Idish-tovoq rastasi oralagan filning so‘rovnomasi (raddiya)

Jamiyat 17:56 / 26.09.2017 8547

KUN.UZ sayti qisqa vaqt ichida mamlakatning yetakchi saytlaridan biriga aylandi va demokratlashtirish va erkinlashtirishning dolzarb masalalarini ko‘tarib kelmoqda. Sayt ma'murlari jurnalistik ishning turli zamonaviy uslublaridan foydalanishga urinishayotgani ham maqtovga sazovor. Ulardan biri sotsiologik so‘rov asosida tayyorlangan material bo‘ldi.

Omma e'tiboriga havola etilgan so‘rov yakunlarini o‘rganib, jurnalistlarga (nafaqat KUN.UZ jurnalistlariga) sotsiologik natijalarni qanday qilib professional darajada to‘g‘ri izohlash borasida bir qator aniqlashtiruvchi tavsiyalar berishga qaror qildim.

Birinchidan, ijtimoiy fikrning zondaj kesimi va chuqur ijtimoiy so‘rovnoma o‘rtasidagi farqni anglab olish lozim. Ko‘rib chiqilgan material bitta savoldan iborat va unga 4959 kishi javob bergan. Olingan ma'lumotlar vaziyat haqida faqat signal beradi, lekin u xarakterlay olmaydi, boz ustiga, davlatning Virtual qabulxona vositasida jamiyat bilan qayta aloqa o‘rnatishidek murakkab mexanizmni tushuntira olmaydi.

Ikkinchidan, sifatli sotsiologik tadqiqotning asosi DASTURdir. Ko‘rinib turibdiki, materialda keltirilgan ma'lumotlarda u umuman ko‘zga tashlanmayapti. Pirovard natijada, Virtual qabulxona ishini baholash kriteriylari juda bo‘yashtirib yuborilgan. Xususan, «Boshida yaxshi edi, hozir shunchaki rasmiyatchilik uchun bo‘lib qolgan» yoki «Yo‘q, ko‘nglim to‘lmayapti» degan javoblarni qanday tushunish mumkin»? Bu javoblarni tanlagan inson murojaat qilgan-qilmaganligi tushunarsiz. U bunday xulosaga «o‘z amaliyoti» asosida kelganmi yoki «kimningdir so‘zlarini eshitgan» va «qayerdadir o‘qigan»mi?

Bu yerda uslubiy nuqsonlar yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Shu sababli savol kriteriylari so‘rovnomada qo‘yilgan savolga mos kelmaydi, har bir ovoz beruvchi har bir variantni tanlashi mumkin, ular o‘zaro bir birini inkor ham etmaydi. Internet so‘rovlardan bekorga ahyon-ahyonda jamoatchilik ongida davlatda faoliyat ko‘rsatayotgan u yoki bu samarali mexanizmlar haqida ma'lum bir stereotiplar shakllantiruvchi «yumshoq kuchlar» maqsadida foydalanilmaydi.

Uchinchidan, o‘zingiz o‘ylang, olingan aniq ma'lumotlarga ko‘ra, Virtual qabulxonalarga bo‘lgan murojaatlarning faqat uchdan bir qismi (36 foizi) Internet tarmog‘i orqali kelib tushgan. Bu holatda esa odamlar savolga «Telegram» messenjeri orqali javob berishgan, ya'ni axborot kompyuter texnologiyalaridan faol foydalanuvchilargina so‘rovda qatnashgan. O‘z-o‘zidan, qog‘oz orqali yoki telefon vositasida haqiqatdan ham murojaat qilgan ko‘p sonli aholi vakillari tanlov umumlashmasidan tushirib qoldirilgan, bu esa eng kamida reprezentativlikning yaqqol buzilishini anglatadi.

To‘rtinchidan, har qanday sotsiologik tadqiqotda o‘ziga xos axloq qoidalari mavjud. Har qanday olingan ma'lumotlar e'lon qilinishidan oldin yo ekspert bilan, yo tadqiqot o‘tkazilgan soha vakili bilan muhokama etilishi kerak. Bu o‘z fikringizni yanada aniqroq ifodalash uchun xizmat qiladi.

Beshinchidan, bitta savol qo‘yib o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalarini material so‘ngida insonlarning shaxsiy fikrlari bilan bog‘lashga harakat qilingan, bu ham sotsiologiyaning metodologik talablariga mos kelmaydi.

So‘zim oxirida sotsiologik so‘rovnomalar natijalaridan foydalanish g‘oyasining o‘zi juda jozibali ekanligini alohida qayd etmoqchiman. Ushbu xulosalar so‘z erkinligini cheklash maqsadida bayon etilayotgani yo‘q, gap faqat professional ko‘nikmalarni kengaytirish ishida o‘z vakolatini muttasil takomillashtirib borish muhim ekanligida.

Farhod Parmanov,

sotsiolog

Ko‘proq yangiliklar: