Germaniyada saylov boshlandi

Jahon 11:30 / 24.09.2017 6082

Germaniyada bundestag uchun saylovlar boshlandi. Toshkent vaqti bilan soat 11:00da saylov uchastkalari ochilgan.

Augsburger Allgemeine xabarida aytilishicha, mamlakat bo‘ylab mahalliy vaqt bilan soat 18:00gacha (Toshkent vaqti bilan soat 21:00)73,5 mingta saylov uchastkasi faoliyat ko‘rsatadi.

Saylovda 61,5 mln saylovchi ishtirok etishi kutilmoqda. Parlamentda ko‘pchilik mandat uchun Angela Merkelning Xristian-demokratlar ittifoqi hamda Martin Shults rahbarligidagi Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi o‘rtasida kurash kechadi.

Saylov arafasida o‘tkazilgan so‘nggi ijtimoiy so‘rovlar saylovchilarning 35 foizi Angela Merkel yetakchiligidagi XDI/XSI alyansi uchun ovoz berishga, o‘z-o‘zidan, Merkel xonimni ketma-ket to‘rtinchi bor kansler bo‘lishini ta'minlashga tayyorligini ko‘rsatgan.

Ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, XDI/XSIning asosiy raqobatchilari — Germaniya sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) saylovchilarning 22 foiz, «Germaniya uchun muqobil yo‘l» firqasi esa 11 foiz ovoz olishi kutilmoqda. Keyingi o‘rinlarni «So‘llar», «Erkin demokratlar» va «Yashillar» band etgan.

2013 yili bo‘lib o‘tgan so‘nggi parlament saylovlarida XDI/XSI bloki 41,5 foiz ovoz olib, Bundestagdagi 309 kursini band etgan edi. Ular GSDP bilan koalitsiya tashkil etib, umumiy hisobda 502 mandatga ega bo‘lgandi.

Kantslerni saylash uchun deputatlarning shunchaki ko‘pchilik ovozini qo‘lga kiritish kifoya.

Ko‘proq yangiliklar: