Germaniya bundestagining yangi tarkibi 709 deputatdan iborat bo‘ladi

Jahon 10:27 / 25.09.2017 2960

Germaniyaning yangi, 19-sonli bundestagi 709 o‘ringacha kengaytirildi. Angela Merkelning XDI/XSI alyansi va Martin Shultsning Germaniya sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) parlamentga saylovlar natijalariga ko‘ra katta yo‘qotishga uchraganiga qaramasdan, yirik fraksiyalarni tashkil qiladi. Shu bilan birga kichik partiyalar parlamentda ko‘proq o‘rinlarga ega bo‘ldilar.

Bundestagning yangi tarkibi avvalgisiga qaraganda 78 ta ko‘p o‘ringa ega bo‘ldi. Avvalgi parlament tarkibida 631 o‘rin bo‘lgan. 

Bundestagning yangi tarkibida XDI/XSIga 246 o‘rin (avval 311 o‘rin),  GSDPga 153 o‘rin (avval 193 o‘rin) tegadi.

"Germaniya uchun muqobil" partiyasi esa yirikligi bo‘yicha 3-raqamli fraksiyani tashkil qiladi (94 ta o‘rin). Ozod demokratik partiya 80 o‘rin, "So‘llar" fraksiyasi 69 o‘rin va "Yashillar" fraksiyasi 67 o‘rin oladi.

Kantslerni tanlash va hukumatni shakllantirish uchun zarur bo‘lgan deputatlar soni 355 nafarni tashkil qilgani sababli XDI/XSI, Ozod demokratik partiya va "Yashillar" bir koalitsiyaga birlashishi mumkin, shunda ularda 393 o‘rin bo‘ladi.

Saylovlarning yakuniy rasmiy natijasi 12 oktabrda yangi bundestagning tantanali yig‘ilishida e'lon qilinadi.   

Ta'kidlash joizki, saylovlardagi davomat 76,2 foizni tashkil qildi. 2013 yilgi saylovlarda bu ko‘rsatkich 71,5 foizni tashkil qilgan.

Eng yuqori davomat mamlakat janubida – Bavariyada (78,2%), Baden-Vyurtembergda (78,3%), Gessenda (77%) va Reynland-Pfaltsda (77,6%) qayd qilingan. Mamlakatning shimoli-g‘arbida davomat pastroq bo‘lgan. Jumladan, davomat Quyi Saksoniyada 76,4% va Shlezvig-Golshteynda 76,5% hamda mamlakatning g‘arbida joylashgan eng yirik federal yer – Shimoliy Reyn-Vestfaliyada 75,4%ni tashkil qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: