Kim chempion bo‘ladi: Pep yoki Joze? APLda 7-tur hisobi

Sport 16:15 / 02.10.2017 13847

Angliya chempionatida o‘tgan haftaning dam olish kunlarida 7-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Bu turdan keyin ham Manchester jamoalari turnir jadvalida boshqa raqiblardan ajralgan holda qo‘shpeshqadamlikni davom ettirishmoqda. 7-turda Joze Mourino boshchiligidagi «Manchester Yunayted» navbatdagi raqibni osonlik bilan yanchib tashladi, «Kristal Pelas»ga 4ta javobsiz gol urildi.

Xosep Gvardiolaning «Manchester Siti»si esa jiddiy sinovdan o‘tdi. Londonda o‘tgan mavsum chempioni «Chelsi» Kevin de Bryuyne qarshisida ojiz qoldi. 

Barqaror o‘yin ko‘rsatayotgan bu ikki jamoa 7 turdan keyin 19tadan ochko jamg‘argan holda birinchi va ikkinchi o‘rinlarda joylashgan. To‘plar nisbati «Manchester Siti»da bittaga yaxshiroq.

O‘ZIGA O‘XShAMAGAN «CheLSI»

Har ikki tomonning g‘alabasi bilan yakunlanishi mumkin bo‘lgan uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida, rostan ham «Manchester Siti» kuchliroq ekani haqidagi taassurot barchada paydo bo‘lgani tabiiy. Nazarimda, buning sababi, Antonio Konte qaysidir pallada o‘z prinsiplaridan voz kechib, «Siti» bilan uning qurolida kurashishga uringanidir.

Qaysi palla ekani ham ma'lum, o‘yinning 35-daqiqasida Alvaro Morata o‘rniga Batshuayi emas, Villian tushirilishi o‘yinning kalit nuqtasi bo‘ldi. Tarkibda Fabregas, Azar, Kante, Bakoyoko va Villian bilan Konte Gvardiola bilan to‘p nazoratini, maydon markazidagi hokimlikni talashmoqchi bo‘ldi, go‘yo. Murabbiy o‘yindan maqsad ko‘proq gol urish va buning uchun raqibning ustun jihatlarini yo‘qqa chiqarish, o‘z jamoangning esa ustunliklariga urg‘u berish ekanini unutgandek edi.

Yuqorida sanab o‘tilgan futbolchilar bilan istalgan raqibga qarshi o‘yinda markazni qo‘lga olish mumkin, lekin «Siti» bilan emas. «Chelsi» tarkibida aniq paslar bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkich – Sesk Fabregasda, u APLda shu ko‘rsatkichi bilan 24-o‘rinda bormoqda xolos. O‘sha jadvalda «Manchester Siti»ning birato‘la 7 futbolchisi Fabregasdan yuqori o‘rinlarni egallashgan.

Maydonga Batshuayini tushirish orqali, «Chelsi» o‘z uslubiga sodiq qolishi va uzun-o‘rta paslar orqali vaziyatlar yaratishga harakat qilishi mumkin edi. To‘p nazoratiga tayanish va hujumlarni aynan qisqa paslar orqali boshlashga urinish «Siti» uchun ayni muddao (o‘tgan mavsumda «Arsenal» ham shunday qopqonga tushgandi) edi, ayniqsa 2-bo‘limning o‘zida Gvardiola shogirdlari 8 marta raqib maydonida to‘pni olib qo‘yishdi. 

O‘ziga yarasha kuchli va rang-barang tarkibga ega bo‘lgan Antonio Kontening haddan tashqari ehtiyotkorligi Angliyadagi top o‘yinlarda pand berishni boshladi. Bu o‘rinda «Arsenal»ga qarshi «Stamford»dagi o‘yinni ham eslash mumkin.

INGLIZChA PARADOKSLAR

«O‘z uyingda devorlar ham yordam beradi» degan ibora futbolda hali ham eskirmagan. Ayniqsa, ingliz jamoalarining uy stadionlari, u yerdagi o‘ziga xos muhit va mehmonlar uchun noqulaylik haqida tasavvurlar yetarlicha. Lekin ba'zi jamoalarning mavsum boshidagi natijalari teskari xulosaga ham olib kelmoqda.

«Chelsi» safardagi 3 o‘yinda yuz foizlik natijaga erishgan va 9 ochko to‘plagan. «Stemford Brij»da esa, Konte shogirdlari 4 o‘yindan atigi bittasida raqibdan ustun keldi xolos – 1 durang va 2 mag‘lubiyat.

«Tottenhem»ning safardagi ko‘rsatkichlari yanayam ishonchli – 4 o‘yin, 4 g‘alaba, to‘plar nisbati – 12-2. Lekin «Uembli»da jamoa hali g‘alaba nimaligini bilmay kelmoqda.

O‘tgan mavsumdagi o‘yinlarda safarda 16 o‘yinni boy bergan «Byornli»ning bu mavsumdagi ko‘rsatkichlariga nima deysiz: Raqiblar «Tottenhem», «Liverpul», «Chelsi» va «Everton» bo‘lishiga qaramasdan, Shon Daych shogirdlari hali mag‘lubiyatga uchramadi va bu o‘yinlarda 8 ochkoni qo‘lga kiritdi.

«YuNAYTeD»: XAVF KIMDAN

O‘tgan mavsumda 1tadan ortiq gol urishda muammolarga duch kelgan «Manchester Yunayted»ning sermahsulligi sezilarli darajada ortgani ko‘rindi. Ko‘pchilik bu holatning Romelu Lukakuning kelishi bilan bog‘layotgan bo‘lsa-da, o‘tgan mavsumda Zlatan Ibrahimovich «MYu» kiritgan dastlabki 21 golning 9tasiga muallif bo‘lgandi. Ya'ni Lukakuning bugungi gollardagi ulushi shvetsiyalik hujumchinikidan katta emas.

E'tiborli boshqa jihat bor – «Manchester Yunayted» tarkibida 9 futbolchi allaqachon o‘z nomini tabloga yozishning uddasidan chiqib bo‘ldi. Bu ligada katta farq bilan eng yaxshi ko‘rsatkichdir. Agar golli pas uzatgan (Matich, Yang, Lingard) futbolchilarni ham qo‘shadigan bo‘lsak, 7 o‘yinda 12 futbolchi allaqachon gol yoki golli pas muallifiga aylanib bo‘ldi – bu ham APL jamoalari ichida boshqalardan ikki barobar ko‘p.

Xulosa qilish mumkinki, «Yunayted»ning hujumdagi kuchlari rang-barang bo‘lib bormoqda.   

«CheMBeRLeYN EFFeKTI»

Aleks Oksleyd-Chemberleyn transfer darichasining so‘nggi kunida «Arsenal»dan «Liverpul»ga o‘tdi. Londonliklar safidagi so‘nggi o‘yini (0:4) yirik hisobda yakunlanib, Liverpulga kelgach, yangi jamoasi ilk turda 0:5 hisobida yutqazgach, turli hazil gap-so‘zlar ko‘payib ketgandi. Bu hammasi emas.

Futbolchining o‘z jamoasini almashtirganidan so‘ng, uning yangi va eski jamoalaridagi o‘zgarishlarga e'tibor qarating:

«Arsenal» – 6 g‘alaba va 1 durang. To‘plar nisbati: 15-3

«Liverpul» – 1 g‘alaba, 4 durang va 2 mag‘lubiyat. To‘plar nisbati:  8-14

YaNGI QUTQARUVChI: RIShARLISON

«Uotford» oxirgi ikki turda 4 ochko oldi. Va bu ochkolar hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda urilgan gollar evaziga bo‘lganini ham alohida ta'kidlash joiz. Bu gollarning muallifi esa, jamoaga shu yozda kelib qo‘shilgan braziliyalik Risharlison.

Risharlison De Andrade 1997 yilning 10 mayida Nova Venetsiyada tug‘ilgan. «Amerika Meneyro» klubi tarbiyalanuvchisi 2016 yilda Braziliya futboli peshqadam klublaridan biri «Fluminense» safiga borib qo‘shiladi. Har ikki qanotda ham foydali harakat qila oladigan tezkor hujumchi yangi jamoada ham yo‘qolib qolmadi va 54 o‘yinda 17 gol muallifiga aylandi. U shuningdek, Braziliya yoshlar terma jamoasining ham yetakchi o‘yinchilaridan biri sanaladi.

Yozda, «Manchester Yunayted»ning Ivan Perishich bilan muzokaralari boshi berk ko‘chaga kirib qolgach, Risharlisonning aynan Manchester klubiga o‘tishi yaqinligi haqida yozila boshlangandi. Ammo hujumchi yakunda 12.5 million funt evaziga «Uotford» tarkibidan joy oldi.

Yosh hujumchi «Uotford»ning barcha o‘yinlarida asosiy tarkibda harakat qilmoqda va allaqachon 3 gol va bir golli uzatmani amalga oshirishga ulgurdi.

HAFTA IQTIBOSI

«Himoyachilarimizning xatolarga yo‘l qo‘yayotganliklari bizning yomon himoyalanayotganimizni anglatmaydi» (Yurgen Klopp)

BIROZ RAQAMLAR:

  • Arsen Venger murabbiy APL da 45-raqib ustidan g‘alaba qozondi. Bu rekord natijadir.
  • «Manchester Yunayted» 2017 yilda o‘z maydonida atigi 3ta gol o‘tkazib yuborgan xolos. Barchasi standart vaziyatda - jarima zarbasidan, burchak to‘pidan o‘yinga kiritilganda va penaltidan. Ya'ni Mourino shogirdlari 2017 yilda o‘yindan uyushtirilgan hujumlardan so‘ng, hali gol o‘tkazishmadi.
  • Ushbu mavsumda «Chelsi» futbolchilari 90 marotaba qoida buzishdi – ligada eng ko‘p ko‘rsatkich.
  • «Everton» o‘z maydonida ikkinchi mag‘lubiyatini qabul qilib oldi. O‘tgan mavsumdagi 19 o‘yinda Kuman shogirdlari 2 marta yutqazgandi xolos.
  • «Liverpul» so‘nggi 7 o‘yinda 138 marotaba raqib darvozasiga zarba berdi va 8 gol urdi – 6 foiz. Jamoa darvozasi tomon berilgan 50 zarbadan 14tasi golga aylandi – 28 foiz.
  • «Everton» so‘nggi 10 o‘yinda atigi 1 marotaba o‘z darvozasini daxlsiz saqlay oldi.
  • «Sauthempton» darvozasiga penaltini urolmagan hujumchi Seydu Berahinoning golsiz seriyasi 31 soatdan oshib ketdi.
  • «Chelsi»ga qarshi o‘yinda Kevin De Bryuyne 6 xavfli vaziyat yaratdi. Bu «Chelsi» jamoasi yaratgan vaziyatlardan 2taga ko‘proqdir.
  • «Kristal Pelas» mavsumning ilk 7 o‘yinini boy berdi va «Porsmut» (2009/10) natijasini takrorladi.
  • «Sauthempton» APLdagi so‘nggi 14 o‘yinining 10tasida raqib darvozasini ishg‘ol qila olmadi.
  • Harri Keyn sentabr oyida barcha musobaqalarda 13 gol muallifi bo‘ldi va bir oyda eng ko‘p gol urgan Ronaldu (2010, oktabr) va Messi (2012, mart) natijalarini takrorladi.

APL turnir jadvali 7-turdan keyin

Q.Aslanov tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: