Jyeyms Kemeron "Avatar 2"ni suratga olishni rasman boshladi

Jamiyat 23:58 / 26.09.2017 13860

Biz kanadalik rejissyor Jyeyms Kemeron haqida yangiliklarni bilishga qiziqamiz. Bu inson nafaqat o‘z vaqtida qizg‘in sevilgan "Begonalar", "Tubsizlik", "Terminator",  "Titanik" va "Avatar" filmlarini suratga olgan, balki o‘z ixtirolarini joriy qilgan holda kinosanoatni faol taraqqiy ettirmoqda. Avvalroq rejissyor o‘zining "Avatar" fantastik filmining birvarakayiga 4 ta davomi ustida ishlayotgani ma'lum qilingandi. Ta'kidlanishicha, ushbu suratlardan birinchisi suratga olinishi boshlangan.

Kemeron kinematografdagi eng muvaffaqiyatli rejissyorlardan hisoblanadi. Uning 8 ta mashhur filmi dunyo prokatida 5,5 mlrd dollar to‘plagan. 2009 yilda suratga olingan "Avatar" esa 2,7 mlrd dollar keltirib, tarixdagi eng serdaromad filmga aylangan. "Titanik" filmi esa xalq olqishini qozonib, 11 ta "Oskar" mukofotini olgan. Biroq Kemeronni milliard dollarlar va haykalchalar qiziqtirmaydi.

Rejissyor bo‘sh vaqtida turli ekologik va tadqiqot loyihalarida ishtirok etadi. U dunyodagi eng chuqur botiq – Mariana botig‘iga tushishga botina olgan bir nechagina kishidan biri hisoblanadi. Bir o‘ylab ko‘ring-a, botiqning chuqurligi 10898 metrni tashkil qiladi. Buning uchun rejissyor bir necha yil davomida olimlar bilan birga shaxsiy batiskafini yaratib, uni yig‘gan. Bu loyiha davomida suratga olingan materiallar "Tubsizlikka chaqiriq 3D" hujjatli filmi asosini tashkil qilgan. Rejissyor o‘zining 56 yoshini esa Baykal ko‘li tubida "Mir-1" batiskafi ichida nishonlagan. 

Bundan tashqari, rejissyor kinotexnologiyani faol rivojlantiradi va zamonaviy kinosanoatni kelajak sari intiltirishga harakat qiladi. U shaxsan o‘zi IMAX formatidagi stereoskopik kamerani ishlab chiqib, uni yig‘gan.

Yuqorida aytilgandek, "Avatar"ning 4 ta davomi suratga olinadi. Rejissyor ularni deyarli bir vaqtda suratga oladi, biroq ular 1-3 yillik oraliq bilan ekranlarga chiqariladi. Filmlarda Sem Uortington, Zoi Saldana, Joel Mur, Sigurni Uiver va boshqa aktyorlar ijro etgan qahramonlarni yana ko‘ra olamiz. Ularga aktyorlar Kliff Kyortis va afsonaviy Charli Chaplinning nabirasi Una Chaplinlar qo‘shilishadi. Qizig‘i, aktyor Stiven Leng birinchi film so‘ngida halok bo‘lgan bosh qahramon rolini yana ijro etadi. U qanday qilib yana hayotga qaytarilishi hozircha jumboq bo‘lib qolmoqda.

"Avatar 2" 2020 yil 18 dekabrda kinoteatrlarda namoyishga chiqishi rejalashtirilgan. "Avatar 3" esa 2021 yil 17 dekabrida, "Avatar 4" esa 2024 yil 20 dekabrida va voqeani yakunlovchi "Avatar 5" 2025 yil 19 dekabrda ekranlar yuzini ko‘rishi mo‘ljallangan.

Ko‘proq yangiliklar: