1 oktabrdan boshlab paxta terimi uchun to‘lov tarifi o‘zgaradi 

O‘zbekiston 11:17 / 25.09.2017 165262

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "2017 yil hosili paxta xom ashyosining xarid narxlari to‘g‘risida”gi qarori e'lon qilindi. 

Davlat ehtiyojlari uchun sotib olinadigan paxta xom ashyosi yetishtirishni ko‘paytirishni rag‘batlantirish hamda paxta yetishtiruvchi xo‘jaliklarning moliyaviy holatini yanada mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qildi:

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, «O‘zpaxtasanoateksport», «O‘zagrotexsanoatxolding» xolding kompaniyalari hamda O‘zbekiston Fermerlari kengashining 2017 yil hosili: 

paxta xom ashyosi xarid narxlarini 1-ilovaga muvofiq miqdorda belgilash;

mashinada terilgan paxta xom ashyosi xarid narxlarini 2-ilovaga muvofiq miqdorda belgilash;

qo‘lda terilgan paxta xom ashyosining 1 kilogrammi uchun birinchi bosqichda — 450 so‘mdan, ikkinchi bosqichda 2017 yil 1 oktabrdan boshlab — 500 so‘mdan to‘lash;

mashinada terilgan paxta xom ashyosining 1 tonnasi uchun 260 000 so‘mdan to‘lash to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi «O‘zpaxtasanoateksport» xolding kompaniyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklariga 2017 yil hosili paxta xom ashyosi xarid narxlarining bir hafta muddatda yetkazilishini ta'minlash vazifasi topshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining davlat xaridi va qishloq xo‘jaligini texnika bilan jihozlashni maqsadli moliyalashtirish jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki «O‘zpaxtasanoateksport» xolding kompaniyasi, «Agrobank» ATB va boshqa tijorat banklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda paxta yig‘im-terimida, uni tashishda va tayyorlashda qatnashayotgan xodimlarga ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishini ta'minlaydilar.

Paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklariga amalda topshirilgan paxta xom ashyosi uchun terimchilarga terim pullarini ushbu qarorda belgilangan tarif stavkalaridan kelib chiqqan holda har besh kunda, zarurat bo‘lganda esa — har kuni to‘lash tavsiya etildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari paxta terimchilariga terim pullarining ushbu qarorda belgilangan tarif stavkalari bo‘yicha o‘z vaqtida to‘lanishi yuzasidan qat'iy nazorat o‘rnatadilar.

Paxta yig‘im-terimini uyushqoqlik bilan o‘tkazish uchun joylarda kamida 100 nafar terimchidan iborat bo‘lgan terimchilar otryadlari tashkil etiladi.

«O‘zpaxtasanoat» aksiyadorlik jamiyati paxta yig‘im-terimi mavsumida tashkil etiladigan terimchilar otryadlari rahbarlarini paxta tozalash korxonalari bilan tuziladigan fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida ishga qabul qiladi.

«Agrobank» aksiyadorlik tijorat bankiga — «O‘zpaxtasanoat» aksiyadorlik jamiyati tashkilotlariga terimchilar otryadlari rahbarlariga o‘z vaqtida ish haqi to‘lash uchun 45 mlrd so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratish tavsiya etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi «O‘zpaxtasanoateksport» xolding kompaniyasi bilan birgalikda 2017 yil hosili paxta tolasi uchun ulgurji narxlar preyskurantini ishlab chiqish va tasdiqlashda paxta tozalash korxonalarining terimchilar otryadlari rahbarlari ish haqini to‘lash bo‘yicha xarajatlarini nazarda tutadi.

«O‘zpaxtasanoateksport» xolding kompaniyasi:

Jamg‘arma bilan birgalikda paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari bilan paxta xom ashyosining 90 foizi uchun — joriy yilda va qolgan 10 foizi uchun — 2018 yilning 1 apreligacha preyskurant narxlar bo‘yicha o‘z vaqtida hisob-kitob qilinishini;

«O‘zpaxtasanoat» aksiyadorlik jamiyati bilan birgalikda 2018 yilning 10 yanvarigacha bo‘lgan muddatda Jamg‘armaga 2017 yil hosili paxta xom ashyosi uchun yakuniy 10 foizli to‘lovlar uchun mablag‘lar yig‘ma ma'lumoti taqdim etilishini ta'minlaydi.

Paxta yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari bilan hisob-kitoblarning to‘g‘ri va o‘z vaqtida amalga oshirilishi hamda ajratilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishi yuzasidan mas'uliyat «O‘zpaxtasanoateksport» xolding kompaniyasi va «O‘zpaxtasanoat» aksiyadorlik jamiyati rahbarlari zimmasiga yuklandi.

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.T.Mirzayev hamda «O‘zpaxtasanoateksport» xolding kompaniyasi raisi A.S.Kamalov zimmasiga yuklandi.

Ko‘proq yangiliklar: