Muhojirlar «qabristoni»dan reportaj

Sport 11:20 / 05.10.2017 43933
Foto: Getty

Sizning ismingiz Simon, Bangladeshning kichik qishloqlaridan birida yashaysiz. Bir kuni oldingizga yoshlikdan sizga yaxshi tanish bo‘lgan bir odam keladi va chet eldan ish taklif qiladi. Uning aytishicha, siz avvaldan ancha iqtidorli va qobiliyatli bo‘lgansiz, u sizni biladi va yangi tashkil qilayotgan kantselyariya ishida sizdan umid qilmoqda. U barcha masalalarda sizga tirgak bo‘ladi: barcha hujjatlarni rasmiylashtirish, pasport va tibbiy ko‘rik, transport bo‘yicha muammolarni hal qilish, hatto agar sizga kredit kerak bo‘lsa, u yerda ham qarashib yuborishga tayyorligini aytadi. Taklif qilinayotgan maosh – 400 dollar – bu siz shu paytgacha hayotingizda ko‘rgan pullardan ham ko‘p. 

Albatta, siz ahmoq emassiz, bunday voqealarni ko‘p eshitgansiz. Lekin u eski do‘stingiz. Bolalaringiz birga maktabga boradi. O‘zi mahalliy hokimiyatda yaxshi joyda ishlaydi. U shunchaki yordam bermoqchi. Yangi hayot, moliyaviy mustaqillik, oilangiz kelajagi uchun juda zarur. Boshqa variant bormi? Faqat qishloqda qolish va shu yerda qarib, yo‘q bo‘lib ketish.

Xullas, shartnomaga imzo chekdingiz. Hujjatlarni to‘ldirish, bir nechta seminarlar va sug‘urta uchun biroz pul kerak bo‘ladi. Qandaydir jamg‘armangizni olasiz, tuzatishga imkon topa olmay kelayotganingiz tashlandiq yeringizni arzonroqqa pullaysiz, balki qarindosh-urug‘lardan ham ozgina qarz havola qilasiz – axir kelajakdagi maoshlar yordamida bularning hammasini qoplash imkoni bo‘ladi sizda. Bu axir hayotingizni o‘zgartirib yuboradigan qadam. Va'da qilingan maosh bilan yaqin oylarda uyga pul jo‘natishni boshlashingiz aniq, bu harakatlarning barchasi bolalaringizning kelajagi uchun.

Foto: Getty

Afsus, Doha aeroportidayoq «yerga tushasiz». Qo‘lingizga ishchilar kiyimini tutqazib, ertaga ertalab, soat 6da qurilish maydonida bo‘lishingiz kerakligini aytishgandayoq, hammasini tushunasiz. Ha, siz ofisda o‘tirib ishlash uchun emas, stadion qurish uchun bu yerga kelgansiz. 400 dollar haqidagi gaplaringizga ham hayron bo‘lishadi, aslida maoshingiz nari borsa 200 dollarni tashkil qiladi. Ishga kirish uchun yig‘in siz avval rozi bo‘lganingizdek, 200 dollar emas 2000 dollarni tashkil qiladi, buning ustiga Dohaga uchilgan reys chiptasiga ham qarzdor bo‘lib qoldingiz. Pasportdan ayrilasiz, mamlakatni tark eta olmaysiz. Xullas, hali birinchi ish kuni boshlanmasdan, kompaniyaga ikki yillik maoshingiz miqdorida qarzdor bo‘lib ulgurdingiz. 

Kuniga o‘n ikki soat, haftasiga olti kun. O‘zingizni ekspluatatsiyaning markazida his qilishingizni boshlashingiz hamono, aksincha, baxtli bo‘lish uchun ham sabablar topila boshlaydi, axir sizga maoshlar vaqtida berilyapti. Turli mehnat lagerlarida orttirgan yangi tanishlaringizning aytishicha, ular ikki, uch oy, hatto olti oylab qo‘llari pul ko‘rmagan paytlar bo‘lar ekan.

Bu beqarorlik va evfemizm dunyosi. Birga ishlayotgan sherigingiz hozirgina adyol ostida hushidan ketadi, uni olib chiqib ketishadi, tamom uni boshqa ko‘rmaysiz. Qaysidir savdo markaziga kirmoqchi bo‘lsangiz, baquvvat xizmatchi yo‘lingizni to‘sadi va bu yerda «oilaviy hudud» ekanini aytib, kelgan joyingizga qaytarib kuzatib qo‘yadi. Aslini olganda siz bu yerda ishchi ham emas, shunchaki ish kuchisiz, qulsiz xolos. Aslini olganda siz bu yerda stadion emas, qabriston qurmoqdasiz. Muhojirlar qabristoni.

Ishtirokchilar yoki guvohlarsiz aniq syujyetni tasvirlash qiyin. Shuning uchun ham Simon obraziga murojaat qilindi. U shunchaki obraz, unday odam yo‘q. Uning hikoyasi aslida hech qachon sodir bo‘lmagan. Ammo bu voqealar sodir bo‘ladi va sodir bo‘lmoqda. Aslida 2-3 million Simon bor. Uning hikoyasi kecha sodir bo‘ldi, bugun ham sodir bo‘lmoqda, ertaga ham bo‘ladi.

O‘tgan haftada Human Rights Watch tashkiloti Qatardagi mehnat muhojirlari uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida hisobot tayyorladi. Ma'lum bo‘lishicha, ishchilarning issiqda va namlik sharoitida mehnat qilishlari bilan bog‘liq sharoitlar hal qilinmagan. Tashkilotning aniqlashicha, yuzlab mehnat muhojirlari qurilish obektlarida vafot etishmoqda, ammo aynan qancha odam o‘layotgani va bu hodisalar qanday sabablar bilan yuzaga kelayotgani haqida bilishning imkoni yo‘q – Qatar hech qachon buni aytmaydi va hatto ishchilarning kasallik yoki o‘lim varaqalari ham yuritilmaydi. Rasman qayd etiladigan o‘limlar ham asosan «noma'lum sabablarga ko‘ra», «tabiiy o‘lim» yoki «yurak xuruji» deb yoziladi, xuddiki shaharning narigi tomonida sodir bo‘layotgan o‘limlardek. Ha, odam o‘ldi. Bo‘lib turadi. 

Human Rights Watch bir necha yillardan buyon bunga qarshi kurashib keladi. Mamlakatning tashqi nazoratdan qochayotgani, islohotlar faqat qisman va ba'zi yerlardagina amalga oshirilayotgani haqida e'tiborni jalb qilishga urinadi. Lekin foydasiz – ha, Qatarda yana bitta voqea sodir bo‘libdi, ha chatoq bo‘libdi. Stadionlar Qatardagi ilk katta loyihalar emasligi tufayli, odatiy tusga kirib ulgurgan, balki shuning uchun ham, JCh-2022 loyihasidagi salbiy oqibatlar omma e'tiborini yetarlicha jalb qila olmayapti. 

Foto: Getty

Yana bir sabab, albatta, biz Qatardagi ofatlar haqida yetarlicha ma'lumotga ega bo‘lmaysiz, qurbonlar asosan rivojlanmagan davlatlardan keladilar, boshqalar uchun ham ma'lumotlarni qo‘lga kiritish deyarli imkonsiz.

O‘tgan yilning martida BMT vakillari Qatarga tashrif buyurishdi. Maqsad sohadagi taraqqiyotga baho berish, mehnat sharoitlarini tekshirish va odatga ko‘ra, yelkani qoqib qo‘yish. Ular tasodifan nepallik ishchi bilan gaplashib qoladilar va kutilmaganda u barcha masalada rost gaplarni aytib yuboradi. Shu zahotiyoq u ishdan bo‘shatiladi va birinchi samolyot bilan Nepalga jo‘natib yuboriladi. Keyin esa, kimdirning aqliga, u bechoraning endi ish beruvchisi yo‘qligi, bemalol qamash ham mumkin ekani kelib qoladi. Samolyotdan tushishi bilan uni qamoqqa olishadi.

Bu voqealarni shunchaki xunuk kapitalizmning yovuz qoidasi tarkibiga qo‘shish va xotirjam bo‘lish mumkindek. Axir azaldan boy odamlar kambag‘allarni ishlatgan. Ammo JCh-2022 ni faqat mehnat shartnomalarining buzilishi o‘laroq ochiqlash ham yetarli bo‘lmaydi, buning uchun vaziyatga biroz yaqinroqdan nazar tashlash kerak bo‘ladi. 

Ellik yillar oldin butun Qatar aholisini mana shu qurilayotgan stadionlardan biriga joylashtirish imkoni bo‘lardi. Hozirda Qatar aholisi 2.6 millionni tashkil qiladi va ularning 90 foizi mehnat muhojirlaridir. Mahalliy aholi uchun eng katta xavf ham shu – son jihatidan bir necha barobar ustun bo‘lgan va asosan kuchga to‘lgan erkaklardan tashkil topgan muhojirlar birlashishi mamlakatda beqarorlikni keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun ham har qanday formadagi uyushqoq mehnat aholida qo‘rquv uyg‘otadi va muhojirlarga bo‘lgan norozilik, diskriminatsiyaga sharoit yaratadi.

Aksariyat jamoat joylari – bozorlar, savdo markazlari yoki parklar «oilaviy hudud» deb belgilangan va bunday hududlar asosan mahalliy aholi va g‘arbdan kelgan mehmonlar uchun ishlaydi. Qurollangan qorovullar bu hududlarni qo‘riqlab turadilar va ko‘rinishi janubiy osiyolikka o‘xshagan odamlarni u yerlarga kiritmaslikka harakat qiladilar. Mamlakatning ba'zi hududlarida muhojirlar yashashi mumkin emas. Hatto bir necha yil oldin Qatar juma kunini alohida «oilaviy kun» deb belgilab, o‘sha kunlari muhojirlarning ish joyidan tashqariga chiqishlarini taqiqlash haqida qaror chiqarmoqchi bo‘lgandi. 

Foto: Getty

Albatta, bu global zamonda pullarni nazorat qilish qiyin. Agar ayniqsa, katta shaharda yashasangiz, atrofingiz to‘la Qatar Sainsbury's tarmog‘ida xarid qilasizmi, British Airways'da uchasizmi, Barclays Bank'da hisob ochasizmi, baribir, bilvosita Qatarni moliyalashtirayotgan bo‘lasiz. Neymarning gollarini olqishlab ham, Yevropa Chempionlar Ligasini tomosha qilib ham, albatta. Bundan qaytarish niyatida emasmiz.

Albatta, hech kim bulardan voz kechmaydi. Jahon chempionatini kutamiz, undan zavq olamiz, axir futbolni sevamiz, shundaymi? Bu yerda eng ahamiyatlisi, atrofimizda bo‘layotgan hodisalarni dunyodagi voqealarga bog‘lay olish, o‘sha rakursda qarab, tahlil qila olishdir. Bu degani, ertaga Mbappening chiroyli golidan so‘ng, uning narxlarini hisob-kitob qilayotganda, ertaga qamalish uchun samolyotga qadam qo‘yayotgan Simonni ham tasavvurda paydo qila olish. Hech bo‘lmasa.

Independent materiali asosida Q.Aslanov tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: