Qachonlardir oddiy zavod ishchisi bugun - Xitoyning eng badavlat ayoli

Light 20:19 / 24.09.2017 37601

5 yoshida ota-ona yordamisiz qolgan, 15 yoshida - kuniga 16 soat ishlagan, Apple va Samsung uchun muhim ahamiyatga ega biznes egasi - bularning bari Xitoyning eng badavlat ayoli, Lens Technology kompaniyasi rahbari tarixi.

Og‘ir bolalik

Xitoylik Chjou Tsyunfey self-made milliarderlarning  odatiy yo‘lini bosib o‘tgan: u 15 yoshida u provintsial shisha fabrikasi konveyerida ish boshlagan, 45 yoshda esa u Apple va Samsung uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan kompaniyani boshqaradi.

Chjouning boyligi, Forbes ro‘yxatidagi xitoylik boshqa milliarderlar kabi, kompaniyaga tegishli aksiyalar narxiga bog‘liq.

Foto: SuperCoolPics

Chjou Tsyunfey 1970 yilda Xitoyning janubi-sharqidagi Xunan provinsiyasi, Syansyan shahar uyezdida dunyoga kelgan. Tsyunfeyning oilasi nochor kun kechirgan. 1960-yillarda baxtsiz hodisa tufayli otasining ko‘zlari ko‘rmay qoladi. Qizning onasi esa u 5 yoshligidayoq hayotdan ko‘z yumgan. Chjou 15 yoshida maktabni tashlab, Shenchjen shahri (Guandun provinsiyasi)ga keladi, bu vaqtga kelib shahar iqtisodiy zona maqomini olgan edi. 1980-yillarda xitoylik yoshlar ommaviy ravishda qishloq joylarni tark etib, sanoat markazlaridan ish izlay boshlashgandi.

Chjou o‘qish va ishni birdek olib borish maqsadida Shenchjen universiteti yonida joylashgan zavodga ishga joylashadi. U biryo‘la buxgalteriya, dasturlash, bojxona rasmiylashtiruvi kurslarida o‘qidi va hatto yuk avtomobillarini boshqarish kursiga ham hujjatlarini topshirdi. U keyinchalik afsuslangan yagona narsa - ingliz tilini yaxshi o‘rganmagani bo‘ldi.

Shaxsiy biznes

1993 yilda u faoliyat yuritayotgan soatlar uchun shisha ishlab chiqaruvchi kompaniya yopildi va Chjou o‘zining 20 ming honkong dollari yordamida shaxsiy biznesiga asos solishga qaror qiladi. Chjouning shaxsiy biznesini ochishiga uning boshqa qarindoshlari bilan birga biznesni yuritishga yordam bergan jiyani undagan.

2001 yilda uning kompaniyasi Xitoyning TCL Corporation elektronika ishlab chiqaruvchisining mobil telefonlari uchun shisha yetkazib berish to‘g‘risida shartnoma tuzadi. Yirik shartnoma korxona rivoji yo‘lidagi muhim bosqich bo‘ldi. Kompaniyaning yana bir muhim yutug‘i - 2004 yilda chiqqan Motorola RAZR V3 mobil telefonining flagman modeli uchun shisha ishlab chiqarishga doir bitim bo‘ldi.

Foto: Business Insider

Ikki yildan keyin Chjou sensor ekranlar jahon bozorining yetakchi o‘yinchisiga aylangan Lens Technology'ga asos soladi. Kompaniya nomi (Lens Technology, lens — ingliz tilida "linza") internet-qidiruv xizmatlaridagi so‘rovlarga javoban birinchilar qatorida turishi uchun maxsus tanlangan.

Tez orada Chjou mobil telefonlar, planshet kompyuterlar, leptoplar va boshqa iste'molchi elektronika uchun shisha plastinalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kompaniyasini o‘zining qadrdon Syansyan shahriga ko‘chiradi.

Bugungi kunda Lens Technology — smartfon, kompyuter, shuningdek foto- va videotexnika ishlab chiqaruvchilar, shu jumladan Apple, Samsung, LG va Huawei kabi elektronika flagmanlari uchun shisha plastina ishlab chiqaruvchi jahonning yetakchi kompaniyasi. Xitoy kompaniyasining asosiy mahsuloti ulushi global smartfonlar va planshet kompyuterlar bozorida 20,27 va 23,37 foizni tashkil qiladi. Lens Technology xolding kompaniyasi nazorati ostida 10 sho‘'ba korxona bo‘lib, ular Honkong, Shenchjen, Kunshan hamda Xunan provinsiyasida joylashgan.

Yulduzli IPO

2015 yilning martida Lens Technology Shenchjen fond birjasida, Growth Enterprise Market istiqbolli texnologik kompaniyalarida IPO o‘tkazdi. iPhone va boshqa smartfonlar ekranlari uchun shisha qoplamalar yetkazib beruvchisi 230 million dollarga yaqin pul kiritib, ustav kapitalining 10 foizini joylashtirdi.

Foto: The Verge

Lens'ning birjadagi debyuti yulduzli bo‘ldi: 22,99 yuan bilan boshlagan kompaniya aksiyalari 13 ketma-ket savdo kunida 10 foizdan ortiq o‘sishni namoyish etdi. Mart oyi oxirida aksiyalar narxi 71 yuanni tashkil qilardi - atigi ikki haftada 208 foizli o‘sish! Ana shundan keyin Chjou Tsyunfey qimmatbaho uylarni qurib sotish bilan shug‘ullanuvchi Yan Xueyyanni ortda qoldirib, Xitoyning eng badavlat ayoliga aylandi.

Lens Technology'da raislik qiluvchi Chjou va uning turmush o‘rtog‘i Chjen Dzyunlun IPO'dan keyin kompaniyaning 90 foizini saqlab qolishgan.

Apple bilan hamkorlik

iPhone egalari deyarli har kuni soyada yurishni afzal ko‘ruvchi xitoylik ishbilarmon xonimning qo‘li tekkan mahsulotdan foydalanishadi. Mashhur smartfonlarda aynan Lens kompaniyasining shishasi qo‘llangan. Apple korporatsiyasi Lens Technology'ning eng yirik mijozi hisoblanadi.

Apple bilan bog‘liq har qanday yangiliklar Xitoy ishlab chiqaruvchilari bozoriga sezilarli ta'sir ko‘rsatadi.

Apple bilan hamkorlik kelgusida Tsyunfeyning boyligini yanada oshirishi ham mumkin.

Apple Watch aqlli soatlarini ishlab chiqishda oddiy shisha o‘rniga sapfirli shishadan foydalanilgan. Lens Technology va uning raqibi Biel Crystal qimmatbaho xay-tek aksessuar uchun mustahkam materialning yetkazib beruvchisi bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi.

Foto: Delfi

Texnologik gigantlarga qaramlik ishlab chiqaruvchilar uchun qimmatga tushishi mumkin. 2014 yilda Apple qachonlardir texnika uchun eng yirik sapfir shisha ishlab chiqaruvchisi - Amerikaning GT Advanced Technologies Inc. kompaniyasi bilan hamkorlikni to‘xtatganidan keyin bankrotlik haqida e'lon qilishiga to‘g‘ri kelgan.

Lens Technology ma'lumotlariga ko‘ra, kompaniya daromadining 70 foizi Apple va Samsung Electronics buyurtmalariga to‘g‘ri kelgan.

Dunyoning 20,27 foiz smartfonlari va 23,37 foiz planshet kompyuterlarida Lens Technology shishalari qo‘llaniladi.

Qiziq ma'lumotlar:

  • Tsyunfey o‘z xodimlariga maosh berish uchun ikki marta uyini sotgan;
  • Fabrikada ishlash davomida oyiga 150 dollardan kam ish haqi olgan;
  • U 12-urinishdangina muvaffaqiyatli biznes qurishning uddasidan chiqqan: Lens Technology'ga qadar uning 11 startapi muvaffaqiyatsiz chiqqan;
  • Chjou o‘zining kamdan-kam intervyularidan birida shon-shuhratdan, jurnalistlarning uning moliyaviy holatini hisob-kitob qilishidan noqulaylik his qilishini aytgan;
  • Chjou Lens Technology'ni yaratishga va uning o‘ziga xos jihatlarini shakllantirishda yordam bergan raqiblariga minnatdorchilik bildirgan.
  • U o‘z muvaffaqiyati bilan millionlab xitoylik ishbilarmon ayollarga ilhom bag‘ishlaydi. U nafaqat o‘z xoldingidagi faoliyati, balki mamlakatning yetakchi biznes-assotsiatsiyalaridagi rahbarlik vazifalarini uddalaydi.

Chjou ikki marta turmush qurgan. Hozirda Lens Technology direktorlar kengashi raisi o‘rinbosari Chjen Dzyunlun bilan yashaydi. Birinchi turmush o‘rtog‘i Chjou faoliyat yuritgan kompaniyalardan birining rahbari bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: