Samarqand advokaturasi: “Sud orqali inson himoya qilinadi”, degan tushunchani odamlar ongiga singdirishimiz lozim

O‘zbekiston 01:16 / 24.09.2017 10505

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasida Samarqand viloyat adliya boshqarmasi, Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyat boshqarmasi va palataning hududiy boshqarmasi hamkorligida «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasining mazmun-mohiyati» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
 

Advokatlar palatasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Otabek Axtamov tadbirni kirish so‘zi bilan ochar ekan, jumladan, shunday dedi:

— Respublikamizdagi huquqiy islohotlarning asosiy maqsadi — sudning alohida mustaqil hokimiyat tarmog‘i sifatidagi mavqeini qayta tiklash va mustahkamlash g‘oyasi bo‘lib kelmoqda. Sud hokimiyatining yangi tarmoqlari yaratildi. Uning vakolatlari kengaytirilib borilmoqda. Fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini sud orqali himoya qilishni kafolatlashning huquqiy me'yorlari shakllantirilmoqda.

Bu borada biz, advokatlarning asosiy vazifamiz — ana shu me'yorlarning sudlov amaliyotiga izchil kirib borishini ta'minlash, ularning odamlar ongida chuqur o‘rnashib qolishiga erishishdan iborat. Inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish masalalarida sud organlari qat'iy pozitsiyada turmog‘i lozim. Insonlar «sud bo‘ldi» deyilsa kimdir jazolanganini tushunishi kerak emas, aksincha sud orqali himoya qilinadi, degan tushunchani insonlarning ongiga singdirishimiz lozim, — dedi palataning hududiy boshqarmasi boshlig‘i O.Axtamov.

«Korrupsiyaga qarshi kurashishda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish» mavzusida chiqish qilgan advokat Shuhrat Muzaffarovning so‘zlari ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi.

 

Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyat boshqarmasi katta inspektori Do‘stbek Sulaymonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 maydagi PQ-3016-son «O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byuro faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi Qarori mazmun-mohiyati haqida so‘zlab berdi.

Tadbir nihoyasida hududiy boshqarma boshlig‘i Otabek Athamov tashkilotda bajarilayotgan ishlar haqida qisqacha axborot berar ekan, KUN.UZ muxbiriga shunday dedi:

— Joriy yilda viloyatdagi advokatlarimiz tomonidan ikki yarim mingdan ziyod bepul og‘zaki maslahatlar berildi. 1200 dan ziyod tadbirkorlik qilish istagini bildirgan va tadbirkorlar fuqaroga yuridik lokal hujjatlar tayyorlab berilgan.

Yuridik yordam ko‘rsatish borasida yuridik va jismoniy shaxslar bilan tuzilgan shartnomalar soni 12,5 mingdan ortdi. Ularning 30 foizidan ortig‘ida ijobiy natijalarga erishildi. «Mahalla» jamg‘armasi bilan advokatlar palatasi hududiy boshqarmasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida tuzilgan memorandum doirasidagi hamjihatlik natijasida viloyatdagi mahallalarga advokatlarimiz bepul maslahat berish uchun biriktirilgan. Ular haftada ikki marta biriktirilgan mahallarga chiqib, bepul yuridik maslahatlar berib borishmoqda. Parlament, prezident va hukumatimiz tomonidan qabul qilingan qonun, farmon va qarorlar, qolaversa, xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi sessiyasida qabul qilingan qarorlarning mohiyatini xalqimizga tushuntirib borishmoqda.

Bundan tashqari, palataning viloyat bo‘limi tomonidan huquqiy targ‘ibotni keng ko‘lamda yo‘lga qo‘yish borasida amaliy ishlar amalga oshirilmoqda. Adliya, inson huquqlarini himoya qilish organlari — ombudsman bilan, qolaversa, sud-huquq sohasi organlari bilan hamkorlikda bir necha bor davra suhbatlari va seminarlar o‘tkazildi. Mingdan oshiq bu tadbirlar natijasida aholining huquqiy ongini o‘stirish borasida katta ishlar amalga oshirildi. Bunday chiqishlar matbuot — televideniye, radio va davriy nashrlar vositasida ham amalga oshirilmoqda.

Shuhrat Shokirjonov,

KUN.UZ muxbiri. Samarqand.

Ko‘proq yangiliklar: