“Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!" shiori ostida tashkil etilgan “Yoshlar poyezdi” aksiyasi targ‘ibotchilar guruhi Chimboy tumanida imkoniyati cheklangan yoshlar holidan xabar olishdi. Bu haqda Kruz.uz yozmoqda.
Qayd etilishicha, dastlab bolalikdan imkoniyati cheklangan qizga uning onasi tikuv mashinasi berishlarini so‘radi. Biroq, O‘zbekiston Psixologlar Assotsiatsiyasi a'zosi Jiyanboyev Abdumalik qiz bilan suhbatlashganidan so‘ng, unga tikuv mashinasi bilan ishlash mumkin emasligini aniqladi. Shu tariqa, bu qiz bilan psixologlar alohida shug‘ullanadi va shunga qarab unga boshqa sovg‘a beriladigan bo‘ldi.
Shundan so‘ng, targ‘ibotchilar 4 yashar imkoniyati cheklangan bolaning holidan xabar olishdi. Psixolog va shifokorlar bola bilan suhbatlashib, uning kasalini aniqlashganidan so‘ng, O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqiga ushbu bolani Isroil davlatida davolanib kelishi uchun pul ajratishni yoki O‘zbekistonga tashrif buyurgan xorijlik shifokorlarning bolani davolashiga yordam berishini taklif sifatida kiritadigan bo‘lishdi.
Targ‘ibotchilar guruhi yana bir xonadonga tashrif buyurishdi. Ushbu uyda yashovchi ayol imkoniyati cheklangan qizi borligini, o‘g‘li esa bu yil kollejni bitirganini, biroq u ishga joylasha olmayotganligi ta'kidladi. Mazkur masala tuman hokimligi tomonidan hal qilib beriladigan bo‘ldi.