Vrachlar va o‘rta tibbiyot xodimlarini 100 ballik tizim bo‘yicha baholashadi

O‘zbekiston 14:49 / 25.09.2017 18464

Vazirlar Mahkamasining 13.09.2017 yildagi 718-son qarori bilan Markaziy tuman (shahar) ko‘p tarmoqli poliklinikalari, shahar va qishloq oilaviy poliklinikalari, qishloq vrachlik punktlari hamda vrachlar va o‘rta tibbiyot xodimlari faoliyati samaradorligini reyting baholash tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.
 
Norma.uz’ning yozishicha, joriy yilning 1 oktabridan boshlab yuqorida sanab o‘tilgan tibbiyot muassasalari va ularning tibbiyot xodimlari ishi 100 ballik reyting tizimi asosida baholanadi.
 
Baholash tegishli tuman (shahar) tibbiyot birlashmasi huzuridagi maxsus monitoring guruhlari tomonidan amalga oshiriladi. U yilda 2 marotaba tibbiyot muassasasining hisobga olish va hisobot hujjatlarini o‘rganish yo‘li bilan o‘tkaziladi. Reyting baholash o‘z ichiga to‘rt bosqichni oladi.

85 va undan ortiq ball to‘plagan patronaj tibbiyot hamshiralari va umumiy amaliyot vrachlari lavozim tarif stavkasiga nisbatan foizlarda moddiy rag‘batlantiriladi:

•  85 balldan 87 ballgacha – 5%;
•  87 balldan 91 ballgacha – 10%;
•  91 balldan 96 ballgacha – 15%;
•  96 balldan 100 ballgacha – 20%.
 
Eng yuqori ballarni to‘plaganlarga bir yilda 2 ta maoshdan ortiq bo‘lmagan miqdorda biryo‘la mukofot to‘lanadi. 55 dan 85 ballgacha to‘plaganlar o‘z lavozim maoshini ustamasiz oladi. 55 balldan kam to‘plagan tibbiyot xodimlariga intizomiy jazo choralari qo‘llaniladi.

Ko‘proq yangiliklar: