Usmonxon Alimov: "Islom olamida O‘zbekistonning do‘stlari yanada ko‘paydi"

O‘zbekiston 19:15 / 04.10.2017 19874

O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov 4 oktabrda Xalqaro Preyes-klub maydonida Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT minbaridan turib so‘zlagan nutqiga to‘xtalib o‘tdi. 

"Prezidentimiz BMT minbaridan shunday deb aytdilar: "Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamligi ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat'iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da'vat etadi". 

"Haqiqatan bugungi murakkab va tahlikali zamonda ko‘plab turli voqealar sodir bo‘lmoqda, - deydi Usmonxon Alimov. -  Bu voqealar muborak dinimiz nomidan soxta shiorlar to‘qib, buning ketidan qancha qon to‘kilishiga sabab bo‘lmoqda. Yoshu keksalar, ayollar, bolalar ko‘p jabr chekmoqda. Yana bir afsuslanarli jihati shuki, dinga umuman aloqasi bo‘lmagan kishilar bir jinoyatni qilsalar, darrov muqaddas dinimizning nomi bilan bog‘layaptilar. Bu bizni juda tashvishga soladi, albatta. Ular islom dinimizni, shunday ezgulik va ma'rifatga bag‘ishlangan dinni yomon ko‘rsatishga harakat qilishmoqda. 

Mana shunday bir sharoitda muhtaram Prezidentimiz tomonidan yuksak minbardan turib, islom dinining asl mohiyati - insonparvarlik va tinchlik ekanligi, uni qoralovchilar bilan hech qachon murosa qilolmasligini baralla aytish mustahkam e'tiqod va katta shijoatning bir ko‘rinishidir. Shunday yuksak minbardan bunday so‘zlarning shijoat bilan aytilishi diyorimizdagi barcha mo‘min-musulmonlarni nihoyatda xursand qildi. Ayniqsa, musulmon olamida O‘zbekistonning do‘stlari yanada ko‘paydi. Prezidentimiz o‘z nutqi bilan o‘zbekistonliklarning yana bir marta Imom Buxoriy avlodlari bo‘lishlik sharafli maqomga munosib ekanliklarini ochiq-oydin isbotlab berdilar", - dedi Musulmonlar idorasi raisi. 

Shu o‘rinda Usmonxon Alimov Prezidentimiz har chiqishlarida "Jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashish" shiorini ilgari surayotganliklarini alohida qayd etdi. 

"Prezidentimiz ilm olish va olimlarning ko‘payishi katta fazilat ekanini ko‘p ta'kidlab keladilar. BMT minbaridan barchaning ta'lim olish huquqini ta'minlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashadigan ma'rifat va diniy bag‘rikenglik borasida maxsus hujjat qabul qilishni baralla aytib o‘tdilar", - deydi muftiy. 

Ko‘proq yangiliklar: