O‘zbekistonda poraxo‘rlikning har qanday shakliga qarshi qattiq kurash​ boshlangan - Adliya vaziri

O‘zbekiston 13:10 / 24.09.2017 31287

20 sentabr kuni AQShning Nyu-York shahrida o‘tkazilgan «O‘zbekiston-AQSh biznes hamkorligi: muvaffaqiyat va davomiylikka mo‘ljallangan tijorat aloqalari» maydonida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslan Davletov mamlakat huquq tizimida olib borilayotgan islohotlarga to‘xtalib o‘tdi. Mazkur nutqning bir qismi Amerika ovozi saytida e'lon qilindi.

«Biz «Yagona darcha» tizimi atrofida paydo bo‘layotgan barcha vaziyatlarni kuzatib, tahlil qilib boramiz. Sarmoyador va tadbirkorlar bilan munosabatga kirishishda kuzatilayotgan kamchiliklarni aniqlab, xorijiy investorlarni ham mamlakatimizga jalb etishga ijobiy ta'sir etuvchi huquqiy infratuzilmani rivojlantirib borishga harakat qilyapmiz. Men shu borada, avvalo, poraxo‘rlikka qarshi kurashish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barcha hukumat a'zolari hamda davlat organlari milliy rivojlanish jarayoniga salbiy ta'sir qiluvchi poraxo‘rlikning har qanday shakliga qarshi qattiq kurash olib borishga kirishgan. Shu o‘rinda bu to‘g‘risida alohida qonun hujjati qabul qilinganini ta'kidlab o‘tish joiz, deb hisoblayman. Shuningdek, O‘zbekistonda sud-huquq tizimini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida aniq takliflar amaliyotga tatbiq etilmoqda. Sudyaning daxlsizligi, sud jarayonlari shaffofligi va mustaqil sud hokimiyati shakllanib borishi uchun alohida institut paydo bo‘ldi. Tadbirkorlar huquqlarini to‘laqonli himoya qilish jarayonining bir bo‘lagi sifatida 71 nafar qo‘shimcha Iqtisodiy sud hisobidan sudyalar shtati kengaytirildi. Ilk bor tumanlararo Iqtisodiy sudlar birligi tashkil etildi.

Kelgusida huquqiy infratuzilma bardavom rivojlanishini ta'minlash maqsadida ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ma'muriy nizolar va ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatiga ega yangi tashkil etilgan Ma'muriy sudlar ish faoliyatini boshladi. Mamlakat sud-huquq tizimida ilk bora sudyalarni lavozimiga tayinlash muddati birinchi davrda 5 yil, ikkinchisida esa 10 yil, undan keyin umrbod bo‘lishi belgilab qo‘yildi.

Men Adliya vazirligining tadbirkorlarning joylarda huquqlarini himoya qilish bo‘yicha alohida vakolati to‘g‘risida to‘xtalib o‘tmoqchiman, ya'ni bizda yetarlicha xodimlar belgilangan boshqarma tarkibida aynan shu masala bilan shug‘ullanadi. Agar qonun buzilish holati yuzaga kelsa, sudga da'vo qilish va ish olib borish huquqiga ega», deydi vazir.

Ko‘proq yangiliklar: