Xiaomi foydalanuvchilari kompaniyaga sadoqatli emas

Fan-texnika 23:47 / 24.09.2017 12526

2016 yil aprel-iyun mavsumiga qadar Xitoyning eng yirik uyali aloqa vositalarini ishlab chiqaruvchi kompaniyasi sifatida tanilgan Xiaomi​ qisqa fursatda bozordagi ulushini yo‘qota boshladi. Bundan bir yil oldin, kompaniya reytingi Xitoy bo‘yicha to‘rtinchi pog‘onaga tushib ketgandi. Bunga nima sabab bo‘lgan?

Arzon narxlanuvchi smartfonlar

Avvalo, arzon baho smartfonlarni do‘kon rastalariga ko‘proq joylashtirish va xaridorlarga taklif etish sotuvchilarga katta foyda keltirmay qo‘ydi. IDC kompaniyasining tadqiqotlar markazi xodimi Jin Dining so‘zlariga ko‘ra, mahalliy sotuvchilar uchun Huawei, Oppo va Vivo mahsulotlarini ko‘proq sotish yaxshi daromad keltiradi.

"Xiaomi​ telefonlarini daromadi tabiiy kam bo‘lgan aholi vakillari sotib oladi, ko‘rinib turibdiki, bu ishchilar yoki talabalar bo‘lishi mumkin. Ular iste'mol bozoridagi eng sadoqati past bo‘lgan mijozlar hisoblanadi. Agar ularning daromadi ko‘paysa, hech ikkilanmay Apple yoki Samsung brendini tanlaydi. Shuningdek, ular taklif etilayotgan yangi rusumdagi smartfonlarni xarid qilmaydi, aytmoqchimanki, foydalanishdagi telefondan voz kechib yangisini xarid qilmaydi", deydi Chung Kong biznes maktabi professori Jyek Chen Xinley.

Marketing strategiyasi mavjud emas

Oppo va Vivo Xitoy bozoridagi savdo aylanmasini oshirish uchun turli marketing strategiyalardan foydalandi. Masalan, offlayn-marketing, metro va avtobus bekatlaridagi bilbordlar shular sirasidan.

Bloomberg nashrining yozishicha, yuqorida nomi tilga olingan ikkala kompaniya ham mahsulotlarining kuchli tomonlariga urg‘u berib, reklama siyosatini to‘g‘ri olib bordi. Shu vaqtda Xiaomi​ reklamaga pul sarflamay, bozorni egallab borayotgani, onlayn xaridlar aylanmasida yetakchi ekanligi bilan mag‘rurlanardi.

Quartz mutaxassisining fikriga ko‘ra, Xiaomi​ rahbariyati ijtimoiy tarmoqlardagi foydalanuvchilar orasidan kompaniyaning bo‘lajak mijozlarini qidirdi. Shunga qaramay, vaqt o‘tishi bilan kompaniya marketing tadbirlariga e'tibor qaratishga majbur bo‘ldi. Bu davr talabi edi.
Onlayn-savdo

Xiaomi​'ning onlayn-savdo platformasiga katta kuch sarflashi, kichik shaharchalarda uning savdo ulushini tushirib yubordi. Negaki, Huawei, Oppo va Vivo vakillari mahalliy elektrotexnika savdosi bilan shug‘ullanuvchi riteylerlar ko‘magiga tayangan bo‘lsa, Xiaomi​ bu to‘siqdan oshib o‘ta olmadi.

2015 yil Xitoy bozorida sotilgan umumiy uyali aloqa vositalarining 74 foizi chakana savdo ko‘rinishida xarid qilingan. Shu davrda Xiaomi​ xaridlarining 60 foizi onlayn platformada amalga oshirilgan.

Eko-tizim

Xiaomi​ bosh direktori Ley Yunning 21st Century Business Herald nashriga ma'lum qilishicha, kompaniya so‘nggi besh yil davomida o‘zining eko-tizimi ustida ish olib bordi va u, deyarli, tayyor. Bu bilan «aqlli» uylarda mavjud moslamalarni birgina Xiaomi​ smartfoni orqali boshqarish nazarda tutilmoqda.

Forbes'ning yozishicha, bunday tizimni yaratish bag‘oyat katta muvaffaqiyat garovi sanalsada, uni to‘laqonli ishga tushirish uchun kompaniya kamida 300 million dona smartfon vositalarini sotishi talab etiladi. Muammo shundaki, Xiaomi​ uyali aloqa vositalari bozorida mustahkam o‘ringa ega bo‘lmay turib, boshqa yo‘nalishlarda izlanishlarni moliyalashtirmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: