Nima uchun tadbirkor Niderlandiyaga borishi kerak?

Light 21:26 / 30.09.2017 24914

Niderlandiya iqtisodiyoti - dunyoda raqobatbardoshlik nuqtai nazaridan to‘rtinchi o‘rinni egallaydi, hamda uning ko‘rsatkichlari doimiy ravishda takomillashmoqda. O‘tgan yil mobaynida Niderlandiya Global innovatsiyalar indeksida to‘qqizinchi o‘rindan uchinchi o‘ringa ko‘tarildi. Startaplarga investitsiyalar bo‘yicha - yiliga 560 million dollar - Hollandiya yaqinda Buyuk Britaniya va Germaniyadan ham o‘tib ketdi. 

Qulay ishbilarmonlik muhiti va rivojlangan ekotizim yosh tadbirkorlarni jalb qilmoqda. Ularning aksariyati o‘qish davrining o‘zidayoq ilmiy parklar va universitetlarda faoliyatini boshlaydi. Booking.com asoschisi Gert-Yan Bruinsma shunday deydi: «Hollandiya nafaqat ajoyib boshlang‘ich maydoncha, balki xalqaro miqyosda rivojlanish uchun ideal sinov bozoridir».

Istiqbolli yo‘nalishlar

Birinchidan navbatda Hollandiya ishbilarmonlarni qishloq xo‘jaligi sohasidagi g‘oyalar bilan kutmoqda. O‘tgan yili Niderlandiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha o‘z rekordini yangiladi va AQShdan keyin dunyoda ikkinchi o‘rinni saqlab qoldi.

Shu bilan birga, agrar sektorda ishchilar soni kamaymoqda - asosan yangi texnologiyalar tufayli. Agro-startaplar uchun StartLife inkubatori yaratildi. StartLife o‘n yil davomida Vageningen universitetining ko‘magida 120 ta loyihani ishga tushirdi.

Foto: Getty Images

Butunjahon iqtisodiy forumi ma'lumotlariga ko‘ra, Niderlandiya dunyoda infratuzilmaning rivojlanish darajasi bo‘yicha uchinchi o‘rinni egallaydi. Startapchilar sayohatchilarga yanada ko‘proq qulaylik yaratishga harakat qilmoqda: masalan, foydalanuvchilarning shaxsiy tajribalari asosida tuzilgan safardagi hamrohlar va yo‘nalishlarni topish uchun ilovalar mashhur.

Bir paytlar Eyndxoven texnologiya universiteti talabalarining loyihasi bo‘lgan Va Amber startapi esa Uber bilan raqobat qilishga tayyor.

Yaqindan boshlab Hollandiya an'anaviy biznes yo‘nalishidan axborot texnologiyalariga e'tibor qaratishni boshladi. Misol uchun, Daniel Haven talabalik paytida Amsterdam universiteti bilan birgalikda, imtihonlarni onlayn topshirish uchun platforma yaratdi va o‘tgan yili 500 ming yevrolik moliyalashtirishni oldi.

Startapni qayerda boshlash mumkin?

Foto: Flickr

Amsterdam

Angel.co portaliga ko‘ra, Amsterdamda 1557 startap ishga tushirilgan - ularga 3 292 nafar investor to‘g‘ri keladi. Veb va mobil ishlanmalar, energiyadan «aqlli» foydalanish, sun'iy idrok va sog‘liqni saqlashga qaratilgan ilovalar bilan bog‘liq startaplar muvaffaqiyat qozonmoqda.

Aynan bu sohalarga Rockstart biznes parki va uning to‘rtta tezlashtiruvchisi ixtisoslashgan. Ular orasida – Yevropadagi sun'iy idrok bilan aloqador bo‘lgan startaplar uchun birinchi akselerator bor. Uning sheriklari orasida esa - Amsterdam universiteti va Amsterdam erkin universitetini tilga olib o‘tish o‘rinli.

Akseleratorlardan har biri har yili o‘nta ishtirokchini yig‘ib oladi va 5-6 oy davomida ularga hamrohlik qiladi. Ba'zi yillarda moliyalashtirilayotgan ishtirokchilarning ulushi 90-100 foizni tashkil etgan; investitsiyalarning o‘rtacha hajmi - 20 ming yevro.

Startap ekspertlarining ta'kidlashicha, ular butun dunyo bo‘ylab startapchilar bilan hamkorlik qilishga tayyorlar - statistik ma'lumotlarga ko‘ra, Rockstart dasturlarida 30 millat vakillari ishtirok etgan.

Utrext

So‘nggi yillarda Utrext Yevropa komissiyasi tomonidan Yevropaning eng raqobatbardosh mintaqasi sifatida ikki marta tan olindi. Hozirda bu yerda 400 ta startap, ilm-fan parki va Utrext universitetida joylashgan Yevropaning eng yaxshi 10 inkubatorlaridan biri bo‘lgan UtrechtInc mavjud. Yetti yil davomida UtrectInc 157 startapni ishga tushirishga yordam berdi, ular jami 238 mln. yevro sarmoya jalb qildi.

Inkubator ikkita qo‘llab-quvvatlash dasturini taklif etadi – o‘zlarining ishlanmalarini monetizatsiya qilmoqchi bo‘lgan olimlar, hamda tadbirkorlar uchun. Ishtirok narxi - mos ravishda 2250 va 1850 €. Muvaffaqiyatli ishtirokchilar o‘z loyihalarini moliyalashtiradilar.

Inkubator shuningdek, biznesni modellashtirish, yangi iste'molchilarni aniqlash, jamoani boshqarish va pitching bo‘yicha qisqa muddatli master-klasslarni taklif etadi. 

Tvente

Tvente universiteti Yevropadagi eng «tadbirkor» ta'lim muassasasi sifatida tan olingan. O‘tgan 30 yil mobaynida Tventedan chiqqanlar 750 startapni ishga tushirdi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish guruhi talabalarga ixtirolar patentini olish uchun yordam beradi. Hollandiya talabalar investitsiya jamg‘armasida – ta'lim olayotganlar boshqaruvi ostidagi yagona venchur kapital jamg‘armada – o‘z faoliyatini boshlayotgan tadbirkorlar 50 ming yevrogacha moliyaviy yordam oladilar.

Tvente universiteti yoki Saksion amaliy fanlar universitetining istalgan talabasi mablag‘ni olishi mumkin. Ushbu muassasalarning bitiruvchilari, shuningdek, 12 oydan ortiq bo‘lmagan muddat ichida o‘z faoliyatini tugatgan bo‘lsa, moliyalashtirishni olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Bundan tashqari, Konsultatsiya xizmati biznes yuritishning qonuniy o‘ziga xos jihatlarini tushunishga yordam beradi: patentga talabnoma berish, intellektual mulkni himoya qilish, hujjatlarni rasmiylashtirish va h.k. 

Delft

Delftdagi texnologiya universiteti xalqaro QS reytingida 54-o‘rinni egallaydi. Universitet dunyodagi eng yaxshi talabalik akseleratori - Massachussets texnologiyalar universiteti huzuridagi MIT GFSA bilan hamkorlik qiladi, hamda ta'lim kurslari va ishtirokchilar biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydigan dasturga xohlovchilarni qabul qiladi.

Dastur tashkilotchilari transport xarajatlari va yashash xarajatlarini qoplaydi hamda oylik stipendiya to‘laydi. Dasturning eng yaxshi ishtirokchilari startaplarni 20 ming yevro miqdorida moliyalashtiradilar.

Shuningdek, Delftda Yevropadagi eng yirik texnologik inkubator - Yes! Delft joylashgan. Uning bazasida o‘z biznes loyihalari bo‘lgan talabalar uchun bo‘lim mavjud - Yes! Delft Students.

Yes! Delft Students mahorat saboqlari, ma'ruzalar, tanlovlar va ta'lim safarlarini o‘tkazadi. Shuningdek, yil mobaynida dasturlar uchun yosh tadbirkorlar jalb qilinadi – ularda startapchilar mutaxassislardan maslahatlar, Niderlandiyadagi intellektual mulk va soliq bo‘yicha konsultatsiyalarni olishadi. Agar loyiha tanlansa, u erta bosqichda moliyalashtiriladi. Barcha dasturlar ingliz tilida olib boriladi. 

Foto: Shutterstock

Soliqlar

«Soliq to‘lash» ko‘rsatkichi bo‘yicha butun dunyo bo‘ylab 190 mamlakatda biznes muhitni baholovchi Doing Business xalqaro reytingida Niderlandiya 21 dan 20-o‘ringa ko‘chib o‘tdi. Yillik aylanmasi 200 ming yevrodan past bo‘lgan korxonalar uchun korporativ soliq - 20 foizni, undan yuqori bo‘lsa - 25 foizni tashkil etadi.

2018 yilda hukumat soliq stavkalarini kamaytirishi mumkin. Mo‘ljallangan islohotlardan biri 2018 yilning 1 yanvaridan kuchga kiradi hamda u startapchilar uchun ijobiy ta'sir o‘tkazadi: ular shaxsiy daromadidan 25 foizga kamroq soliq to‘laydi. Xalqaro biznesga kelsak, Niderlandiya hukumati 95 mamlakat bilan ikki tomonlama soliqdan qochishga oid bitim imzolagan. 

Startap-vizalar

2015 yilning 1 yanvaridan boshlab Hollandiya tadbirkorlar uchun alohida viza – startap-vizani joriy qildi. Bu viza bilan startapchi ushbu davlatda bir yil davomida yashash huquqini oladi.

Asosiy shartlardan biri: biznes loyiha ishonchli vositachilar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi kerak. Talabalik yillarida startapni ishga tushirganlar uchun bunday vositachiga universitet, katta akselerator yoki ilmiy park aylanishi mumkin.

Startap-viza muddati tugaganidan keyin tadbirkor yashash uchun ariza berish huquqiga ega. 

Foto: Eurovoix

Xulosa

«Niderlandiya startapchilar davlati sifatida tanilib bormoqda, - deya hisoblaydi iqtisodiyot vaziri Henk Kamp. - Rivojlanish sur'ati jihatidan bizning startap-sahnamiz - Yevropada uchinchi o‘rinni egallaydi». Ko‘plab inkubatorlar va ilmiy parklar, yangi loyihalardan manfaatdor universitetlar, startap-vizalar, shuningdek, Orientation Year dasturi Niderlandiyada shaxsiy ishni ochish uchun barcha sharoitni yaratmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: