Qurbonmamedov stansiya hisobiga kelib tushgan xizmatlar uchun to‘lovlar bo‘yicha daromadlarni kamaytirib ko‘rsatgan. Natijada, davlat juda katta zarar ko‘rdi. Qurbonmamedov jinoiy javobgarlikka tortildi. 

Foto: Xronika Turkmenistana

Tekshiruv Madaniyat vazirligida ham bo‘lib o‘tdi. Meri viloyati Murg‘ob tumani madaniyat bo‘limi rahbari Shoturdi Mo‘mayev, bo‘lim xodimlari Shomuhammad Nurmuhammedov va Qochmurod Rajabov hisobotlarda ma'lumotlarni soxtalashtirishgan hamda davlatga katta zarar yetkazishgan. Ularga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Tergov davom etmoqda, deyiladi matnda.

Ko‘proq yangiliklar: