“Odam intilib yashashi kerak ekan”: farg‘onalik Zarifa Oxunjonova yordam qo‘lini cho‘zgan barchadan minnatdor

Jamiyat 17:01 / 23.09.2017 30396

KUN.UZ tahririyatining Qo‘qon shahriga safari chog‘ida ushbu shaharda istiqomat qiluvchi Zarifaxon Oxunjonovaning bir qizi bilan oilaviy mojaro sabab ko‘chada qolib ketgani, O‘zbekiston tumanidan ijaraga uy topib, yashash sharoiti yo‘q holda qolgani xaqida xabar berilgandi. 

Tahririyat yaxshi niyat bilan xayriya aksiyasini ham tashkil etdi. O‘tgan davr mobaynida yaxshi odamlarning yordami bilan ushbu oilaga ko‘mak berildi. Saytda chiqqan maqoladan so‘ng Qo‘qon shahar hokimiyati oilani uy bilan ta'minladi. Xayriyadan tushgan mablag‘lar esa ularning yashash sharoitini yaxshilashga sarflanadi. KUN.UZ sayti mazkur mablag‘larni topshirish uchun Zarifaxon opaning xonadonida bo‘ldi.

“Sizlarning yordamingiz bilan shuncha g‘amxo‘rlik ko‘rsatishdi. Menga ko‘mak qo‘llarini cho‘zgan barcha insonlarga katta rahmat, hamma niyatlariga yetishsin. Shu kunlarga yetishganimga rahmat. Bu yerdagi qo‘shnilarim juda yaxshi ekan. Xabar olib turishibdi. Lekin juda tinch, yaxshi joy ekan. Odam intilib, yaxshi kunlar albatta keladi, deb yashashi kerak ekan. Qizimga ham har doim shuni aytaman. O‘tgan kunlarni endi eslama, deyman. Ochig‘i, bularning bari mo‘'jizaga o‘xshaydi. Ikki kunda uy olib berishlariga ishonmagandim. ”, - deydi Zarifaxon opa ko‘zidan sizib chiqayotgan yoshlarni artar ekan.

 

Opaning qizi so‘zlariga ko‘ra, ishlab chiqarish bilan shug‘ullanishni rejalashtirgan. “Chevarchilikni o‘rgansam, shu sohada biron narsani ishlab chiqaraman. Balki, kichik tikuv sexini ochishga harakat qilarman. Bularning barini o‘qishni bitirsam amalga oshirishni mo‘ljallaganman”, - deydi Zarifaxon opaning qizi.

Ezgu, xayrli ishlar davomli bo‘lsin. Bu kabi ishlar o‘zbek xalqining fazilatidir. Xayriya aksiyasida ishtirok etgan barcha yurtdoshlarimizga minnatdorchilik bildiramiz. 

Shuningdek, Zarifaxon opa va uning qizi pasporti masalasini ijobiy hal qilishga yordam bergan hamda qizning o‘qishi bilan bog‘liq muammoni hal qilib berishga harakat qilayotgan Qo‘qon shahri hokimligidan ham minnatdormiz.

Bundan tashqari, avgust oyida opaning holidan xabar olgan va unga nogironlik aravachasini taqdim etgan Mehrob.uz sayti xodimlariga ham katta rahmat!

Ko‘proq yangiliklar: