Kafolatsiz maishiy elektrotexnika bilan savdo qilganlik uchun jazo beriladi 

O‘zbekiston 10:59 / 25.09.2017 10984

Vazirlar Mahkamasining «Uzoq muddat foydalaniladigan maishiy elektrotexnika tovarlariga texnik xizmat ko‘rsatish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori loyihasi QXTBT portalida joylashtirildi.
 
Norma.uz’ning yozishicha, 1.04.2018 yildan boshlab ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar, ulgurji va chakana sotuvchilar tomonidan uzoq muddat foydalaniladigan maishiy elektrotexnikani texnik xizmat ko‘rsatish uchun kafolat talonini majburiy rasmiylashtirish bilan sotilishini o‘rnatish taklif qilinmoqda. Talon quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

•  mahsulot nomi va modeli;
•  ishlab chiqaruvchining nomi va uning yuridik manzili;
•  uzoq muddat foydalaniladigan tovarning seriya raqami;
•  kafolat shartlari va muddati;
•  talondan foydalanish tartibi.
 
Izoh: Maishiy elektrotexnika tovarlarining loyiha ro‘yxati TIF TN kodlari ko‘rsatilgan holda 20 ta pozitsiyani o‘z ichiga oladi. Ular orasida oshxona texnikasi, audio va videoapparatura, mobil va o‘tkaziladigan telefonlar, isitish uskunasi va hokazo.
 
Kafolatli texnik xizmat ko‘rsatish ishlab chiqaruvchilarning o‘zi yoki «O‘zstandart» agentligining attestatsiyadan o‘tgan va maxsus ro‘yxatga kiritilgan markazlari  tomonidan amalga oshiriladi. Agar tovarga kafolatli xizmat ko‘rsatish attestatsiyadan o‘tgan markaz tomonidan amalga oshirilsa, ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar u bilan tegishli xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma tuzadi hamda markazlarni ehtiyot qismlarning kafolatli fondi bilan ta'minlaydi. Bunday shartnomani tuzish majburiy bo‘ladi.
 
Kafolatli texnik xizmat ko‘rsatish Toshkent shahrida, viloyatlar markazlarida va Qoraqalpog‘istonda tashkil etilishi kerak. Gabaritli yoki belgilangan tovarlar (umumiy og‘irligi 5 kg va undan ortiq, gabariti 50x35 sm va hokazo) bo‘yicha u tovar joylashgan joyga borib xizmat ko‘rsatishi shart.
 
Texnik xizmat ko‘rsatish muddati 72 soatni tashkil etadi. Ehtiyot qismlar mavjud bo‘lmagan holatda u kafolatning amal qilish muddatini tegishli ravishda uzaytirish bilan 30 kungacha uzaytirilishi mumkin.
 
Uzoq muddat foydalaniladigan maishiy elektrotexnika tovarlari bilan kafolat talonisiz ulgurji yoki chakana savdoni amalga oshirish aybdor shaxslarni qonunchilikda ko‘zda tutilgan javobgarlikka tortish bilan savdo qoidalarini buzishga tenglashtiriladi (MJtK 164-moddasi bo‘yicha EKIHning 15 baravarigacha jarima, JKning 189-moddasi bo‘yicha 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari).
 
Loyiha  o‘zgartirilishi, qo‘shimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: