BMT maxsus ma'ruzachisi O‘zbekiston IIV va Adliya vazirligida muzokaralar o‘tkazdi

O‘zbekiston 13:10 / 03.10.2017 8808

Bugun, 3 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi rasmiy tashrifi doirasida BMTning din va e'tiqod erkinligi haqidagi masalalar bo‘yicha maxsus dokladchisi Ahmad Shohid Ichki ishlar vazirligiga bordi.

Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov bilan uchrashuvda tomonlar boshqa masalalar bilan bir qatorda ozodlikdan mahrum etilgan va hibsga olingan shaxslarning vijdon erkinligiga doir konstitutsiyaviy huquqlarini ta'minlash masalalarini muhokama etishdi.

Qayd etilishicha, mahkumlarga vijdon erkinligi to‘liq kafolatlanadi va ularga istalgan diniga e'tiqod qilish yoki birortasiga e'tiqod qilmaslik huquqi taqdim etiladi. Mahkumlar oldiga ularning iltimosiga ko‘ra, tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tgan diniy birlashmalar xizmatchilari taklif etilishi, diniy urf va marosimlarni o‘tkazish, diniy anjomlar va adabiyotlardan foydalanish imkoniyati taqdim etiladi.

Tomonlar bugungi kunda o‘tkazilayotgan keng miqyosli islohotlar natijasida O‘zbekiston ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar soni bo‘yicha jahonda eng past ko‘rsatkichlardan biriga ega ekanligini qayd etishdi. Har mamlakatning har 100 ming aholisiga 137 nafar mahkum to‘g‘ri keladi, bu esa MDH va Yevropa davlatlari hamda AQShga taqqoslanganida eng past ko‘rsatkichlardan biridir.

O‘zbekiston penitentsiar muassasalari to‘lganligi 80 foizga teng, holbuki jahondagi ayrim davlatlarning penitentsiar tizimlaridagi asosiy muammo — qamoqxonalarning haddan ziyod to‘lganligidir.

Bir kun oldin Ahmad Shohid Adliya vazirligida ham uchrashuv o‘tkazgan edi.

Adliya vazirligi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ushbu tashrif O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash borasidagi tashabbuslarining amaliy ijrosi natijasi ekani qayd etib o‘tildi.

Adliya vaziri O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari borasidagi xalqaro miqyosda tan olingan prinsip va me'yorlarga og‘ishmay amal qilishini alohida ta'kidlab o‘tdi.

BMT maxsus dokladchisi A.Shohid mamlakatimizdagi bu boradagi munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy baza bilan tanishtirildi.

Shu bilan bir qatorda, O‘zbekiston din davlat va siyosatdan ajratilgan dunyoviy davlat ekani, diniy va boshqa ko‘rinishdagi fanatizm yoki ekstremizm, munosabatlarni keskinlashtirish va ziddiyatlashtirishga qaratilgan xatti-harakatlar, turli konfessiyalar va sektalar o‘rtasida nifoq urug‘ini sochishga yo‘l qo‘yilmasligi qayd etildi. Bundan tashqari, huquqiy davlatlarning aksariyatida bo‘lganidek, diniy tashkilotlar yuridik ro‘yxatdan o‘tishi va shaffof hisobdorlik yuritishi kerak.

Ko‘proq yangiliklar: