Hashamat olamiga to‘liq g‘arq bo‘lish: 2,3 milliard dollarlik suv osti kemasi

Light 09:10 / 24.09.2017 39928

Yaxtalar — endi modadan qolgan shekilli. Eng ilg‘or konstruktorlik byurolari jahondagi eng hashamatli suv osti kemasi yaratish borasida bellashishga kirishgan, deb yozadi Insider.Pro.

Agar o‘n millionlab dollarga xarid qilinadigan, vertolyot qo‘nish maydonchalari, zerikarli jakuzilarga ega super-yaxtalar sizning me'dangizga urgan bo‘lsa, Avstriyaning Migaloo Private Submersible Yachts kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan 28 metrli M7 suv ostiga kemasiga pul tayyorlayvering.

Bu yerda nafaqat vertolyot qo‘nadigan maydoncha (mabodo, siz shuning muxlisi bo‘lsangiz), basseyn, VIP-kayutalar va bir necha angarli palubalar bor. Uni yaratishda dizaynerlar Amerikaning «Zamvolt» mina tashuvchi suv osti kemalaridan ilhomlanishgan. (Faqat bu yerda dvigatellar dizel-elektrik, atomli emas).

Foto: Bloomberg

Faqat suv sirtida u yoqdan bu yoqqa chayqalishdan boshqasiga yaramaydigan yaxtadan farqli o‘laroq, M7 dengizda 458 metr chuqurlikkacha sho‘ng‘ishi mumkin va 20 uzel tezlikda suv osti sayohatini uyushtira oladi. Disneyning multfilmlaridan biridagi Sebastyan laqabli qisqichbaqa eng qiziq narsalar dengiz tubida ro‘y berishini bekorga kuylamagan axir.

Foto: Bloomberg

«Suv parisi» personajlari kuylab tursin, mayli, lekin M7 kabi huzur-halovat arzon turmaydi. Migaloo’ning bosh ijrochi direktori Kristian Hampoldning so‘zlariga ko‘ra, bunday suv osti kemasining aniq narxi hozircha ma'lum emas. Lekin taxminiy narxi 2,3 milliard dollarga teng.

Lekin M7 — puli bor odam xarid qilishi mumkin bo‘lgan yagona suv osti kemasi emas. Keyingi bir necha o‘n yillar mobaynida Triton Submarines, DeepFlight Adventures, U-Boat Worx BV va Seamagine Hydrospace Corp. kabi kompaniyalar «suv osti apparatlari» ishlab chiqarishmoqda. Bu unchalik katta bo‘lmagan transport vositalari bortiga ikki nafardan sakkiz nafargacha yo‘lovchi olishi mumkin, shuningdek okeanga bir necha soatga sho‘ng‘ib chiqa ham oladi. Stokton Rash tomonidan asos solingan OceanGate Inc. kompaniyasi hattoki 2018 yilda yo‘lovchilarni «Titanik» qoldiqlarini tomosha qilishga olib tushmoqchi.

Foto: Bloomberg

Biroq suv osti kemalarida regeneratsiya xususiyati yo‘q, shu sababli uzoq masofalarga yo‘lovchilarni eltish uchun yaxta yoki boshqa kemalardan foydalanishga zarurat mavjud. Ular nechog‘lik alomat ko‘rinmasin, bular xalqaro maxsus agentlardan ko‘ra, badavlat mashhurlarning xarxashasiga ko‘proq mos.

Yaxta stilida yaratilgan hashamatdor suv osti kemalari paydo bo‘lganiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Uch kompaniya — Floridadagi Migaloo, U.S. Submarines Inc. va Niderlandiyadagi Ocean Submarines shunday kemalar loyihalashtirishayaptiki, Jyeyms Bond kinolaridagi yovuzlar bunaqasini faqatgina orzu qilishlari mumkin. Ular minglab kilometr sayohat qilishi mumkin, ularning intererlariga eng hashamdor villalar ham hasad qiladi. Bundan tashqari, bu yerlarda Yer kurrasini egallab olish uchun chinakam suv osti shtabi tashkil qilish yoki shunchaki do‘stlar bilan biror haftani mazmunli o‘tkazish ham mumkin.

Ko‘rinib turibdiki, xususiy suv osti kemalari favqulodda qimmat turadi. Masalan, U.S. Submarines tomonidan ishlab chiqilgan Nomad 1000 o‘n kishidan 24 nafargacha odamni o‘z bag‘riga olishi, 300 metr chuqurlikda 1000 dengiz milyasini bosib o‘tishi mumkin. Uning narxi 6,5 mln. dollar. Kompaniyaning faxri bo‘lmish 65 futli, ichki yuzasi 465 kv.m.dan ortiq bo‘lgan Phoenix 1000 esa 90 million dollarga baholanmoqda.

Shu sababli, bir necha xususiy suv osti apparatlari hozirdanoq suvga sho‘ng‘ishni boshlab yuborganiga qaramasdan, «lyuks» klassdagi xususiy submarinalar hanuzgacha yo‘q. Albatta, M7 va Phoenix 1000’ni istagan kishi tomosha qilishi mumkin, lekin bu loyihalar (asosan) hozircha faqatgina qog‘ozda mavjud.

«Ayni shu damda hech narsa qurayotganimiz yo‘q», — deydi U.S. Submarines asoschisi va bosh ijrochi direktori L. Bryus Jons. Uning qo‘shimcha qilishicha, Triton Submarines tarkibiga kiruvchi kompaniya ayni vaqtda suv ostiga sho‘ng‘uvchi apparatlar ishlab chiqarishga diqqatini jamlagan, chunki «bozorda aynan shunaqasini ko‘proq so‘rashmoqda».

«Submarina hordiq chiqarish sohasida nihoyatda qimmat, o‘zini oqlamaydigan injyenerlik yechimi hisoblanadi, — deya izohlaydi Boat International muharriri Styuart Kempbell. — Qoidaga ko‘ra, yaxtada hamma narsani hajm belgilaydi. Yirik suv osti apparatida esa bunday hisob-kitoblar befoyda. To‘langan pullar hajmning katta bo‘lishini kafolatlamaydi, shu pulga yasalgan yaxta ko‘plab funksiyalarga ega bo‘ladi».

Ehtimol, potensial xaridorlarni ham xavfsizlik borasidagi savollar ham to‘xtatib turgandir. Garchi suv osti kemalari ishlab chiqaruvchilarining barchasi Amerka kemasozlik byurosi va Norvegiyaning DNV GL tashkilotining tan olingan standartlariga, shuningdek, AQShdagi Subash spetsifikatsiyasiga rioya qilishadi. Ularning barchasi bekamu-ko‘st natijalar qayd etishgan: yiliga 1 million yo‘lovchi suv osti kemalarida sayyoh sifatida dengiz ostiga tushishadi.

Foto: Bloomberg

Uch ishlab chiqaruvchi faqatgina Ocean Submarines (ular harbiylar uchun suv osti kemasi yasashadi) fuqarolik kemalari yasash uchun shartnomaga ega. Bosh direktor Martin Van Eykning so‘zlariga ko‘ra buyurtmachi — «o‘ta boy odam». 2018 yilda ular 20 yo‘lovchini bag‘riga sig‘dira oladigan uzunligi 20 metr, bar, kambuz va kutubxonaga ega Neyk L3 kemasini taqdim etishlari kerak. (Kutubxonadan qanday kitoblar joy olishi Van Eykka ma'lum emas ekan).

L3 kemasi Migaloo submarinasidan kichikroq, lekin bu o‘rinda o‘lcham birlamchi emas. Agar kompaniyaning bukletlariga ishonadigan bo‘lsak, ularning hashamat haqidagi tasavvurlari «shunchaki charm kreslolardan ko‘ra kattaroq narsa» emish. Lamborghini avtomobillari singari hashamat komfort va nazoratda mujassamlashgan. Vertikal dvigatellar okeanosti oqimlariga qaramasdan, L3’ning muallaq holatini  ta'minlaydi; shassi yordamida kema dengiz sohiliga chiqishi mumkin (ya'ni, maxsus bandargohga ehtiyoj yo‘q); sokin va aniq yurish esa 500 dan 1500 dengiz milyasi diapozonida saqlanib turadi. Submarina bor-yo‘g‘i 20 million yevroga tushadi (24 mln. dollar) — bu amalda tekin degani. (Ikkita olish kerak!)

Foto: Bloomberg

Bu suv osti kemalarini boshqarishga o‘rgatish, to‘g‘rirog‘i boshqaruv uchun ekipajni tayyorlash ham muhim ahamiyat kasb etadi. AQShda suv osti apparatlarini boshqarish uchun litsenziya kerak, lekin hammasi oson emas. «Suv osti kemasi suv sathida turganida bu oddiy kema degani, — deydi Van Eyk. — Lekin suvga sho‘ng‘iganidan keyin ba'zi bir narsalarni tushunish kerak bo‘ladi».

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ocean Submarines’da xuddi samolyotlarniki singari simulyatorga ega nemislarning o‘quv markazi mavjud. «Biz kabina intereri hosil qilamiz, mijoz shu yo‘l bilan suv osti kemasi aynan qanday ishlashi haqida tushunchaga ega bo‘ladi», — deydi u. O‘qitish 4 oy vaqtni talab etadi.

Ishlab chiqaruvchilarning so‘zlariga qaraganda, agar sizda o‘zingizning submarinangiz va o‘qitilgan komandangiz bo‘lsa istagan tomoningizga yo‘l olishingiz mumkin. Jahonda fuqarolik submarinalari bo‘yicha muayyan cheklovlar mavjud emas — lekin bu sohil qo‘riqlash xizmati sizning borligingizni e'tiborsiz qoldiradi, degani emas.

«Agar siz begona hududiy suv kengliklarida suvga kirsangiz, buni shunchaki sizga qo‘yib berishmaydi, albatta, — deydi Triton Submarines asoschisi va prezidenti Patrik Leyxi. — Suv osti kemalaridan foydalanishdan eng ko‘p Gretsiya va Fransiya tashvishlanadi. Ularning dengizi ostida ko‘plab osori-atiqalar bor, ular suv osti kemasi egalari dengiz ostiga tushib, qimmatbaho tarixiy narsalarni o‘zlashtirib olishlaridan cho‘chishadi».

Leyxining so‘zlariga ko‘ra, bu muammoning yechimi bor: Bunday kema egalari qilayotgan sayohatlariga mahalliy hokimiyatni ham sherik qilishlari, niyatlari biror qadimiy narsani o‘g‘irlab ketish emas, hokimiyat hech qachon o‘zi bajara olmaydigan tadqiqot ishlarida yordam berish ekanligini tushuntirish kerak bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: