O‘zbekiston delegatsiyasi «BMTning sivilizatsiyalar alyansi» do‘stlari guruhi yig‘ilishida ishtirok etdi

O‘zbekiston 09:42 / 25.09.2017 4935

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Nyu-York shahrida «BMTning sivilizatsiyalar alyansi» do‘stlari guruhi tashqi siyosat idoralari rahbarlarining yig‘ilishida ishtirok etdi. Tadbir «Yoshlarning eng yaxshi jamiyatlarni yaratish va tinchlikni saqlashdagi ishtiroki» mavzusiga bag‘ishlandi.

Tsivilizatsiyalar alyansi 2005 yilda taklif etilgan va hozirda «Do‘stlar guruhi» Alyans maqsadlarini qo‘llab-quvvatlaydigan 130 davlat va 17 xalqaro tashkilotni o‘z ichiga oladi.

Abdulaziz Kamilov yig‘ilishdagi o‘z nutqida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 19 sentabrda BMT Bosh Assambleyasidagi nutqining asosiy qismlari bilan tadbir ishtirokchilarini batafsil tanishtirdi.

Xususan ta'kidlanganidek, ayniqsa keyingi yillarda jahondagi terrorchilik xurujining kuchayishi terrorizm bilan kurashishda asosan kuch ishlatish usullarini qo‘llanishi o‘zini oqlamayotganligidan dalolat beradi.

Shu sababli insonlarning, avvalo yoshlarning aql-idroki uchun kurashish eng muhim vazifa hisoblanishi ta'kidlandi. Shu o‘rinda globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bugungi sharoitda yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirishga qaratilgan umumlashtirilgan xalqaro huquqiy hujjat – BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish bo‘yicha O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi aytib o‘tildi.

Tadbir ishtirokchilariga Islom asl gumanitar mohiyatining muhim ahamiyatini keng jahon hamjamiyatiga yetkazishga O‘zbekiston tomoni alohida e'tibor qaratishi to‘g‘risida ma'lumot berildi. Islomning boy merosini saqlash va o‘rganish, muqaddas Islom to‘g‘risidagi ta'limotni tarqatish maqsadida Samarqand shahrida Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilayotgani va ushbu markazning Toshkent shahrida yaratilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatiga ko‘mak berishi ma'lum qilindi. 

Shu munosabat bilan O‘zbekiston rahbarining «Ma'rifat va diniy bag‘rikenglik» to‘g‘risidagi Bosh Assambleya maxsus qarorini qabul qilish haqidagi tashabbusi aytib o‘tildi.

Uchrashuvda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

Ko‘proq yangiliklar: